Geroin va «met» avjida: toliblar hukumatga kelgach, Afg‘onistonda narkotik savdosi gullab-yashnamoqda
«Tolibon» Afg‘onistonni egallagach, hozircha jiddiy islohotlar qila olgani yo‘q. Xususan, narkotik ishlab chiqarish nafaqat bas qilinmadi, balki gurkirab rivojlana boshladi. Avvalgi safar toliblar narkotik yetishtirishni to‘xtatish uchun 6 yil sarflagandi, bu gal esa vazifa yanada murakkab, chunki narkotikning yangi turlari chiqa boshladi.
BBC muxbirlari Afg‘onistondagi narkotik savdosi qanday holatda ekani haqida reportaj tayyorladi.
Afg‘oniston janubidagi qishloqlardan birida joylashgan binoda ichi oq kristall bilan to‘la yaltiroq plastik paketlar tog‘day uyulib yotibdi. Bu «eksportbop» sifatli metamfetamin. Bu narkotikni oddiy qilib «met» deb atashadi. Xonada turgan 100 kg narkotikning bozor narxi 2,6 million dollar. Tez orada uni butun dunyo bo‘ylab tarqatishadi. To Avstraliyagacha.
Hovliga chiqsangiz, ikkita tutayotgan bochkani ko‘rishingiz mumkin. Demak yangi partiya tayyorlanmoqda. Bu qishloqda narkotik tirikchilikning asosiy manbalaridan biri. «Tolibon» davlatni qo‘lga olgach, narkotik savdosi yanada «gullab-yashnadi». Avval Afg‘onistonda asosan geroin yetishtirilardi, hozir esa zamonaviy narkotiklar, xususan, kristall metamfetamin ishlab chiqarish ham rivojlanib ketdi. Bu psixostimulyator bo‘lib, iste’mol qilganlar unga oson o‘rganib qoladi va shu jihati bilan xavfli.
Dunyoning aksar mamlakatlarida metamfetamin taqiqlangan preparat sifatida qabul qilingan. AQShda esa tibbiyotda istisno tariqasida «dezoksin» nomi bilan ishlatiladi. BBC bilan suhbatda bo‘lgan mahalliy fuqarolardan biri ismi sir qolishi sharti bilan bu preparatni ishlab chiqarish Afg‘onistonda qanchalik rivojlanib ketganini aytib berdi. Unga ko‘ra, Afg‘onistonning janubi-g‘arbida joylashgan birgina tumanning o‘zida metamfetamin ishlab chiqaradigan 500 ta laboratoriya bor. Ular har kuni 3 tonnagacha metamfetamin tayyorlaydi.
Bu zamonaviy narkotik ishlab chiqarish Afg‘onistonda urf bo‘lganiga boshqa sabab ham bor. Qisqacha «met» deb ataluvchi narkotikning asosi efedrindan iborat. Afg‘onistonda o‘sadigan va mahalliy pushtunlar «oman» deb ataydigan efedra yovvoyi o‘tida efedrin borligi aniqlangach, narkotikchi «hunarmandlar» yoppasiga metamfetamin ishlab chiqarishga kirishadi.
Cho‘l o‘rtasidagi bozorda efedrin har qachongidan ko‘ra xaridorgir mahsulotga aylangan. Toliblar boshida efedrin sotuvchilarga soliq joriy qilgandi. Keyinroq uni terib olish butunlay taqiqlandi. Ammo bu boradagi qaror hammaga yetib bormagani uchun odamlar hamon zamonaviy «met» narkotigini ishlab chiqarishda davom etmoqda. Toliblar cheklovlarining yagona «natijasi» shu bo‘ldiki, metamfetaminning ulgurji narxi ikki baravarga qimmatlab ketdi. Eksportchilar «toliblar bizni ishlagani qo‘ymayapti» degan iddao bilan narxni ko‘tarib olgan. Ularning zaxiralari esa hali anchagacha yetadi.
Afg‘on narkotik savdosini o‘rganuvchi yetakchi mutaxassislardan biri Devid Mensfild koinotdan olingan suratlar yordamida Afg‘onistonda metamfetamin ishlab chiqarish bo‘yicha taxminlarini aytdi. Uning fikricha, toliblar cheklov e’lon qilgan vaqtda dalalardagi efedra allaqachon yig‘ishtirib olingan edi. Bu cheklovning samarasi, agar samara bersa, kelasi yil iyulda bilinishi mumkin. Chunki bu vaqtda xomashyo zaxirasi tugagan bo‘ladi.
Ekspertning aytishicha, hozir metamfetamin Afg‘onistonda ko‘knoridan olinuvchi an’anaviy geroindan ham ko‘proq ishlab chiqarilmoqda. Ammo bu geroin savdosi pasaydi degani emas. Dunyo bo‘ylab ishlab chiqariladigan geroinning 80 foizi Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Oxirgi vaqtlarda afg‘on dehqonlari qo‘li qo‘liga tegmay ishlab, ko‘knor dalasini ekinga tayyorlamoqda. «Bu zarar ekanini bilamiz, ammo boshqa narsa foyda keltirmaydi», deydi tomorqasini ko‘knor ekishga tayyorlayotgan qandahorlik Muhammad G‘ani. Uning aytishicha, qurg‘oqchilik bo‘lgan yillarda ekin ekish yanada qiyin bo‘ladi, chunki quduq qazishga to‘g‘ri keladi. Buncha xarajat bilan yerga masalan pomidor eksa, xarajatning yarmini ham qoplab bo‘lmaydi.
Toliblar ko‘knor ekishni taqiqlashi haqida mish-mish chiqqach, uning narxi ko‘tarilib ketgan. Bu esa dehqonlarni ko‘proq ko‘knor ekishga undamoqda. Hozircha Afg‘onistonda narkotik savdosi gullab-yashnamoqda. Avvallari ko‘knorchilar davlat mulozimlariga pora berib ishlagan bo‘lsa, hozir ochiqchasiga bozorlarda savdo qilmoqda.
«Toliblar mamlakatni ozod qilgach, biz ham ancha ozod bo‘lib qoldik», deydi ko‘knor yetishtiruvchilardan biri kulib.
Toliblar uchun ham narkotik savdosi og‘riqli masala. BBC jurnalistlari Hilmand provinsiyasidagi yirik ko‘knor bozorini suratga olgani borishganda toliblar bu «taqiqlangan hudud» ekanini aytib, ruxsat berishmagan.
Jurnalistlar Hilmand provinsiyasidagi madaniyat komissiyasi rahbari Hofiz Rashid bilan gaplashib, bozorni suratga olishga ruxsat berishmagani toliblar ham narkotik savdosidan foyda olayotganidan dalolatmi, deb so‘raganda mulozim asabiylashib ketib, ushbu suhbat o‘chirilmasa, kamerani sindirib tashlashini aytgan.
BBC muxbirlariga ko‘knor bozorlaridan birini suratga olishga ruxsat berishgan, ammo ular kamera bilan bozorga borgach, ruxsat yo‘q, degan javob olishgan. «Tolibon»ning Kobuldagi matbuot kotibi Bilol Karimi harakat ayni damda fermerlar uchun yangi variantlar izlayotganini ma’lum qilgan: «Odamlarga nima ekishni taklif qilmay turib, hozirgi tirikchiligidan voz kechishga majbur qila olmaymiz», degan u.
Toliblar 1994-2001 yillarda ham Afg‘onistonni qo‘lga olgan va o‘shanda ko‘knor ekish taqiqlagan. BBC'ning yozishicha, keyinchalik ko‘knor ekish uchun olingan norasmiy soliq toliblar uchun muhim daromad manbai bo‘lgan. «Tolibon» hukumat tepasiga kelgach, xalqaro iqtisodiy yordam to‘xtab qoldi. Oqibatda dehqonlar uchun dalasiga ko‘knor ekish yagona umidga aylangan.
Narkotik savdosini tushunadigan afg‘onistonliklarning ba’zisi toliblar xohlasa o‘tgan galgi kabi ko‘knor ekishni taqiqlash tartibini osongina tiklashi mumkinligini aytadi. O‘z navbatida, bu oson ish emas deb o‘ylaydiganlar ham topiladi.
«Erishganlari uchun ko‘knorga rahmat deyishsin. Biz shunchaki ekayotgan narsamizni taqiqlab qo‘yishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Yagona chora xalqaro yordamni tiklash, aks holda oilalar ochlikdan qiynala boshlaydi», deydi jahl bilan dehqonlardan biri.
Ekspert Devid Mensfildning aytishicha, oziq-ovqat mahsulotlarining narxi ko‘tarilib ketgani dehqonlarni hech bo‘lmasa oldingi turmush tarzini saqlab qolish uchun narkotik yetishtirishga majbur qiladi. Afg‘onistonning ko‘plab hududlarida narkotik allaqachon mahalliy iqtisodiyotning muhim bo‘lagiga aylanib qolgan.
Hilmand viloyatiga qum va tosh to‘kilgan abgor yo‘ldan boriladi. Bu yo‘llar hatto Afg‘oniston sharoitida ham juda yomon hisoblanadi. Ammo bu sifatsiz yo‘llar Hilmand butun dunyo geroin savdosining markazi bo‘lishiga xalaqit bermaydi. Viloyatda juda ko‘p ko‘knor bozorlaridan tashqari geroinni qayta ishlovchi butun boshli fabrikalar ham bor. Ularning har birida 60-70 nafargacha odam ishlaydi. Tayyor narkotiklar kontrabanda usulida Pokiston va Eronga olib borilib, u yerlardan butun dunyoga, xususan, Yevropaga ham tarqatiladi.
Mahalliy aholining aytishicha, 1 kg geroin 210 ming Pokiston rupiyasidan (1 190 dollar) eksport qilinadi. BBC bog‘langan sobiq og‘ufurush xuddi shu geroin ba’zi suyuqliklar bilan aralashtirilgan holatda ham AQShda 1 kg uchun 66 ming dollardan sotilishini aytdi. Ya’ni geroinning narxi kamida 50 baravar qimmatlashadi. Orada eng ko‘p daromad qiluvchilar geroinni to‘g‘ridan to‘g‘ri iste’molchiga yetkazib beradiganlar hisoblanadi. BBC 'ning yozishicha, «Tolibon» narkotik ishlab chiqaruvchilardan o‘lpon oladi.
Devid Mensfild toliblarning narkotik savdosidan ulushi ba’zan bo‘rttirib ko‘rsatiladi, deb hisoblaydi. Uning chamalashicha, «Tolibon» bu o‘lponlardan 2020 yil 35 million dollar ishlagan xolos. «Ammo bu pul ham harakat uchun ortiqchalik qilmaydi», deydi ekspert.
Mutaxassisning fikricha, toliblar avvalgi hukumatga kelgan vaqtida narkotik ishlab chiqarishga chek qo‘yishi uchun 6 yil kerak bo‘lgan (ular o‘zi 7 yil hukumat tepasida bo‘lishdi). U vaqtda faqat geroin yetishtirilgan, hozir esa narkotiklar turi ko‘payib ketdi. Devid Mensfildning fikricha, narkotik yetishtirishni cheklash toliblarning doimiy qo‘llab-quvvatlov kuchi bo‘lgan qatlamga berilgan jiddiy zarba bo‘ladi.
Toliblar vakili Bilol Karimining aytishicha, Afg‘onistonda narkotik yetishtirishni taqiqlash mamlakatning o‘zi uchun ham, dunyo uchun ham muhim hisoblanadi. Bu uchun esa dunyo ham Afg‘onistonga yordam berishi kerak.
BBC tahlilida narkotiklarning hammasi ham eksport qilinmasligiga e’tibor qaratgan. Afg‘onistonliklar orasida narkotikka mukkasidan ketganlar soni juda ko‘p. Ayniqsa metamfetamin narxi arzon bo‘lib ketgani giyohvandlar soni ortishiga sabab bo‘lgan.
Kobul chekkasidagi gavjum ko‘chalardan birida yuzga yaqin erkak guruh-guruh bo‘lib to‘planib turibdi. Ular narkotik narxi arzon bo‘lganini aytadi: «Met»ning bir grammi 1 500 afg‘oni (15 dollar) turardi. Uni Erondan olib kelishardi. Hozir esa 30-40 afg‘oniga ham topsa bo‘ladi», deydi odamlardan biri.
Giyohvandlar ko‘chalarda, hatto kanalizatsiyada tunab qoladi. «Hatto it ham bunaqa yashamaydi», deydi suhbatga qo‘shilganlardan biri. Toliblar bunday odamlarni majburlab reabilitatsiya markazlariga olib borishmoqda, ammo bangilarning aksari yana eski joylarida paydo bo‘lyapti.
«Tolibon» Afg‘onistonni qo‘lga olganiga ancha bo‘ldi. Mamlakatning yangi rahbariyati narkotik ishlab chiqarishga qarshi jiddiy kurashishini aytgandi, ammo Afg‘onistonda narkotik ishlab chiqarish va uni sotish hozircha faqat ko‘paymoqda.
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
17:52 / 07.12.2024
Qirg‘iziston prezidenti AQSh va Yevropani «Tolibon»ni tan olishga chaqirdi
17:43 / 03.12.2024
Afg‘onistonda TAPI gaz quvuri qurilishi boshlandi
23:50 / 29.11.2024