Jahongir Ortiqxo‘jayev va Ruslanbek Davletov TikTok va Twitter bloklanishiga munosabat bildirdi
Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekistonda TikTok bloklanishiga munosabati haqidagi savolga javob qaytarib, tarmoqni bloklaganlar undagi faqat keraksiz kontentlarni ko‘rganini taxmin qildi.
Toshkent yoshlar forumida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va adliya vaziri Ruslanbek Davletov ijtimoiy tarmoqlar bloklanishiga shaxsiy munosabatini bildirdi.
«TikTok bir platforma, u yerda turli kontent bor. Hamma o‘ziga kerakli kontentni oladi.
Ming afsuski, taqiq qo‘ygan odamlar kerakmas kontentlarga kirgani ko‘rinib turibdi. Agar kerakli kontentlarga kirilsa, platformaning hech qanday zarari yo‘q, deb o‘ylayman. Mening fikrimcha, tag‘in bilmadim», dedi hokim.
Adliya vaziri ham TikTok va Twitter bloklanishiga o‘z munosabatini bildirdi.
«Cheklovlar ko‘payib ketdi degani, cheklovlar bo‘lmasligi kerak degani emas. U har doim maqbul darajada bo‘lishi kerak va o‘zining sohasiga qarab, qonunga qarab bo‘lishi lozim.
Ijtimoiy tarmoqlarga keladigan bo‘lsak, men axborot almashinuvida erkinlik tarafdoriman. Bugungi zamonda axborotni hech qachon cheklab, uning ustiga o‘tirib, jilovlay olmaysiz. Hech qachon qilolmaysiz.
Tarix ham bunga guvoh. Gutenberg 1445 yilda bosma dastgohni kashf qilgan, shu orqali ko‘pchilik millatlarning savodi chiqqan. Usmoniylar imperiyasi esa bundan qo‘rqib, XVIII-XIX asrgacha Gutenbergning dastgohini mamlakatga kiritmagan. Bu esa millatning savod bo‘yicha qoloq bo‘lishiga olib kelgan. Buning orqasidan sanoat, ishlab chiqarish va raqobat Yevropada keskin rivojlanib ketdi va ular har tomonlama o‘sishga erishdi», dedi vazir.
Shuningdek, u noqonuniy kontent haqida ham fikr bildirdi.
«Axborot almashinuvi doim bo‘lishi kerak, bu bilimni kuchaytiradi. Ammo noqonuniy kontent har doim bo‘ladi. Noqonuniy kontent nima? Bu terrorizmga boshlovchi chorlovlar, diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, pornografiya yoki zo‘ravonlik haqidagi materiallar.
Rivojlangan davlatlarda bularning barchasi qonun bilan tartibga solingan. Qonun bilan ishlasak, yanglishmaymiz. Axloqqa qaraydigan bo‘lsak, biz ko‘p millatli mamlakatmiz, shu sababli hamma bir xil axloqiy standartga qarab yashamaydi. Kiyinishimiz, yurish-turishimiz, yeydigan va hatto ichadigan ichimligimiz ham boshqacha», degan u.
Eslatib o‘tamiz, poytaxt hokimi 2020 yili bo‘lib o‘tgan Toshkent yoshlar forumida «TikTokerlar»ni cheklash emas, ularga imkoniyat berish kerakligini qayd etgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2021 yil 2 iyuldan Twitter va TikTok'ka rasman cheklov qo‘yilgan.
15 dekabr kuni Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov TikTok rahbariyati bilan muzokara o‘tkazishi ortidan, O‘zbekistonda bu platforma faoliyati qisman tiklandi.
Mavzuga oid
19:18 / 04.12.2024
Prezident maslahatchilari tarkibida o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ruslanbek Davletovning lavozimi o‘zgardi
17:42 / 04.12.2024
«Paxtakor» budjeti 100 milliarddan oshadi». Ortiqxo‘jayev qoniqarsiz natija, yangi murabbiy, Cheran va rejalar haqida
12:00 / 04.12.2024
«Paxtakor» portugaliyalik yangi bosh murabbiyini tanishtirdi
20:36 / 02.03.2024