Jamiyat | 12:53 / 23.11.2021
2110
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda vagondan ko‘mir o‘g‘irlaganlar ushlandi

Samarqand viloyati Narpay tumanida qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan poyezdni o‘tkazish uchun to‘xtagan poyezd vagonidan ko‘mir o‘g‘irlagan shaxslar ushlangan. Bu haqda IIV Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta'minlash departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 11 noyabr kuni Samarqand viloyat IIB Transportda xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasiga kelib tushgan ma'lumotga ko‘ra, “Zirabuloq-Ziyovuddin” temir yo‘l bekatlari oralig‘ida yuk poyezdi to‘xtaganda fuqarolar ko‘mir o‘g‘irlagan.

Holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida, joriy yil 10 noyabr kuni soat 21:21da “Zirabuloq-Ziyovuddin” temir yo‘l bekatlari oralig‘ida “Maroqand-Tinchlik” yo‘nalishida harakatlanayotgan vagonlarda orasida ko‘mir mahsulotlari ortilgan yuk poyezdi 3810-kilometrda qarama- qarshi yo‘nalishda kelayotgan yuk poyezdini o‘tkazib yuborish uchun to‘xtagan.

Shu vaqtda, Samarqand viloyati Narpay tuman, Do‘stlik mahallasida yashovchi fuqarolar 1980 yilda tug‘ilgan E.M. va 1982 yilda tug‘ilgan M.Z. yarim ochiq vagondan 755 kg ko‘mir mahsulotlarini talon-toroj qilgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid