O‘zbekiston | 07:38 / 13.12.2021
5669
2 daqiqa o‘qiladi

Voyaga yetmagan shaxsni so‘roq qilishda psixolog ishtirok etishi belgilandi

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

JPKning 121-moddasi voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishda psixologni jalb etish to‘g‘risidagi norma kiritildi. Voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish uning qonuniy vakilining yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshining, pedagog va (yoki) psixologning, yoxud ularning roziligiga binoan jabrlanuvchi vakilining ishtirokida amalga oshiriladi.

Pedagogni va (yoki) psixologni so‘roq qilishga jalb etish voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchi qonuniy vakilining yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshining, jabrlanuvchi vakilining iltimosiga binoan yoxud surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning tashabbusiga ko‘ra amalga oshiriladi. Ularning ishtiroki jinoyat ishini yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan ta’minlanadi.

Voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so‘roq qilishda ishtirok etish uchun pedagogni va (yoki) psixologni jalb etish to‘g‘risida iltimosnoma berish huquqi so‘roq qilishdan oldin uning qonuniy vakiliga yoki katta yoshli yaqin qarindoshiga, jabrlanuvchi vakiliga surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan tushuntiriladi.

So‘roq qilishning umumiy davom etish vaqti kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun 1 soatlik tanaffusni hisobga olmaganda 4 soatdan oshmasligi kerak.

 
554-moddada belgilanishicha, voyaga yetmagan gumon qilinuvchini yoki ayblanuvchini so‘roq qilishda surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning ixtiyoriga ko‘ra yoxud voyaga yetmagan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi himoyachisining, qonuniy vakilining iltimosiga binoan pedagog va (yoki) psixolog ishtirok etishi mumkin.

Mavzuga oid