Jahon | 19:22 / 27.11.2021
13003
4 daqiqa o‘qiladi

Aliyev va Pashinyan Sochida chegara delimitatsiyasi uchun komissiya tuzishga kelishdi. Putin ularga zaytun novdasi sovg‘a qildi

Foto: Getty Images

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiyaning Sochi shahrida uchrashuv o‘tkazdi. Rossiya tashabbusi bilan o‘tkazilgan o‘ziga xos sammitda Armaniston va Ozarboyjon chegara delimitatsiyasi borasida ikki tomonlama komissiya tuzishga kelishib oldi. Ular Qorabog‘dagi holat yana keskinlashganidan 10 kun o‘tib ko‘rishdi.

Rossiyadagi uchrashuv Armaniston va Ozarboyjon Qorabog‘dagi voqealardan keyin ilk marta ikki tomonlama muzokara o‘tkazgani bilan yodda qoldi. Bungacha tomonlar doim uch tomonlama muzokara o‘tkazgandi. Chegaradagi mojaroli holatlarni hal qilish bo‘yicha komissiya tuzish bo‘yicha Armaniston va Ozarboyjon o‘zaro kelishgan bo‘lsa-da, uchrashuvlar yakuniga ko‘ra imzolangan qo‘shma bayonotda Moskvaning roli katta bo‘lgani ta'kidlandi. Tabiiyki unda Putinning ham imzosini ko‘rish mumkin.

Qo‘shma bayonotda Armaniston va Ozarboyjon chegara delimitatsiyasi bo‘yicha Rossiya bilan maslahatlashgan holda ishlashi keltirilgan. Unda aytilishicha, Rossiyaning orada bo‘lishini tomonlarning o‘zi istagan. Rossiya esa qo‘shma bayonotga ko‘ra Qorabog‘dagi holatni normallashtirish «majburiyatini olgan».

Siyosiy tahlilchi Olesya Vartanyan o‘zining tvitterdagi sahifasida Boku va Yerevan chegara masalasidagi muammolarni hal qilish uchun kutilganidek Rossiya vositachiligida emas, aynan ikki tomonlama kelishuvga erishgani juda muhim ekanini ta'kidladi.

Aliyev va Pashinyan Qorabog‘da yana keskinlik yuzaga kelganidan 10 kun o‘tib uchrashishdi. 16 noyabr kuni chegarada yana otishmalar kuzatildi. Tomonlar doimgidek aybni bir-biriga ag‘dardi. To‘qnashuvlar Moskva aralashuvidan keyin to‘xtadi. Ayni damda rossiyalik harbiylar vaziyat keskinlashib ketishining oldini olish uchun Qorabog‘da bo‘lib turishibdi.

Sochidagi uchrashuvdan avval Boku Yerevanga ikki harbiy asirni qaytargan edi. Ulardan biri oxirgi to‘qnashuvlar vaqtida asir tushgan.

Sochidagi uchrashuvlarda qiziq holat kuzatildi. Putin avvaliga Aliyev bilan yakkama-yakka gaplashdi. Keyinroq ularning davrasiga Pashinyan qo‘shildi. Uchrashuv tugagach esa Putin Armaniston bosh vaziri bilan ham yakkama-yakka gaplashdi. Tomonlar qo‘shma bayonot imzolagach, mezbon Putin mehmonlar Aliyev va Pashinyanga bittadan zaytun novdasi sovg‘a qildi. Bu tinchlik ramzi sifatida qaraladi.

Foto: KREMLIN.RU

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan chegara masalasida komissiya tuzish mavzusi yangilik emasligi, bu borada avval ham uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilganini eslatdi. Uning fikricha, chegarani demarkatsiya qilishdan avval bunga imkon berishi uchun Qorabog‘da stabil vaziyat yuzaga kelishi kerak. Shuningdek, Pashinyan Ozarboyjon harbiy asirlarni ushlab turishda davom etayotganini aytdi.

Ilhom Aliyev esa ancha pozitiv fikrlar bildirdi: «Ko‘p marta aytganman, biz Armaniston bilan uzoq yillik ziddiyatlarga chek qo‘yib, normal munosabatlar shakllantirishni xohlaymiz. Hozirgi formatda ko‘zlagan maqsadimizga erishishimiz mumkin». Ozarboyjon yetakchisi Armaniston bilan munosabatlar keskinliklarsiz bo‘lishi kerakligini aytdi.

Keyingi uchrashuv Bryusselda

Armaniston va Ozarboyjon yetakchilari yil yakuniga qadar yana bir marta ko‘rishadi. Bryusselda ikki tomon Yevropa Ittifoqi tashkil etadigan uchrashuvda gaplashib oladi. Euroasient nashri tahlilchisi Joshua Kucherning aytishicha, Aliyev va Pashinyan Belgiyada ko‘rishishi Sochidagi uchrashuvdan avval aniq bo‘lgan. Uning fikricha, Rossiya jarayon o‘z nazoratida ekanini eslatib qo‘yish uchun Sochidagi uchrashuvni tashkil etgan. Shu sabab uchrashuv haqida u o‘tkazilishidan atigi 4 kun avval e'lon qilingan.

Mavzuga oid