O‘zbekiston | 16:54 / 13.12.2021
30967
4 daqiqa o‘qiladi

Yangibozor hokimi fermerlarni haqorat qilgani audiosi tarqaldi. U eng yaxshi hokimlar uchligiga kirgandi

Audioda Xorazm viloyati Yangiobozor tumani hokimi O‘ktamboy Qurbonov ekani aytilayotgan shaxs fermerlarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlayotgani, bajarilmagan ishlarni qog‘ozda “bajarildi” deb ko‘rsatib kelishini aytadi. Ma'lum bo‘lishicha, O‘ktamboy Qurbonov – prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quronboyevning akasi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Yangibozor tuman hokimi O‘ktamboy Qurbonov yig‘ilishlardan birida fermerlarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgani aks etgan audio tarqaldi.

Audiodan ma'lum bo‘lishicha, hokim bajarilmagan ishlarni ham “bajarildi” deb hisobot berib kelgan bo‘lishi mumkin.

“Nega chaqirganimda yonimga kelmading...(haqorat qiladi), nimaga chaqirgan edim seni?” deya qayta-qayta so‘raydi hokim ekani aytilayotgan shaxs.

“Bajaraman dedim-ku”, deydi bunga javoban so‘roq qilingan odam.

“Bug‘doy qani? Bajarmasang... (haqoratli tahdid qiladi). Bajarmaganingni bajartirib (qog‘ozda – tahr), bo‘ynimga olib turibman. Hezalaklar! Men bo‘ynimga olib 105 foiz qilinglar, dedim. Yaxshi gapni tushunmaydigan to‘ng‘iz...” deydi og‘ir haqoratlar bilan u.

Audioni tarqatgan Telegram'dagi TentakMinds kanali Yangibozor tuman hokimi taniqli amaldorlardan bo‘lmish Qahramon Quronboyevning qarindoshi ekaniga urg‘u beradi.

“Undan hamma qo‘rqadi, chunki uning ukasi Qahramon Quronboyev Qo‘chqarovich – prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari. Ha, familiyalar sal o‘zgargani bilan ota ismi va yuzlardagi o‘xshashlik sotib qo‘yadi”, – deya yozadi bloger.

Yangibozor tumani hokimligi axborot xizmati Kun.uz'ga bu audioyozuv izohsiz qoldirilishini ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi barcha tuman va shahar hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholab chiqqan, 205 nafar hokim joy olgan ushbu reytingda Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Qurbonov 2-o‘rinni olgandi.

Ma'lumot uchun, O‘ktam Qurbonov Yangibozor tumaniga 2020 yil mart oyida hokim etib tayinlangan.

U 2018 yildan 2020 yilgacha Xorazm viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yurgan.

O‘zbekistonda hokimlarning fermerlarni tahqirlashi va haqoratlashi holatlari tez-tez ro‘y berib turadi. Shu bilan birga, fermerlarning mahalliy hokimliklarga qaramligi saqlanib qolayotgani tanqidlarga sabab bo‘ladi.

2021 yil yozida Adliya vazirligi o‘tkazgan o‘rganishlarda butun respublika bo‘ylab fermerlarning huquqlari oyoqosti qilinayotgani tasdiqlangan edi.

So‘rovda qatnashgan minglab fermerlar pullari vaqtida to‘lab berilmayotganini aytgan. Shuningdek, hokimlar fermerlar faoliyatiga doimiy ravishda aralashayotgani, ularning mahsulotlari bitim tuzmasdan olib ketilayotgani, ko‘plab hollarda shartnomalar to‘ldirilmagan (bo‘sh) holatda imzolatib olinayotgani ma'lum bo‘lgan.

Iyun oyida Xorazm viloyati Urganch tumanida IIB xodimlari hokimlik topshirig‘iga asosan fuqaroning bug‘doyini tortib olgandi. Keyinchalik bug‘doy egasiga qaytarilgani ma'lum qilindi, biroq qonunsizlikka bosh bo‘lganlarga jazo berilgan-berilmagani haqida hech narsa aytilmadi.

Mavzuga oid