O‘zbekiston | 21:52 / 13.12.2021
82179
3 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vazirligi xodimlari qancha maosh olmoqda? Shohrux G‘iyosov javob berdi

Samarqandda ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. OAV vakillari, bloger va ijtimoiy tarmoq faollari bilan muloqotda bo‘lgan G‘iyosov matbuot anjumanidan keyin Kun.uz muxbirining savollariga javob berdi.

– Matbuot anjumani vaqtida IIV xodimlarining o‘ziga xos reytingi haqida gapirdingiz. Shu haqda to‘liqroq ma’lumot bersangiz.

– Reyting tizimi xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun ishlab chiqildi. Xodimlarga egallab turgan lavozimiga qarab reja belgilanadi. Masalan, IIV axborot xizmati tizimida 79 nafar xodim ishlaydi. Ularning oy davomida qilgan ishlari rejaga solinadi. Berilgan rejani bajargan mukofotlanadi, bajarmagan esa ogohlantiriladi. Hamma xodimning qilgan ishi bo‘yicha tayyorlangan sharh hisobot tariqasida vazirga olib kiriladi. Rejani bajarganlar maoshining 50 foizi miqdorigacha ustama olishi mumkin. Hamma boshqarmalarda talablar turlicha.

– O‘zbekistonda oxirgi yillarda davlat idoralaridagi korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ko‘p gapirilmoqda. Bu borada samarali usullardan biri davlat xizmatchisining maoshini oshirish hisoblanadi. Siz aytayotgan reyting tizimi xodimlarning maoshiga ham ta’sir qiladi. Ayting-chi, ichki ishlar xodimlari hozirda qancha maosh olishmoqda?

– Ichki ishlar organi xodimlarining maoshi oshirilgan. Yangi xodim 4 million so‘mdan ko‘proq oylik oladi. Xodimlar faoliyati davomida qilgan ishiga qarab 15-20 million so‘mgacha oylik maosh olishi mumkin.

– Ichki ishlar tizimidagi axborot xizmatlari o‘lim bilan tugagan yo‘l-transport hodisalari haqida to‘liq ma’lumot bermayotgandek. Ya’ni o‘lim bilan tugagan holatlar ijtimoiy tarmoqda tarqalib bo‘lgachgina rasmiy ma’lumot berilmoqda. Aslida siz uchun barcha o‘lim holatlari haqida ma’lumot berib, ularni tahlil qilgan to‘g‘ri emasmi?

– Albatta, o‘lim bilan tugagan yo‘l-transport hodisasi tahlil qilinadi, bu borada hech qanday hodisa e’tibordan chetda qolmaydi. Siz aytayotgan masala holatlarni axborot tariqasida yetkazish bilan bog‘liq. Ha, biz o‘lim bilan tugagan, qo‘rqinchli, dahshatli holatlar haqida axborot tarqatishdan tiyilamiz. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgach esa ular haqida rasmiy ma’lumot berishga majburmiz. Ammo yuqoridagi kabi holatlarning hammasini berishdan tiyilishimiz rost.

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid