Jahon | 20:39 / 30.11.2021
4947
2 daqiqa o‘qiladi

Dutertening vorisi Filippin prezidenti saylovlarida ishtirok etmaslikka qaror qildi

Filippin prezidenti Rodrigo Dutertening vorisi deb hisoblangan senator Kristofer Bong Go 2022 yilgi prezident saylovlaridan o‘z nomzodini olishini e'lon qildi.  

Rodrigo Duterte va Kristofer Bong Go / Foto: Reuters

Reuters axborot agentligida ta'kidlanishicha, Go saylovoldi poygasini tark etgandan keyin Duterte prezident lavozimiga nomzod sifatida kimni qo‘llab-quvvatlashi mavhum bo‘lib qoldi. Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra amaldagi prezident ushbu lavozimni boshqa egallay olmaydi.

“Prezident Duterte va men xalqimizga astoydil xizmat qiladigan va Dutertening farzandlarimiz farovon va xavfsiz yashashi yo‘lida qilgan ishlarini himoya qiladigan va davom ettiradigan nomzodni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, deb aytgan Go o‘z nutqida.

Siyosatchining ta'kidlashicha, u o‘z “otasi”dek bo‘lib qolgan Dutertega “ko‘proq muammolar tug‘dirmaslik” uchun saylovlardan nomzodini olishga qaror qilgan.

“Men unga sodiq bo‘lib qolaman va har doim u bilan birga bo‘lishga va'da beraman”, deb qo‘shimcha qilgan Go.

Filippinda umumiy saylovlar 2022 yil 9 mayga belgilangan.

Avvalroq Duterte 2022 yilda prezidentlik muddati yakunlangandan keyin siyosatdan ketishini e'lon qilgandi. U prezident lavozimini 2016 yildan beri egallab keladi. 

Duterte jinoyatchilikka, jumladan og‘ufurushlikka qarshi ayovsiz kurashi bilan esda qoladi. 2016 yildan 2019 yilgacha bu kurash davomida mamlakatda minglab odamlar qatl etilgan. U, shuningdek, politsiyaga karantinga rioya qilmaydiganlarni otishni, emlanmaganlarni panjara ortiga jo‘natishni buyurgan.

Mavzuga oid