O‘zbekiston | 12:25 / 20.12.2021
12496
3 daqiqa o‘qiladi

Komilov: Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Koreya aloqalarini ittifoqchilik darajasiga ko‘tarishni taklif qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalarni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish tashabbusini bildirdi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov «O‘zbekiston24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, bu tashabbus Koreya rasmiy doiralari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangan.

«Prezidentimiz yangi tashabbus bilan chiqdi. Bu tashabbus Koreya hukumati va parlamenti tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi. Hozirgacha biz siyosiy hamkorligimizni strategik sherikchilik hujjati asosida davom ettirib kelganmiz.

So‘nggi yillarda Koreya bilan aloqalarimiz juda rivojlandi. Eng muhimi, ikki davlat o‘rtasida o‘zaro ishonch shunchalik mustahkam bo‘ldiki, prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalarni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish to‘g‘risidagi tashabbus bilan chiqdi.

Albatta, bu yerda ish ko‘p, lekin yaqin orada biz amaliy qadamlarni qo‘yamiz. O‘zaro aloqalarimizda yangi sohalar ochiladi, hamkorligimiz yanada kuchayadi.

Koreya O‘zbekistonning mintaqadagi siyosatini qo‘llaydi, ular Afg‘onistonga insonparvarlik yordami berishga, chegarada xavfsizlikni ta’minlashda yordam berishga tayyor. Mana shunday hamkorlik ittifoqchilik aloqalari talablariga to‘liq javob beradi. Koreya yangi sifatdagi, yangi darajadagi siyosiy aloqalar o‘rnatilishiga tayyorligini bildirdi», deydi Abdulaziz Komilov.

U shuningdek, O‘zbekiston Janubiy Koreya prezidentining mintaqada yadro qurolidan xoli zona yaratish bo‘yicha tashabbuslarini to‘la qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 16-18 dekabr kunlari Janubiy Koreyaga uch kunlik davlat tashrifini amalga oshirdi. Qo‘shma tadbirlar davomida O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot qabul qilindi va bir qancha kelishuvlar imzolandi.

Shuningdek, raqamlashtirish, «yashil» iqtisodiyot va kuchli ijtimoiy siyosat sohalari alohida strategik sheriklikning uch muhim yo‘nalishi sifatida belgilandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston shu kunga qadar faqat ikkita davlat bilan o‘zaro aloqalarni ittifoqchilik darajasiga olib chiqqan. 2005 yilda Rossiya bilan, 2021 yil dekabr oyida Qozog‘iston bilan shunday shartnoma imzolangan.  

Mavzuga oid