Ko‘mir o‘rniga ko‘k vodorod. Ammo nima uchun ekologiya faollari Yaponiya hukumati rejalaridan dahshatga tushmoqda?
2011 yildagi Fukusimadagi falokat Yaponiya jamiyatida atom energetikasiga nisbatan salbiy munosabat shakllantirdi. Hukumat ta’kidlayotgan yangi energiya manbayi ko‘mirdan xalos bo‘lishga yordam beradimi? Faollar xavotirda.
G‘aroyib kuz kuni. Men tepalikda turib, Tokio ko‘rfaziga qarayman. Yonimda yetmishdan oshgan janob Takao Saiki. U doim xushmuomala va xotirjam. Saiki-san bugun g‘azabda.
«Bu kulgili!» deya hayqiradi u toza ingliz tilida.
Uning g‘azabiga sabab – ko‘rfaz manzarasini to‘sib qo‘ygan ulkan konstruksiya. Bu qurilish ishlari davom etayotgan, quvvati 1,3 mln kilovatt bo‘lgan ko‘mir IES.
«Elektr energiyasi olish uchun ko‘mir yoqishda davom etayotganimiz sababini tushuna olmayman. Mana shu birgina stansiyaning o‘zi bir yilda atmosferaga yetti million tonna karbonat angidrid gazini chiqaradi», deydi Takao Saikining do‘sti Rikuro Sudzuki.
Tanishlarim keltirayotgan sabablar aniq. Biroq Yaponiya (ko‘mir energetikasining iqlimga salbiy ta’siri bo‘yicha butun dunyo tashvishlanayotgan bir vaqtda) ushbu turdagi yonilg‘i turini ko‘paytirish emas, kamaytirishga qodirmi?
Nima uchun yana ko‘mir? Mazkur savolga javob – 2011 yilda Fukusimada yuz bergan yadroviy halokatdir.
2010 yilda mamlakatda energiyaning uchdan bir qismi tinch atom hisobiga ta’minlangan. Yangi stansiyalar qurish rejalashtirilgandi. Biroq stansiyalardan birida sodir bo‘lgan jiddiy avariyadan keyin barcha yapon atom elektr stansiyalari (AES) faoliyati to‘xtatildi.
Oradan 10 yil o‘tgan bo‘lsa ham ularning katta qismi konservatsiya qilingan. Qayta ishga tushirish bo‘yicha takliflar jamiyatda kuchli qarshilikka sabab bo‘lmoqda.
Tabiiy gazda ishlaydan issiqlik elektr stansiyalari (IES) to‘liq quvvatda ishlay boshladi. Ammo yaqinda Buyuk Britaniya ishonch hosil qilganidek, gaz qimmat.
Shu bois, hukumat Avstraliyadan olib kelinadigan arzon ko‘mirda ishlaydigan 22ta yangi IES qurishga qaror qildi. Iqtisodiy nuqtayi nazardan bu – to‘g‘ri. Biroq ekologik nuqtayi nazardan emas. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashchilar Yaponiya hukumatiga bosimni oshirmoqda.
«Yaponiya energetika kompaniyalarining ko‘mir IESlariga kiritgan investitsiyalari oxir-oqibat «yo‘qotishlar» ustuni ostida hisobdan chiqarilishi mumkin. Bu esa banklar hamda pensiya jamg‘armalariga ta’sir ko‘rsatadi hamda Yaponiya uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkin», deydi soha mutaxassisi, Shvetsiyaning Chalmers texnika universiteti professori Tomas Kaberger.
Qayta tiklanuvchi shamol va quyosh energiyasiga pul tikayotgan Yevropadan farqli ravishda Yaponiyada vodorod va ammiak eng istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Ular yoqilganida karbonat angidrid hosil bo‘lmaydi. IES konstruksiyasi yangi yonilg‘iga o‘tish texnik imkoniyatni ham o‘z ichiga oladi.
Biroq yapon hukumati maqsadlari bundan ham kattaroq. U yerda Yaponiyani dunyodagi birinchi «vodorod iqtisodiyoti»ga aylantirishni orzu qilishmoqda.
Mana shu yerda Toyota avtogiganti o‘yinga kiradi.
Quyoshli kunlardan birida men Tokioning markaziy qismida joylashgan yangi vodorod yonilg‘i quyish shoxobchasiga otlandim. Katta «Leksus» o‘lchamidagi hashamatli sedan «Toyota Miray»ning charm o‘rindig‘iga o‘tirib, «start» tugmasini bosdim va ko‘cha bo‘ylab bir tekisda harakatlandim. Mashinani boshqarish oson, shovqinsiz harakatlanadi, undan qoladigan yagona iz – asfaltdagi kichik suv ko‘lmaklaridir.
«Miray» yaponchasiga «kelajak» degan ma’noni bildiradi. Bu zararli chiqindilarsiz birinchi «Toyota». Unga elektrdvigatel o‘rnatilgan, biroq boshqa elektrmobillardan farqli ravishda poli ostida og‘ir batareyalar yo‘q. Ular o‘rniga kapot ostida yonilg‘i elementi va orqa o‘rindiq ostida vodorodli baklar bor.
Yonilg‘i elementida vodorod kislorod bilan aralashadi, ular yonganida elektr toki hosil bo‘ladi. Oyga missiyalar vaqtida «Appolon» kemasini elektr bilan ta’minlashda ana shu texnologiyadan foydalanilgan.
Hozircha bu ko‘pchilikka g‘alati tanlov bo‘lib ko‘rinyapti. Vodorodli dvigatel batareyalarga qaraganda qimmatroq va tuzilishi murakkabroq. Ilon Mask esa mazkur g‘oyani ahmoqona deb atagan.
«Bunday emas», deya e’tiroz bildirdi Toyota PR bo‘limi rahbari Xisasi Nakai. Uning so‘zlariga ko‘ra, konsern vodorodli dvigatellar bilan faqat avtomobillarnigina jihozlamoqchi emas.
«Bilaman, turli fikrlar mavjud. Biroq biz zararli chiqindilarni yo‘qqa chiqaruvchi energiya manbayi sifatida vodorodning samarasi va istiqboliga ishonamiz. Undan maksimal darajada foydalanish uchun mazkur texnologiyani takomillashtirishda davom etamiz», deydi Nakai.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toyota yonilg‘i elementlari hamma joyda – uylarda, ofislarda, korxonalarda ishlaydigan kelajakni rejalashtirmoqda. Ana shu «vodorodli jamiyat»ni yaratishda oldingi saflarda bo‘lishga harakat qiladi.
Mana shu yerda navbat asosiy savolga keladi: Yaponiya shuncha miqdordagi vodorodni qayerdan olmoqchi?
Javob: «ko‘k vodorod»dan.
Qayta tiklanuvchi elektr manbalaridan foydalangan holda suvdan vodorod olish bizga yashil vodorod beradi. Gidroliz jarayoni (H2O’ning vodorod va kislorodga ajralishi) anchadan beri ma’lum. Biroq hozircha sanoat miqyosida qo‘llash uchun juda qimmat.
Hozirgi kunda vodorodning katta qismi tabiiy gaz va ko‘mirdan olinadi. Bu arzon. Biroq natijada ko‘p miqdorda karbonat angidrid hosil bo‘ladi. Biroq uni tutib, bog‘lab, ko‘milsa, orzu qilingan ko‘k vodorod olish mumkin.
Yaponlar aynan shu ish bilan shug‘ullanmoqchi.
Joriy yilda Yaponiya va Avstraliya Avstraliyaning Viktoriya shtatidagi Latrob-Vallida lignit (qo‘ng‘ir ko‘mir)ni vodorodga qayta ishlash korxonasi qurishni boshladi. U keyin Tselsiy bo‘yicha -253 darajagacha sovitiladi va maxsus transport kemasiga suyuq holda quyiladi va Yaponiyaga yetkazib beriladi.
Hosil bo‘lgan karbonat angidrid bilan qanday yo‘l tutiladi? Hozircha u atmosferaga ketadi. Biroq loyiha ishtirokchilari uni tutib, okean tubiga ko‘mishga va’da berishmoqda.
Iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash faol ishtirokchilarini mazkur reja dahshatga solmoqda. Ular texnologiya oxirigacha ishlab chiqilmagani va Yaponiya bir necha o‘n yilda qo‘ng‘ir ko‘mir qazish va yoqishda davom etishini aytmoqda. Professor Kabergerning fikriga ko‘ra, loyihaning eng kuchsiz tomoni – uning iqtisodiy jihati.
«Texnik jihatdan buning imkoni bor. Biroq organik yonilg‘idan vodorod olish va chiqindilarni ko‘mish uni odatdagi usulda yoqishga qaraganda qimmatroq bo‘ladi. Shu bilan birga, sayyoraning ko‘p joylarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqiladigan elektr energiyasining narxi an’anaviy IESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasiga qaraganda arzonroq».
Kaberger yapon hukumati ko‘k vodorodni o‘n yil muqaddam asosiy strategiya sifatida tanlagan. O‘shanda shamol va quyosh stansiyalari iqtisodiy jihatdan hozirgiga qaraganda kamroq samaraga ega edi. Hozir esa o‘z qarorlari iskanjasida qolgan.
«Yaponiya kompaniyalari raqobatbardosh bo‘lish uchun arzon energiyaga muhtoj. Xalqaro miqyosda chetga chiqarib qo‘ymasliklari uchun «toza» energiya kerak. Buni kechiktirish esa ularga qimmatga tushishi mumkin», deydi ekspert.
Bu vaqtda Tokio ko‘rfazidagi qurilish ishlari jadal davom etmoqda. Stansiya 2023 yilda foydalanishga topshirilishi kerak. U 40 yil davomida xizmat qilishi rejalashtirilgan.
«Yaponiya uchun uyatni his etyapman. G‘azabdaman. Boshqa mamlakatlarda yoshlar ko‘chada namoyishga chiqishyapti, bizning xalqimiz esa xotirjam. Mening avlodim va nihoyat gapirishi kerak», deydi 21 yoshli faol Xikari Matsumoto.
Mavzuga oid
20:50
Yaponiyada sun’iy gravitatsiyaga ega Oy majmuasi prototipi quriladi
20:28
Honda va Nissan birlashmoqda. Ular dunyodagi eng yirik uchinchi avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylanadi
15:00
Yaponiya savdo tarmoqlarida O‘zbekiston mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi
18:22 / 22.12.2024