Jamiyat | 16:49 / 22.11.2021
9634
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l belgilarini o‘rnatayotgan mas'ullar ommaning haqqini cheklayotganini bilishi kerak

Yo‘llarga taqiqlovchi belgilar qo‘yishda asosli yondashuv kerak, chunki yo‘l ommaniki va unga asossiz cheklov qo‘yish – ommaning haqqini noo‘rin cheklashdir. Bu haqda yo‘l harakati fiqhi bo‘yicha izlanishlar olib borgan imom Hasanxon Yahyo Abdulmajid Kun.uz'ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Kun.uz Islom dinida yo‘l haqlari, yo‘l qoidalariga amal qilishning hukmi borasida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan suhbat tashkil etdi.

“Yo‘l ommaniki. Ommaning mulki bo‘lgani uchun, aslida hech qanday cheklov mumkin emas. Bu birinchi qoida va asl deb olinadigan holat. Lekin ma'lum zararlarni qaytarish maqsadida cheklovlar qo‘yish mumkin. Yo‘l belgilarini o‘rnatadigan mas'ul kishilar mana shu tarafdan yondashishlari kerak. Ya'ni o‘rganmasdan turib, kel shu ko‘chada tezlikni 50 km/soatgacha cheklab qo‘yaylik demaslik kerak. Tezlikni kamaytirish uchun asos bo‘lishi kerak, bu kabi belgilarni qo‘yayotganlar ommaning haqqini cheklash uchun oqlovi, asosi bo‘lishi kerak. Masalan, bu yerda bolalar bog‘chasi yoki piyodalar o‘tish yo‘lagi bor, degandek. Bu yo‘l belgilarini o‘rnatayotgan mutasaddilarga katta mas'uliyat yuklaydi.

Ba'zi joylarda yo‘l belgilarini noto‘g‘ri qo‘yish holatlari oqibatida yo‘l qatnashchilarining harakatlari behuda cheklanadi. Masalan, kimdir avtomobillar uchun vaqtinchalik turar joy qurdi, endi uni [stoyankasini] to‘ldirish uchun atrofga “To‘xtash taqiqlanadi” belgisini qo‘ydirdi. Yaqin atrofda odamlarga xalaqit qilmaydigan darajada, yo‘l chetida avtomobillar to‘xtashiga imkoniyat bor. Lekin bu avtomobil turar joyini qurdirgan odam, o‘z biznesini yuritish uchun o‘sha joylarga “To‘xtash taqiqlanadi” belgilarini qo‘yish mumkin bo‘lmaydi. Chunki bu insonlar haqqini poymol qilish bo‘ladi”, – deydi Hasanxon Yahyo Abdulmajid.

Suhbat davomida yo‘l qoidalari amal qilish bo‘yicha shariat hukmlari, YTH ishtirokchilari, guvohlar va mas'ullarning holati, qoidabuzarlarni rasmga olib, yuborish hamda ayollar avtomobil haydashiga doir ko‘plab qiziqarli mavzular yoritib berilgan.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertizasidan o‘tkazilgan.

Mavzuga oid