O‘zbekiston | 13:43 / 17.12.2021
18595
6 daqiqa o‘qiladi

Foto: Koreya prezidenti qarorgohida O‘zbekiston delegatsiyasini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi

Alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratildi.

17 dekabr kuni Koreya Respublikasi prezidentining Seul shahridagi «Chong Va De» qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Oliy martabali mehmon va uning rafiqasi sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Tantanali marosimda Tonggi soflik mamlakatining qadimiy tarixi va yorqin zamonaviyligi o‘z aksini topdi.

So‘ng davlat rahbarlari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

Koreya Respublikasi prezidenti oliy martabali mehmonni qutlar ekan, Seul Toshkent bilan hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda yanada rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini ta’kidladi.

- Hurmatli Shavkat Mirziyoyev janoblarini, mening qadrli birodarimni qutlayman. Seulga xush kelibsiz. Shu yil yanvar oyidagi uchrashuvimizni yaxshi eslayman. O‘sha muloqotimiz joriy yilning birinchi oliy darajadagi uchrashuvim bo‘ldi. Bugun esa Siz bilan yil yakunida yuzma-yuz ko‘rishib turibmiz. Mening diplomatik tadbirlarim aynan Siz bilan boshlanib, yakuniga yetayotganidan ayniqsa mamnunman.

Koreya va O‘zbekiston alohida strategik sheriklik munosabatlari bilan bog‘langan hamkorlardir. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan qishloq xo‘jaligi uskunalari va elektr texnikasi ishlab chiqarish, energotexnika tarmog‘i va energetika, sanoat korxonalarini barpo etish kabi sohalarda turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Sizning tashrifingiz doirasida qator muhim hujjatlarga imzo chekiladi.

Biz O‘zbekiston bilan yelkama-yelka turib, global iqlim o‘zgarishlariga qarshi turishga, «aqlli» shaharlar, smart-fermalar, AKT va elektrik avtomobillar ishlab chiqarish kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyormiz. Kelayotgan yilda biz diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaymiz. Umid qilamanki, yangi yilda biz birgalikda farovonlikning yangi sahifasini ochamiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taklif uchun minnatdorlik bildirib, ochiqlik va o‘zaro ishonch ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar rivoji uchun mustahkam poydevor bo‘lib kelayotganini ta’kidladi.

- Uchrashib turganimizdan juda mamnunman. Davlat tashrifi bilan go‘zal Koreyaga kelishga taklif qilganingiz va har doimgidek iliq mehmondo‘stlik uchun minnatdorman.

Hozir ob-havo sovuq, lekin koreyalik birodarlarimizning qalbi qaynoq.  Biz mamlakatingiz va koreys xalqiga alohida bir samimiyat bilan qaraymiz. Mentalitetimiz, an’ana va ma’naviy qadriyatlarimiz o‘xshash. Sizning «Yangi siyosat»ingiz yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, innovatsion va “yashil” taraqqiyot sohalarida yurtingiz yetakchiligini mustahkamlash, iste’dodli koreys xalqining ulkan intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qildi, - dedi O‘zbekiston prezidenti.

Mana 15 yildirki, mamlakatlarimiz strategik sherikdir. Shavkat Mirziyoyev va Mun Je Inning do‘stligi va siyosiy irodasi esa O‘zbekiston-Koreya hamkorligiga yangi sur’at bag‘ishlashga kuchli rag‘bat bo‘ldi.

Davlat rahbarlari to‘rtinchi bor uchrashmoqda. 2017 yil oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasida davlat tashrifi bilan bo‘ldi. 2019 yil aprel oyida Prezident Mun Je Inning O‘zbekistonga javob tashrifi bo‘lib o‘tdi, uning doirasida Alohida strategik sheriklik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. 2021 yil yanvar oyidagi onlayn sammitda esa yetakchilar o‘zaro aloqalarni yanada faollashtirish bo‘yicha qator yangi va dolzarb tashabbuslarni ilgari surdilar.

Koreyaga bu galgi tashrif faol muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zbekiston yetakchisi uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan amaliy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqishni davrning o‘zi taqozo qilayotganini alohida ta’kidladi. Ikki mamlakat hamkorligi global iqtisodiyotning bugungi tahdidlariga to‘liq javob berishi kerak.

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni qariyb ikki barobar ortdi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda.

O‘zbekiston va Koreya Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni tuzish masalasida ancha ilgariladi. Uchrashuvda ushbu hujjatning kelgusi yilda imzolanishi tufayli tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini oshirish va muvozanatga keltirish imkoniyati paydo bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Koreyaning O‘zbekistonga investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshgan. Joriy yilda 320 million dollar, ya’ni 2020 yilga nisbatan 20 foiz ko‘p o‘zlashtirildi. Bu mablag‘lar hisobiga kimyo, neft-kimyo, to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Koreya Eksimbanki hamda Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik fondi (EDCF) bilan ko‘p yillik samarali hamkorlik alohida diqqatga sazovor. Masalan, ushbu jamg‘arma doirasidagi moliyalashtirish hajmi 1 milliard dollarga yetkazildi. 2023 yilga qadar O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirishga salmoqli mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Koreyaning xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan sermahsul sheriklik ham kengaymoqda.

Mavzuga oid