Jahon | 23:19 / 26.11.2021
6728
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Xitoy korxonalarida WeChat'dagi ishchi guruhlarni o‘chirish so‘ralmoqda

Foto: AP

Xitoyning yirik korxonalari ishchilaridan WeChat messenjeridagi ishchi guruhlarini o‘chirishni so‘ragan. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib Wall Street Journal yozmoqda.

Manbada aytilishicha, China Mobile, China Construction Bank, China National Petroleum kabi yirik korxonalar ishchilaridan WeChat'dagi guruhlarni va messenjerda saqlangan ma'lumotlarni o‘chirishni so‘ragan.

Korxonalarda nega ishchilardan bu narsa so‘ralgani aytilmagan, ammo Xitoy hukumati internet gigantlar ustidan nazoratni kuchaytirgani asosiy sabab bo‘lishi mumkin.

Xitoyda ko‘plab davlat va nodavlat kompaniyalar o‘zaro aloqani ta'minlashda WeChat (xitoychasi Weixin) messenjeridan foydalanadi. Xitoyning Tencent kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ilova orqali nafaqat chat va bloglar tashkil etish, balki taksi chaqirish, ovqat buyurtma qilish, kommunal to‘lovlarni amalga oshirish ham mumkin. Pandemiya vaqtida masofadan ishlashga o‘tganlarning aksari aynan shu ilovadan foydalangan.

Oldinroq Xitoy hukumati Tencent kompaniyasidan ilovaning har bir yangilangan versiyasini e'lon qilishdan avval hukumatdagi maxsus idoralar bilan maslahatlashishi kerakligini talab qilgan. Kompaniya davlat nazoratchisi bilan ishlashga tayyorligini aytib, qandaydir ishonchsizlik ko‘rinayotgan bo‘lsa, o‘zining WeCom messenjeridan foydalanishni taklif qilgan.

2021 yil avgust oyida Xitoy hukumati WeChat va yana 42 ta internet servisni foydalanuvchilarning ma'lumotlarini noqonuniy tarqatishda ayblagan edi.

Mavzuga oid