Jahon | 21:04 / 08.12.2021
43670
5 daqiqa o‘qiladi

Hitlerning dahshatli quroli: vazni 1350 tonna, o‘qi 7 tonnalik zambarak

Kalibri 80 santimetrli, stvoli 30 metrdan ortiq, to‘la vazni 1350 tonna bo‘lgan zambarak 7 tonnagacha bo‘lgan snaryadlarni 47 km masofaga ota olardi. Superog‘ir artilleriyani jangga tayyorlash uchun 5 hafta vaqt kerak bo‘lgan, buning uchun 4 ming kishi ovora bo‘lgan.

Foto: Wikipedia

Telba fashist o‘z maqsadiga yetish uchun har qanday razillikdan toymasdi. Uning ixtiyoridagi “Shverer Gustav” zambaragi haybati bilanoq hammani dahshatga solardi. Yaxshiki bu qurolni ko‘p miqdorda ishlab chiqarish, istagan joyga olib borish, ommaviy janglarda ishlatishning imkoni yo‘q edi. Yo‘qsa, Hitlerni to‘xtatishning imkoni bo‘lmas, jahon tarixi ham ehtimol o‘zgacha tus olardi.

Adolf Hitlerning katta sahnaga chiqishi va “Shverer Gustav” zambaragining yaratilishi deyarli bir vaqtga to‘g‘ri keladi. 1930 yillardan boshlab Hitler katta siyosatda shitob bilan odimlayotgan bir paytda taxminan shu yillarning oxirlarida qurolsozlikka ixtisoslashgan Krupp oilasi ulkan zambarak loyihasini hayotga tatbiq eta boshlagandilar.

Zambarakning bu qadar haybatli bo‘lishida aniq maqsad ko‘zlangandi. Hitler Germaniyasi o‘sha paytda Fransiyani jiddiy dushman deb bilar, zabt etish uchun barcha kuchlarni safarbar qilgandi. Fransiya Germaniya xavfini avvaldan his qilgan va dushmanni kutish mumkin bo‘lgan chegara hududiga betondan juda qimmat va mustahkam istehkom – Majino chizig‘ini barpo etgandi. Beton devor shu qadar qalin ediki, 7 metrlik qalinlikdagi istehkomni o‘sha paytdagi birorta qurol mahv eta olmasdi. “Shverer Gustav” zambaragi ayni mana shu vazifani bajarish uchun kerak edi.

Shunda Hitlerga mazkur qurol loyihasini taqdim etadilar. Dastlab ishonqiramagan fyurer keyinchalik qiziqish bildiradi va Majino chizig‘ini teshib o‘ta oladigan zambarak loyihasini tasdiqlaydi.

Aniq maqsad bilan yaratilayotgan bu qurol tayyor bo‘lganida shu qadar dahshatli ko‘rinishga keladiki, uning hujumkor ko‘rsatkichlari na o‘sha davrgacha, na bugungi kungacha yangilangan. Kalibri 80 santimetrli, stvoli 30 metrdan ortiq, to‘liq vazni 1350 tonna bo‘lgan zambarak 7 tonnagacha bo‘lgan snaryadlarni 47 kilometr masofaga ota olardi.

Qurolsozlar sulolasidan bo‘lgan Alfrid Krupp 1941 yilda Ryugenvald shahrida Hitlerga shaxsan o‘zi zambarak imkoniyatlarini namoyish etadi. Zambarakning o‘qi 7 metrli beton hamda 1 metrli himoya qoplamasiga ega devorni 37 km masofadan turib teshib o‘tadi. Hitler ikkita zambarakka buyurtma beradi. Krupp sulola an'anasiga ko‘ra dastlabki namuna uchun pul olmaydi, ikkinchi zambarak uchun esa 7 million reyxsmarka (bugungi kunda taxminan 25-30 million dollar) pul to‘lanadi.

Ammo taqdirning achchiq hazili bilan na zambarakning o‘zi, na u parchalab tashlashi kerak bo‘lgan Majino istehkomi ish beradi. Nemislar Fransiyani Belgiya orqali osonlik bilan egallaydilar, zambarakni ishlatishga, Majino chizig‘ini buzishga hojat qolmaydi. Shundan keyin o‘ta qimmat va amalda samarasiz harbiy loyihalarni “Majino chizig‘i” deya atash urf bo‘ladi.

Ammo “Shverer Gustav” zambaragi baribir urushda qo‘llab ko‘riladi. Sovet Ittifoqiga qarshi Sevastopol jangida, “Barbarossa” operatsiyasi doirasida u 30 metr chuqurlikdagi o‘q-dori ombori (bunker)ni yo‘q qiladi va bir necha istehkomlarni o‘qqa tutadi. Lekin bu ham hayratlanarli raqamlarsiz kechmagan – zambarakni tayyorlash uchun 5 hafta muddat sarflanadi va 4 ming kishi ovora bo‘ladi!

Keyinchalik zambarak Leningrad yaqiniga olib kelinadi, ammo ishlatilmaydi. Varshava qo‘zg‘olonini bostirish maqsadida zambarakdan o‘q otishga tayyorgarlik ko‘riladi. Biroq uni tayyorlagunlariga qadar qo‘zg‘olon bostirib bo‘linadi.

Shu tarzda ishlatish va ko‘chirish noqulayligi, otishga tayyorlanguncha juda ko‘p vaqt yo‘qotilishi, saqlash hamda ehtiyot qismlar yetkazish juda murakkabligi tufayli bu qurol urush oxiriga qadar ham bekor turadi. 1945 yildagina, urush yakuni ma'lum bo‘lib, ittifoqchilar qo‘liga o‘tishi xavfi tug‘ilganida nemislar tomonidan yo‘q qilinadi.

Internet ma'lumotlari asosida
Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid