O‘zbekiston | 21:24 / 15.12.2021
9458
3 daqiqa o‘qiladi

“TikTok zararli bo‘lsa, uni foydali resursga aylantirish lozim” - Komil Allamjonov TikTok rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi

Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov TikTok kompaniyasi vitse-prezidenti Teo Bertram bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Allamjonovning fikricha, TikTok kabi platformalar faoliyatini cheklash emas, ular bilan yaqin muloqotga kirishish barcha uchun manfaatli bo‘ladi. Tomonlar hamkorlik qilishga kelishib olishgan.

Komil Allamjonov va Teo Bertram

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov 15 dekabr kuni TikTok tarmog‘i vitse-prezidenti Teo Bertram bilan onlayn uchrashganini ma’lum qildi.

“TikTok zararli bo‘lsa, uni foydali resursga aylantirish lozim. Shu va bunga o‘xshash kompaniyalar faoliyatini cheklash emas, balki ular bilan yaqindan muloqot, hamkorlik o‘rnatgan holda ishlash hamma uchun ko‘proq manfaatli va to‘g‘riroq bo‘ladi deb o‘ylayman. Aynan shu maqsadda bugun TikTok kompaniyasining vitse-prezidenti doktor Teo Bertram va kompaniyaning mas’ul xodimlari bilan juda samarali onlayn uchrashuv o‘tkazdik.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildik. TikTok vakillariga tarmoqning ichki normalari va ayrim tartib-qoidalarini ko‘rib chiqish, uni O‘zbekiston qadriyatlari, urf-odatlar va mentalitetimizga moslash bo‘yicha takliflar berdim. Ular tomonidan bu taklif albatta inobatga olinishi, bu borada hamkorlik, shu bilan birga o‘zbek tilini ham kiritishga tayyor ekanliklari ma’lum qilindi.

PS: Hamkorlik boshlandi”, – deya yozdi Allamjonov Telegram'dagi kanalida.

Eslatib o‘tamiz, TikTok – O‘zbekistondagi faoliyati cheklangan 5ta internet platformasidan biri. “O‘zkomnazorat” 2 iyuldan boshlab TikTok, Twitter, Skype, WeChat va Vkontakte tarmoqlariga cheklov qo‘ygandi.

Cheklovga mazkur tarmoqlar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma’lumotlarni O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlamayotgani sabab bo‘lmoqda. Shu yil 16 apreldan kuchga kirgan qonunda shunday talab belgilangan.

3 noyabr kuni yuqoridagi vaj bilan Telegram, Facebook, Instagram, YouTube va Odnoklassniki tarmoqlari ham bloklandi va bu jamiyatda keskin rezonans uyg‘otdi. Shu kunning o‘zida bu harakat prezident bilan kelishilmagan holda, Vazirlar Mahkamasi topshirig‘i asosida qilingani aytildi va tarmoqlarga ulanish tiklanib, qator mas’ullar ishdan olindi.

Mavzuga oid