O‘zbekiston | 17:56 / 25.11.2021
5675
4 daqiqa o‘qiladi

«Ekologiyaga eng ko‘p zahar chiqarayotganlar uning yukini yosh davlatlarga tashlamoqda» - O‘zbekistonning Glazgo sammitidagi ishtirokiga izoh berildi

24 noyabr kuni AOKA majlislar zalida Glazgo shahrida 1-13 noyabr kunlari iqlim o‘zgarishi bo‘yicha o‘tgan sammit (COP26) yakunlari va unda O‘zbekistonning ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil qilindi.

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, matbuot anjumanida gapirganlar hozirda eng yirik iqtisodga ega 20 ta davlat ekologiyaga yetkazayotgan zarari yukini endigina rivojlanayotgan davlatlar zimmasiga tashlashga intilayotganini ta'kidlagan.

«Hozir dunyo ekologiyasiga har yili chiqarilayotgan gazlarning eng ko‘p qismi aynan rivojlangan davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu borada Xitoy xalq respublikasi ekologiyaga eng katta salbiy ta'sirni ko‘rsatmoqda. Jumladan, u har yili ekologiyaga 9 mlrd 826 mln tonna zaxarli issiqxona gazlarini (SO2) chiqaradi. Bu – jami ko‘rsatkichning 29 foizini tashkil qiladi. Shu ko‘rsatkichlar bo‘yicha keyingi o‘rinda AQSh – 5 mlrd tonna (14,5 foiz), Yevropa Ittifoqi davlatlari – 3 mlrd tonna (9,7 foiz), Xindiston – 2,5 mlrd tonna (7,3 foiz), Rossiya – 1,5 mlrd tonna (4,5 foiz) va Yaponiya – 1,1 mlrd tonna (3,3 foiz) turadi.

Foto: AOKA

Ular dunyoning iqdisodiyot jihatidan eng kuchli 20 ta davlati. Shunday bo‘lsa-da, biz ham Glazgodagi sammitda shunchaki qatnashmadik – o‘z fikrlarimizni aytdik. Umuman, nafaqat biz, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham «Katta yigirmatalik»ni yuqoridagi ko‘rsatkichlarni kamaytirishga chaqirdi.

Shuningdek, ushbu davlatlar yosh va endigina rivojlanayotgan davlatlarga mablag‘ va texnika borasida yordam ko‘rsatsagina, bu boradagi muammolarga qandaydir ta'sir ko‘rsatish mumkin», — dedi Gidrometeorologiya xizmati markazi direktori o‘rinbosari Ibratjon Karimov.

V_OCVk0FbbluzU59YdtLJZuw_gfVXq9L.jpg (1280×853)
Foto: AOKA

Uning qo‘shimcha qilishicha, ekologiyaga chiqayotgan gazning eng ko‘p ulushi yoqilayotgan ko‘mir hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu borada ko‘mirdan olinayotgan samaradorlik shamol va quyoshdan olinayotgan energiya samaradorligidan ko‘ra yuqoriroqdir.

«Shu bois katta iqdisodiyotli davlatlar ko‘mirdan voz kechishni xohlamayapti.

Umuman, Glazgo sammiti yakunida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan bir jumla ishlatildi: «Eng yomon natijalar ichida eng yaxshisi tanlandi», – dedi Karimov.

Sammit borasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Umuman, Glazgo sammitidan ko‘zlangan maqsad ko‘mirdan fodalanishni butunlay to‘xtatish edi. Lekin bunga erishilmadi. Uning o‘rniga ko‘mirdan foydalanishni bosqichma-bosqich kamaytirish masalasida to‘xtaldi. Shuningdek, yashillikka o‘tishda hamma birdek harakat qilishiga kelishib olindi. Bu borada rostdan ham, eng yirik davlatlar boshini tortib tursa-da, boshqalar harakat qilaversa, natijadorlik yuqori bo‘lmaydi.

Shuningdek, biz davlatlar iqtisodiyotining asosiy kuchi bo‘lgan – kichik va o‘rta biznesni ham yashil texnologiyalarga bosqichma-bosqich adaptatsiya qila borishimiz kerak.

Afsuski, dunyoda iqtisodiy eng kuchli davlatlar – «Katta yigirmatalik» va ekologiyaga eng ko‘p zarar keltirayotgan ham ulardir», – dedi Kazbekov.

Mavzuga oid