O‘zbekiston | 16:08 / 24.11.2021
7241
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda o‘qituvchilarni emlanmagani uchun yoppasiga ishdan bo‘shatgan maktab direktori jarimaga tortildi

Foto: Kun.uz

Qiziltepa tumanidagi 12-maktab direktori 20 nafar o‘qituvchini koronavirusga qarshi emlanmagani uchun ishdan chetlashtirish o‘rniga, qonunga zid ravishda ishdan bo‘shatish bo‘yicha buyruq chiqargandi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi holat o‘rganib chiqilgani va maktab direktori Uchqun Ashurovga ma'muriy jarima qo‘llanilganini ma'lum qildi.   

Vazirlik rasmiy munosabatida ta'kidlanishicha, holat yuzasidan Navoiy viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan hamda maqolada ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topgan.

“Maktabi direktori va o‘qituvchilaridan tushuntirish xatlari olindi. Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2021 yil 23 noyabrda maktab direktori nomiga 18/00-01/11-571-sonli yozma ko‘rsatma kiritilib, buyruqlar bekor qilindi. Qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yganligi sababli, maktab direktoriga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismiga asosan ma'muriy jarima qo‘llanildi”, — deyiladi munosabatda.

Maqola yuzasidan Qiziltepa tumani XTB ham rasmiy munosabat bildirib, maktab direktori vazifasini bajaruvchi Uchqun Ashurovni vazifasidan ozod etish bo‘yicha viloyat Xalq ta'limi boshqarmasiga taklif kiritilganini ma'lum qilgandi.

Ma'lumot uchun, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismiga ko‘ra, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid