Jamiyat | 17:05 / 30.11.2021
57899
5 daqiqa o‘qiladi

Super-kontraktga kirgan qizning kontraktini to‘lab bergan rektor tanqidga uchradi

Qarshi davlat universiteti rektori super-kontraktga kirgan qizning 57 million so‘mga teng kontrakt pulini to‘lab bergani ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmoqda. Rektorning bu «yaxshiligi»ni hamma ham xursandchilik bilan qabul qilmadi.

Foto: Kun.uz

Dastlab «Xalq so‘zi» gazetasi chiroqchilik qizning «super kontraktga ilingani» haqida xabar berdi.

«Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani O‘rta qishlog‘ida yashovchi Iroda Qarshiboyeva Qarshi davlat universitetining kimyo-biologiya fakultetiga hujjat topshirib, «super kontrakt»ga ilindi.

Astoydil oliy ta'lim olishni istagan bu qizning qo‘liga 57 mln 713 ming 490 so‘mlik shartnomani tutqazishganida ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi: «Buncha pulni qayerdan topaman? Oilamning imkoni yetmasa...» degan fikr xayolidan sira ketmas, keyingi yil yana bir bor omadini sinab ko‘rish haqida ham o‘ylar, lekin oliygohda o‘qish istagi hammasidan ustunlik qilardi.

Bir ilinj — bu universitet rektori Dilmurod Nabiyevga uchrashish, juda o‘qigisi kelayotganini aytish edi. Ammo rektor uni qabul qiladimi? «Talab shu, pulini to‘lasangiz, o‘qiysiz», desa nima deydi? U shunday o‘y-xayollar bilan rektorga uchrashdi.

«Qizim, orzum ushaldi, deyavering...» Iroda rektorning samimiyat bilan aytgan bu gapini tushida yoki o‘ngida eshitganini farqlay olmay qoldi. Ko‘zlaridan beixtiyor yosh oqdi. Rektorga qanday minnatdorlik bildirishni bilmasdi. Faqat u «Nahotki men talaba bo‘ldim? Bu xabarni tezroq onamga yetkazishim kerak», der edi», — deyiladi maqolada.

Qarshi davlat universiteti matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, Iroda Qarshiboyeva shu yil 23 noyabr kuni universitetning kimyo-biologiya fakulteti 1-bosqichida o‘qishni boshladi. «Super-kontrakt» summasi OTM budjetdan tashqari mablag‘i hisobidan to‘lab beriladigan bo‘lgan.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Twitter’dagi sahifasida ushbu voqea yuzasidan fikrlarini bildirdi.

«Albatta, metsenatlikning har qanaqasi yaxshi. Buni muhokama qilish ham g‘alati. Ammo o‘qishga kira olmagan talabaga 57 mln so‘m bergandan, o‘qishga kirgan 10 talabaga yordam berish yaxshiroq, menimcha. Yana ham kim bilsin? Budjet taqsimoti ham taxminan shunaqa bo‘ladi bizda», — deb yozdi u.

Telegram kanallarining birida esa «Xalq so‘zi»dagilarga kimdir eslatib yuborsin, «super kontrakt» bo‘lib o‘qishga kirilmaydi yoki ilinilmaydi. «Super kontrakt»da soqqasini to‘lab o‘qiladi», degan ma'noda post joylandi.

Voqea atrofidagi fikrlar estafetasini bloger Shahnoza Soatova davom ettirdi

U bitta super-kontrakt puliga besh talabaning kontraktini to‘lash mumkinligiga urg‘u beradi.

«Xalq so‘zi» saytida ma'lum qilinishicha, qiz QarDUning kimyo-biologiya fakultetiga hujjat topshirib, «super kontrakt»ga ilingan («super-kontrakt»ga ilinmaslik mumkinmi o‘zi?) Rektor bilan uchrashibdi: ahvolini tushuntirgan bo‘lsa kerak, rektor shartnoma pulini universitet jamg‘armasi hisobidan to‘lab beradigan bo‘lgan.

Bitta «super-kontrakt» puliga kamida 5 nafar talabaning yillik kontrakt pulini to‘lash mumkin edi. Shartnoma pulini to‘lolmay o‘qishni tashlab ketayotganlar yoki o‘qishga bormay, darsda o‘tirmay, ishlab yurganlar qancha ekan? Bu qiz keyingi yil puxtaroq tayyorlanib kelgani, o‘rniga bir necha talabaga shartnoma puli to‘lab berilgani yaxshiroq emasmidi?» — deb yozadi bloger.

U rektorning vakolati va jurnalistning maqolasi borasida ham bir necha savollarni o‘rtaga tashlagan.

«Universitet pulini rektor shaxsan tasarruf qiladimi, bitta suhbat davomida? Kengash-komissiya degan narsalar yo‘qmi?

Xabarni tayyorlagan jurnalistga ham qoyilmasmanki, tahlil yo‘q, ma'lumot chala: balki qiz ijtimoiy qiyin ahvoldadir, balki u yashayotgan hududga aynan shu qiz kabi mutaxassislar yetishmas, balki bir yo yarim ball yetmay qolgandir, bular to‘g‘risida ma'lumot yo‘q.

Xullas, maqsadli va oqilona mablag‘ sarflashga o‘rganmadik-o‘rganmadik-da», — deya ta'kidlagan bloger.

Ma'lumot uchun, Dilmurod Nabiyev 2018 yilning iyulidan Jismoniy tarbiya va sport vaziri lavozimida ishlagan, 2021 yil fevralida Qarshi davlat universiteti rektori etib tayinlangandi. 

Mavzuga oid