O‘zbekiston | 13:53 / 01.12.2021
130133
9 daqiqa o‘qiladi

Qonli 90-yillar: Mafiya va ko‘cha qonunlari amal qilgan O‘zbekiston

Qimorda yutqazilgan 200 nafar qiz, “Dendropark”dagi to‘dalar jangi, bir dona limonga almashilgan mashina... Uyushgan jinoyatchilik avj olgan yaqin o‘tmish haqida nimalarni bilamiz?

Tohir Malikning “Shaytanat” asari bejiz yaralmagan. Yaqin tariximizning shunday yillari borki, jinoyatchilik keskin oshib ketgan, ko‘chalarda bemalol yurib bo‘lmagan, qurollangan to‘dalar o‘rtasidagi urushlar shaharlar markazlarida ochiqdan ochiq bo‘lib turgan. Gap qonli to‘qsoninchi yillar haqida.

Foto: Kun.uz

“Mafiya” atamasining vatani Italiyaning Sitsiliya oroli hisoblanadi. Umuman, mafiya u yoki bu shaklda doim bo‘lgan va katta ehtimol bilan doim bo‘ladi. AQShda mafiyaning gullab yashnashi o‘tgan asrning 30–70-yillari oralig‘iga to‘g‘ri kelgan va o‘shanda Don Maransano, Al Kapone singari bosslar nafaqat jinoyat olami, balki butun siyosat, iqtisodiyotga o‘z ta'sirlarini o‘tkazgan.

Yaponiyaning “Yakudza”si, Xitoyning “Triada”si, Rossiyaning rus mafiyasi o‘z hududidan chiqib, dunyoning turli nuqtalarini titratgan.

O‘zbekistonga qaytamiz. Mamlakatimiz hududidagi kriminogen vaziyatning izdan chiqishi ko‘p jihatdan ittifoqning so‘nggi o‘n yilliklaridagi depressiv holat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar sustligi va davlatda korrupsiya keskin kuchayib ketgani bilan bog‘liq.

Bu jarayonning og‘ir asorati, ya'ni sobiq ittifoq hududida mafiyaning gullab yashnashi har xil davlatlarda deyarli bir xil paytda boshlangan bo‘lsa-da, turli davrlarda yakuniga yetdi. O‘zbekistonda to‘dalarning faol harakatiga 1993-94 yillardan boshlab chek qo‘yila boshlangan bo‘lsa, Rossiyada bu jarayon 2000 yillarga qadar ham davom etdi.

 

Foto: TNT

Buni bir fakt bilan asoslash mumkin – 1995 yilning 1 martida juda taniqli va boy teleboshlovchi, ORT telekanali direktori Vlad Listev otib ketildi. Voqea yuzasidan shaxsan bayonot bergan Rossiya prezidenti Boris Yelsin: “Mafiyani jilovlashimiz shart. Yaqinda O‘zbekistonda bir jinoiy to‘da hech qanday sud va surishtiruvlarsiz yo‘q qilingan. Biz ham shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lamiz”, degan mazmunda gapirdi. Yelsinning bu bayonoti ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, O‘zbekistondagi qaysi to‘da nazarda tutilgani, kimlar otib tashlanganiga oid birorta ma'lumot oshkor qilinmagandi. Shu bilan birga, Vladislav Listevning qotilligi ham ochilmay qolib ketdi.

Lekin chindan ham bu paytda O‘zbekistonda jinoiy guruhlarga qarshi o‘ta qattiq kurash ketayotgandi. Buning jiddiy sabablari bor edi. Jinoiy guruhlar shu qadar boshvoqsiz bo‘lib ketganiga bir misol keltirish mumkin: poytaxtdagi Dendroparkda ikki to‘da miltiqlar, pichoqlar va boshqa qo‘lbola qurollar bilan ochiqdan-ochiq jang qilishgan. Ko‘pchilik vafot etgan, yaralangan. Hatto IIV muzeyida o‘sha to‘qnashuvda ishlatilgan qurollardan iborat maxsus burchak ham tashkil etilgan.

Foto: IIV muzeyi

O‘sha yillari jinoiy to‘dalardan tashqari aholi qo‘lida ham rekord miqdorda qurol-yarog‘ bor edi. Vaziyat shu darajada murakkablashgandiki, ahyon-ahyonda ikki qishloq o‘rtasidagi chapanicha mushtlashuvlar ham otishmalarga aylanib ketar, bu otishmalar esa turgan gapki ishtirokchilarning jiddiy jarohatlanishi va o‘limi bilan tugardi. O‘smirlar uchun ulg‘ayib mafiya sardoriga aylanish haqiqiy orzuga aylanib qolgandi. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida juda ko‘p miltiqlar yig‘ib olindi, yashirganlar, bo‘yin tovlaganlar ayovsiz jazolandi.

O‘zbekistonda to‘dalar jinoiy pul topishning barcha usullarini qo‘llab ko‘rishgan. Ayniqsa avtomobil o‘g‘riligi juda urchib ketgandi. Shunday davr bo‘lganki, besh daqiqa qarovsiz qoldirilgan mashinalar ham o‘g‘irlab ketilgan va aksariyat hollarda egalariga katta pul evaziga qaytarib “sotilgan”. Avtomobillar tanqis va uzoq vaqt kutib xarid qilingan mulk bo‘lgani tufayli ularning qiymati juda baland bo‘lgan.

Mashina bozorlaridagi zo‘ravonliklar haqida hozirgacha ko‘pchilik eslaydi. Bir kishi mashinasini sotmoqchi bo‘lganida, to‘da vakili bo‘lgan “xaridor” undan so‘raydi:

– Qancha so‘rayapsiz?

– Bir limon (million demoqchi).

– Shunga rozimisiz?

– Ha.

– Mana sizga bitta limon (1 dona haqiqiy limon mevasi), bering mashinani.

Mashina egasi ming tavallo qilsa ham foydasi bo‘lmagan, zo‘ravonlar mulkni tortib olib qo‘yishgan.

Yoki yana bir holatda egasi orqa o‘rindiqda xotini o‘tirgan mashinasini sotmoqchi bo‘ladi. Xaridorga qarata shunday deydi:

– So‘raganimni bersangiz, shu turishida berib yuboraman.

– Bo‘ldi, berganim bo‘lsin, lekin shu turishida olaman, – qo‘l tashlaydi xaridor. Egasi xotinini tushirmoqchi bo‘lganida ruxsat berishmaydi. “Razbor”ga kelganlar xaridorni haq deyishadi. Oxiri bechora mulk egasi mashinasini berib xotinini olib ketadi.

Jinoiy to‘dalarning qing‘irliklari faqat shu bilangina cheklanmagan. Bolalarni o‘g‘irlash, bo‘y yetgan qizlarga tajovuz qilish, reyderlik harakatlari har bir shaharda yuz berar, hech kim bunga qarshi biror samarali kurash olib bormasdi. Ko‘chalar o‘g‘ri va kissovurlarga to‘lib ketgan, biror bozor cho‘talchisiz ishlamasdi. Barcha korxonalar, umumiy ovqatlanish muassasalaridan tortib eng mayda hunarmandlargacha hammadan ma'lum ma'noda haq olib turilgan.

Ayniqsa, qimorbozlar o‘rtasida “200 nafar qiz ustidagi katta o‘yin” haqidagi shov-shuvlar ko‘pchilikni junbishga keltirgan. Garchi biror dalil-isbot rasman e'lon qilinmagan, 200 nafar qizni kim yutqazgani-yu, qayerdan o‘g‘irlab kelgani bildirilmagan bo‘lsa-da, aholi o‘rtasida tarqalgan vahima uyushgan jinoyatchilikning naqadar tizginsiz holatga kelganini bildiradi. O‘sha vahimaga ko‘ra, ikki yirik shahar (ayrim taxminlarga ko‘ra Toshkent va Qo‘qon) qimorbozlari o‘rtasida mana shunday o‘yin bo‘ladi va dovga shuncha qiz topib kelish tikiladi. Yutqazganlar aholi o‘rtasida qizlarni poylab yurgani haqidagi mish-mishlar tufayli ota-onalar farzandlarini ko‘chaga chiqarishga qo‘rqib qolishgan yoki ertaroq uzatib yuborishgan.

Mafiya qarz munosabatlarini, qimor o‘yinlarini, valuta ayirboshlash, narkotik yo‘nalishlari va savdosini, umuman xufiya iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlarini nazorat qilgan va bu orqali ulkan mablag‘ oqimiga ega bo‘lgan.

O‘sha paytlarda mafiya ramzlaridan biriga aylangan “Mersedes” avtomobili

 O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki yillarida qator muammolar girdobida qoladi, sanoat ado bo‘lgan, ittifoq davridagi kooperatsiya buzilgan, o‘ta yuqori inflatsiya, oziq-ovqat tanqisligi kabi iqtisodiy muammolar bilan birga mafkuraviy vakuum, diniy radikalizm kabi jiddiy sinovlar paydo bo‘lgandi.

Bunday paytda uyushgan jinoyatchilikka qarshi jiddiy kurashishga imkoniyat yo‘q edi. Qolaversa, kurashadigan kuchlardagi mutasaddilarning o‘zi mafiya bilan u yoki bu tarzda bog‘lanib qolgandi.

Lekin kurash to‘satdan va keskin boshlandi. Jiddiy siyosiy iroda tufayli bir necha yil ichida uyushgan jinoyatchilik ta'siri sezilarli darajada kamaydi. Mafiya yetakchilarining aksariyati yo qamaldi, o‘zaro kurashlarda o‘ldirildi, yoki qochib qutuldi. Omon qolganlari esa legal biznesga o‘tib ketdi va jon saqlab qoldi. Bu boradagi nisbiy barqarorlik davri bir necha yil davom etdi.

So‘nggi yillardagi erkinlikni o‘zicha tushunish tufayli “ko‘cha” tushunchasi yana hayotga kirib kela boshladi. Ayniqsa turli guruhlarga bo‘linib olgan yoshlar o‘rtasida jamoat joylaridagi ommaviy mushtlashuvlar, o‘spirin bolalarda ham turli sovuq qurollar olib yurish avj oldi. Bu masalada eng yuqori doirada e'tiroz bo‘lgani bejiz emas.

IIV tizimida o‘tgan asrning 90-yillardagi uyushgan jinoyatchilikka oid yetarlicha ma'lumotlar saqlanayotgani aniq. Bu voqealarga ham 30 yil bo‘lmoqda. Hozirgi va kelajak avlodning “ko‘zi ochilishi” hamda davrlar tafovutini farqlay olishi uchun ham o‘sha “maxfiy” ma'lumotlarni ommaga oshkor qilishning ayni vaqti.

Abror Zohidov

Mavzuga oid