Jahon | 18:21 / 22.11.2021
21604
7 daqiqa o‘qiladi

Milliarderlar avval va hozir: Magnatlar o‘z o‘rnini yo‘qotmoqda, aql g‘olib chiqyapti

“Forbs” reytinglaridagi oxirgi 10 yillikdagi o‘zgarishlar inson kapitali qanchalik kuchli qadr topa boshlaganini ko‘rsatadi. Bu esa ko‘pchilik, ayniqsa yoshlarni jiddiy fikrlashga undashi lozim.

Foto: Britta Pedersen / AP

Kimdir Hassan-al Bolkia degan milliarder-hukmdorni eslaydimi? Bruney nomli neftga to‘la mitti davlatning bu sultoni tarix uchun bir lahza bo‘lgan 20 yilgina oldin milliarderlar ro‘yxatida yetakchilardan biri, hashamatli hayot bo‘yicha shubhasiz 1-o‘rinda edi.

O‘sha paytlardagi reytinglarda qazilmalardan ulkan boylik orttirgan rossiyalik oligarx-milliarderlar ham talaygina edi.

“Forbs” reytinglari nafaqat bevosita milliarderlarni, balki bilvosita pul, boylikning bevafoligini ham ko‘rsatib beradi. Yana bir qiziqarli fakt bor – milliarderlik ramzi bo‘lgan Uorren Baffet 90 yilda topgan boyligini Ilon Mask 9 oyda topgan!

Keling, uzoq tarixga emas, 10 yil orqaga qaytamiz va kuchli o‘nlik yetakchilarining boyligi hamda yo‘nalishi bilan qiziqamiz:

1.    Karlos Slim Elu (Grupo Carso, telekommunikatsiya) – 74,0 mlrd dollar

2.    Bill Geyts (Microsoft) – 56,0 mlrd

3.    Uorren Baffet (Berkshire Hathaway) – 50,0 mlrd

4.    Bernar Arno (LVMH) – 41,0 mlrd

5.    Larri Ellison (Oracle) – 39,5 mlrd

6.    Lakshmi Mittal (metallurgiya) – 31,1 mlrd

7.    Amansio Ortega (to‘qimachilik) – 31,0 mlrd

8.    Eyke Batista (tog‘-kon) – 30,0 mlrd

9.    Mukesh Ambani (meros kapitali) – 27,0 mlrd

10. Kristina Uolton (Walmart do‘konlari) – 26,5 mlrd

Bill Geyts va Uorren Baffet / Foto: Getty Images

Mana shu yillarda o‘ziga xos tarixiy holat kuzatilgan – bu reytingning ko‘p yillik va amalda yengilmas yetakchisi hisoblangan Bill Geyts ikkinchi o‘ringa tushadi hamda uning o‘rnini investor Karlos Slim egallaydi. Hali dunyo Mark Tsukerberg, Jyef Bezos, Sergey Brin yoki Larri Peyjni bu ro‘yxat yetakchisi sifatida bilmasdi. Ilon Mask degan inson haqida ko‘pchilikda tasavvur ham yo‘q edi.

Ma'lumot uchun: Ayni paytda yetakchilikni boy berib, “kambag‘alligi”dan kuchli uchlikda ham jon saqlab qololmagan Bill Geyts rekord muddat – 18 yil (1996-2007, 2009-2016 yillar) milliarderlar ro‘yxatini boshqargan. Shunday davrlar bo‘lganki, “amalda Bill Geytsdan o‘zish mumkin emas va dastlabki trillion dollar ham unda bo‘ladi”, degan fikrlar shakllangan.

O‘n yil oldingi ro‘yxatga e'tibor berilsa, yuksak texnologiyalar orqali yetakchilarga aylangan faqat ikki milliarderni ko‘rish mumkin – Bill Geyts va Larri Ellison. Kuchli o‘nlikdagi qolgan sakkiz vakil asosan savdo, tabiiy boyliklar va meros tufayli boyiganlardir.

Bugungi manzara esa butunlay o‘zgacha. “Forbs” reyting tuza boshlagan dastlabki yillar-ku mayli, mana shu 10 yillikning o‘zi ham inson kapitali naqadar kuchli qadr topa boshlaganini anglatadi va ko‘pchilik, ayniqsa yoshlar uchun jiddiy fikrlashga undaydi.

Demak, milliarderlarning shu kunlardagi o‘nligi quyidagicha (shaxslar va raqamlarning shiddat bilan o‘zgarishiga e'tibor bering):

1.    Ilon Mask (Tesla, SpaceX) – 296.2 mlrd dollar

2.    Jyeff Bezos (Amazon) – 210.7 mlrd

3.    Bernar Arno (LVMH) – 200.6 mlrd

4.    Bill Geyts (Microsoft) – 139.0 mlrd

5.    Larri Ellison (Oracle) – 128.2 mlrd

6.    Larri Peyj (Google) – 127.2 mlrd

7.    Mark Tsukerberg (Facebook) – 123.5 mlrd

8.    Sergey Brin (Google) – 122.5 mlrd

9.    Stiv Ballmer (Microsoft) – 107.7 mlrd

10. Uorren Baffet (Berkshire Hathaway) – 102.1 mlrd

Ko‘rinadiki, o‘nlikdagi ikki oqsoqol – hashamat buyumlari qiroli Bernar Arno va investitsiyalar bo‘yicha “qadimgi bo‘ri” bo‘lgan Uorren Baffetdan boshqa barcha o‘z boyligini shaxsan o‘zi, aqli bilan va qisqa muddat ichida topa olgan.

Shuningdek, zamonaviy uchlikka kirish uchun kamida 200 mlrd, o‘nlikka kirish uchun esa kamida 100 mlrd dollar zarur. Bill Geytsning esa nafaqat yetakchi bo‘lishi, balki kuchli uchlikka kirishi ham endi dargumon.

2011 yilda ro‘yxatni sharaf bilan boshqargan Karlos Slim Elu bugun 16-o‘rinda. Ruslarning dastlabki vakili – Aleksey Mordashov esa faqat 45-o‘rindagina qayd etilgan.

Mark Tsukerberg Facebook kompaniyasi nomi Meta deb o‘zgartirilganini e'lon qilmoqda (skrinshot)

2007 yilda, 23 yoshidayoq eng yosh milliarder maqomini olgan, 2020 yilda esa 100 mlrd dollarlik marrani zabt etib, kuchli beshlikka kira olgan va bugungi kunda ham o‘nlikdagi o‘rnini mustahkam saqlab kelayotgan Mark Tsukerberg fenomeni esa alohida e'tiborga molik.

Ilon Mask / Foto: Patrick T. Fallon/Bloomberg

Lekin bu qiziqarli faktlarning hech biri Ilon Maskning har qanday reytinglarni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaganichalik qiziqarli emas.

2018 yilda hatto kuchli o‘nlikda ham bo‘lmagan Tesla asoschisi shiddat bilan yuqorilay boshladi va 2020 yilning oxiriga keliboq yetakchilar safiga qo‘shildi. 2021 yilning boshida, 7 yanvar kuni uning boyligi 185 mlrd dollarga yetdi va reytingni boshqarib kelayotgan Jyeff Bezosni taxtdan ag‘darib, yetakchilikni egalladi.

Bunga asosiy sabab sifatida Tesla aksiyalarining qiymati bir yil ichida ming foizdan ham ortiqroqqa ko‘tarilib ketishi bo‘lgandi. Ammo bu ham hammasi emasdi, 2021 yilning 1 noyabr kuniga kelib Ilon Mask boyligi 300 mlrd dollardan ortgan ilk insonga aylandi.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid