O‘zbekiston | 17:46 / 16.12.2021
4747
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek baxshichilik san’ati UNESCO ro‘yxatiga kiritildi

Baxshichilik san’ati noyob tarixiy-madaniy meros bo‘lib, UNESCO ro‘yxatiga kiritishning barcha mezonlariga javob berishi tasdiqlandi.

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati

UNESCO’ning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi XVI sessiyasi doirasida Baxshichilik san’ati O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosi elementi sifatida Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

Turizm va sport vazirligi xabariga ko‘ra, ushbu element bo‘yicha nominatsion paket respublikaning UNESCO ishlari bo‘yicha milliy komissiyasi tomonidan tayyorlanib, 2020 yilda taqdim etilgan.

UNESCO qo‘mitasi mazkur elementni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritishni akklamatsiya (keng konsensus) yo‘li bilan hech qanday debatlar va ovozga qo‘yishlarsiz ma’qullagan.

Baholash komissiyasi vakillari baxshichilik san’ati noyob tarixiy-madaniy meros bo‘lib, uni Nomoddiy madaniy merosning reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga javob berishini aytishgan.

Vazirlikka ko‘ra, qabul qilingan qaror UNESCO ko‘magida baxshichilik san’atini asrab-avaylash, ko‘paytirish va targ‘ib qilish chora-tadbirlarini milliy va xalqaro miqyosda yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, baxshichilik san’ati O‘zbekiston tomonidan reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan nomoddiy madaniy meroslarning oltinchi elementi bo‘ldi. Bunga qadar ro‘yxatdan “Boysun tumani madaniy makoni” (2008), “Katta ashula” (2009), “Askiya” (2014), “Palov madaniyati va an’analari” (2016) va “Lazgi” (2019) o‘rin olgan edi.

Mavzuga oid