O‘zbekiston | 12:34 / 06.12.2021
18770
4 daqiqa o‘qiladi

«Biz jinoyatchiga Lacetti’da yetib ololmaymiz» - Sherzodxon Qudratxo‘ja Ichki ishlarga Ferrari’lar olib berish kerakligini aytdi

Xalqaro press-klubning 1 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida boshlovchi Sherzodxon Qudratxo‘ja jamoat xavfsizligini saqlashga mas’ul tuzilmalar uchun BMW, Mercedes va Ferrari kabi avtomobillar xarid qilinishi kerakligi, bu orqali jinoyatchilarga davlatning qudrati ko‘rsatib qo‘yilishini ta’kidlagan.

“Oxirgi [rusumdagi] Malibu’da yurishingiz mumkin, oxirgi [rusumdagi] Porsche’da yurish mumkin. Dubayda [politsiya xodimlari] eng oxirgi [rusumdagi] mashinada yuradi. Chunki jinoyatchiga yetib olish kerak. Biz jinoyatchiga Lacetti’da yetib ololmaymiz.

Jinoyatchilarga yetib olish uchun biz ham kerak bo‘lsa 10ta BMW, 10ta Mercedes va Ferrari – zo‘rlarini olishimiz kerak. Chunki jinoyatchilar bilishi kerak — davlat ulardan kuchli. Kerak bo‘lsa quvlaydi, yetib oladi, topadi, to‘rtta “7”lik nomering bo‘lsa ham o‘zi sen bilan gaplashadi”, degan Sherzod Qudratxo‘ja.

Sessiyada “O‘zbekiston jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni bilan joriy etilishi kutilayotgan yangiliklar muhokama qilingan va unda IIV, Milliy gvardiya rahbariyati, mas’ul departament, boshqarma va tuzilmalar boshliqlari ishtirok etgan.

Sessiya davomida boshlovchi ilgari jamoat xavfsizligini saqlash uchun faqat IIV mas’ul bo‘lgani, bu vazifa monopoliya bo‘lgani, bu esa ko‘p suiiste’molchilikka olib kelganini aytib o‘tgan.

“Bugun shu ishda IIVga raqobatchi Milliy gvardiya. Chunki mana ko‘ryapmiz ular otlarda chiroyli yurishibdi. Mana, bugun ichki ishlar vaziri o‘rinbosari aytdiki, IIV tizimida ham otliq bo‘linmalar tashkil etilayotgan ekan.

Men ko‘p chet elda yuraman. Yaqinda Turkiyada bo‘ldim. Eski binolarining oldida xavfsizlik xodimlari otlarda yurishadi. Otlari chiroyli yasantirilgan, oldilariga gardonlar taqilgan, otning yuzida niqobigacha bor. O‘zbekistonda, Toshkentda ham ko‘rib qolaman ko‘chalarimiz, bulvarlarimizda yigit-qizlar otda yursa, odamlarda ham yurtiga, tarixiga hurmat paydo bo‘ladi. Biz Amir Temur avlodlarimiz, Bobur Mirzo avlodlarimiz. Qonimizda buyuk sarkardalar qoni bor”, deydi u.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev sessiyada jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida IIV hamda Milliy gvardiyaga alohida-alohida vazifalar taqsimlab berilgani, IIV MG bilan raqobatga tayyorligini bildirgan.

“Milliy gvardiya shaxsiy tarkibiga alohida xizmat vazifalari va xizmat joylari belgilab berildi, ya’ni Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari bozorlarda, xiyobonlarda xizmat olib borishadi. Bundan tashqari, Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida ommaviy tadbirlarni tashkillashtirish uchun javob beradi.

Raqobat bo‘lgani yaxshi. Buni sog‘lom raqobat deb hisoblaymiz. Chunki biz doim hamkorlikda, bir-birimizga amaliy yordam ko‘rsatgan holatda xizmatimizni tashkillashtiramiz. Chunki maqsadimiz bir, oldimizga qo‘yilgan vazifa bir, bu – yurtimizda jamoat tartibini va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash. Shuning uchun bu borada raqobatdan qochmaymiz, raqobatga tayyormiz.

“O‘zbekiston jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti tizimida MG, IIV va boshqa xizmatlarga qorabayir zotdor otlarini ta’minlab beradigan naslchilik pitomnigi tashkil etilishi belgilab berilgan. Bundan tashqari, bosqichma-bosqich barcha viloyatlar patrul-post xizmati otryadlarida otliq guruhlar tashkil etilishi ham belgilab berilgan. Buni yaqin kunlarda jadal sur’atlarda amalga oshiramiz va otliq otryadlar faoliyati borasida ham MG bilan hamkorlikda hamda sog‘lom raqobatda ishlarni tashkillashtiramiz”, deya Bekmurod Abdullayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid