Sport | 08:10 / 11.12.2021
11398
2 daqiqa o‘qiladi

Magnus Karlsen shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvonini himoyalay oldi 

Norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsen shaxmat bo‘yicha jahon chempioni toji uchun rossiyalik Yan Nepomnyashiyga qarshi bahsning 11-partiyasida g‘alaba qozonib, muddatidan oldin navbatdagi chempionlikni ta'minladi. 

Foto: EPA/Vostock-photo

Karlsenning ushbu g‘alabasidan keyin umumiy hisob 7,5:3,5 ko‘rinishini oldi. Shu tariqa, 31 yoshli amaldagi jahon chempioni o‘z unvonini to‘rtinchi marta himoyalay oldi. U 2013 yildan beri shaxmat qiroli tojini o‘zida saqlab kelmoqda.

Chempionlik uchun uchrashuv Dubayda 26 noyabrda boshlangandi. Grossmeysterlar o‘rtasidagi dastlabki beshta hamda 7- va 10-partiyalar durang natija bilan yakunlangandi, 6-, 8- va 9-partiyalarda Karlsenning qo‘li baland kelgandi.

Dastlab uchrashuv 14 ta partiyadan yoki ishtirokchilardan biri 7,5 ochko yig‘guncha davom etishi rejalashtirilgandi. 14 ta partiya o‘ynalgandan keyin durang hisob qayd qilinsa, unda tay-breyk o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Biroq ish bungacha bormadi.

Karlsen 16-jahon chempioni hisoblanadi. 2013 yilda u amaldagi chempion bilan kurash olib borishga da'vogarlar turnirida g‘alaba qozonib, shu yilning o‘zida chempionlik unvoni uchun bahsda o‘sha vaqtdagi “shaxmat qiroli” hindistonlik Vishvanatan Anandni dog‘da qoldirgandi.

2014 yilda Karlsen chempionlik bahsida yana Ananddan qo‘li baland kelgan, 2016 yilda esa rossiyalik Sergey Karyakinni mag‘lub etgan. 2018 yilda norvegiyalikka amerikalik Fabiano Karuananing ham “tishi o‘tmagan”.

Karlsen Xalqaro shaxmat federatsiyasi reytingida 1-o‘rinni, uning tengquri bo‘lgan Nepomnyashiy esa 5-o‘rinni egallamoqda.

Mavzuga oid