O‘zbekiston | 07:47 / 23.11.2021
4975
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tabiiy ofatlar har yili o‘rtacha 3 mlrd dollarga yaqin zarar yetkazishi ma'lum qilindi

O‘zbekistonda tabiiy ofatlar har yili o‘rtacha 1,4 mln kishiga ta'sir o‘tkazib, 3 mlrd dollarga yaqin zarar yetkazishi ma'lum qilindi. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Jahon banki va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi bilan birgalikda o‘tkazilgan «Tabiiy ofatlarga javob choralarini kuchaytirish orqali iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish» mavzusidagi davra suhbatida aytildi.

Foto: Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda har yili tabiiy ofatlar o‘rtacha 1,4 million kishiga ta'sir o‘tkazgan holda, 3 milliard dollarga yaqin zarar yetkazadi. Prognozlarga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi tabiiy ofatlar, ayniqsa qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va ko‘chkilar xavfini oshiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yirik suv toshqini mamlakat YaIMning taxminan 5 foiziga zarar yetkazishi mumkin va kuchli qurg‘oqchilik ham xuddi shunday jiddiy iqtisodiy ta'sirga ega bo‘ladi.

Davra suhbati ishtirokchilari xavflar ta'sirini kamaytirish, jismoniy ta'sirlarni yumshatish hamda odamlar va davlat moliyasini tabiiy ofatlarning eng yomon ta'siridan himoya qilish uchun davlat investitsiyalari va institutsional islohotlarning kompleks dasturi orqali tabiiy ofatlar hamda iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish imkoniyatlari va istiqbollarini o‘rgandi.

«Umuman olganda, tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish xavf-xatarlarga duchor bo‘lishni kamaytirish, jismoniy ta'sirlarni yumshatish hamda odamlar va davlat moliyasini tabiiy ofatlarning eng yomon ta'siridan himoya qilish uchun kompleks investitsiyalar dasturi va institutsional islohotlarni talab qiladi», dedi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Yashil texnologiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Qoriyev.

«O‘zgidromet»ning loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish bo‘limi boshlig‘i Natalya Agalsevaning bildirishicha, iqlim ssenariylarini va kelajakdagi o‘zgarishlarning iqlim prognozlarini tuzadigan modellarining prognozlari u mamlakatda qanday rivojlanishi hamda iqlim o‘zgarishini yumshatish uchun bajarilgan ishlarga bog‘langan holda kelgusi asrda vaziyatga qarab harorat yana 1,5 va 3 darajaga ko‘tarilishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid