O‘zbekiston | 20:50 / 20.12.2021
8959
7 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash tizimidagi autsorsing budjet talon-torojiga sharoit yaratib berayotgani aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi sog‘liqni saqlash tizimidagi budjet buyurtmachilari tomonidan maxsus axborot portalida joylashtirilgan autsorsing xizmatlarini tashkil etishga oid e’lonlarning “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqligini o‘rganib chiqdi.

Foto: KUN.UZ

Tahlillar davomida sog‘liqni saqlash tizimidagi autsorsing xizmatlarini tashkil etishda tizimli xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelinayotgani aniqlangan. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.

Jumladan, respublika bo‘yicha sog‘liqni saqlash tizimida 597 ta muassasa mavjud bo‘lib, ularga issiq ovqat tayyorlash va yetkazish uchun 2019 yilda 176,6 milliard so‘m, 2020 yilda 286,6 milliard so‘m, 2021 yilning yanvar-avgust oylari uchun 389,3 milliard so‘m ajratilgan.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimidagi muassasalar tomonidan “dxarid.uz” maxsus axborot portaliga 2020 yilda 1158 ta lot bo‘yicha 100 milliard 100,9 mln so‘mlik va 2021 yilning yanvar-avgust oylarida 1402 ta lot bo‘yicha 255 milliard 642,3 mln so‘mlik issiq ovqat tayyorlash va yetkazish uchun e’lonlar berilib, buyurtmalar amalga oshirilgan.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda tibbiyot muassasalarining budjet smetasida issiq ovqat tayyorlash xizmati uchun ajratilgan mablag‘larni aniq mezonlar bilan hisob-kitob qilish mexanizmi yo‘q. Shu sababli hududlarda bu jarayon 1992 yilda qabul qilingan sog‘lom ovqatlanish normasi bo‘yicha taxminiy hisob-kitoblar qilib kelingan.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 36-moddasi talablarida shartnomani bajarish uchun zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslarining hamda boshqa resurslarning mavjudligi holati ishtirokchilarga talab sifatida qo‘yilishi belgilangan bo‘lsa-da, 2020 yilda 270 ta lot bo‘yicha 15,6 milliard so‘mlik issiq ovqat tayyorlash bo‘yicha 109 ta tanlov g‘olibi deb topilgan sub’yektlar ishchi sifatida 0-3 nafar shaxsni ko‘rsatgan xolos.

Xuddi shunday, 2021 yilning yanvar-avgust oylarida ham issiq ovqat tayyorlash yuzasidan elektron portalga qo‘yilgan e’lonlardan 324 ta lot bo‘yicha 43,4 milliard so‘mlik issiq ovqat tayyorlash bo‘yicha 148 ta tanlov g‘olibi deb topilgan sub’yektlar ishchi sifatida 0-3 nafar shaxs ishlashini ko‘rsatgan.

“Bundan ko‘rinadiki, autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi sub’yektlar tomonidan rasmiy ravishda ishchilarining ko‘rsatmasdan kelinishi, o‘z navbatida konvert usulida noqonuniy ravishda norasmiy ishchilarning ishlatilishiga hamda budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishiga shart-sharoit yaratmoqda.

Shuningdek, 226 ta tibbiyot muassasalari tomonidan autsorsingga o‘tgunga qadar ushbu muassasada oshpaz, kirchi va turli lavozimlarda ishlagan ishchilarni bo‘shatgan holda, aynan ushbu buyurtmachilar bilan shartnoma imzolagan autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga 1315 nafari ishchi sifatida rasmiylashtirilib, eski tizim davom etib kelmoqda.

Bu kabi sun’iy korxona tashkil qilish holatlari kelgusida manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltiruvchi korrupsiyaviy omillar kelib chiqishiga shart-sharoit yaratadi”, – deyiladi tahlillar xulosasida.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan monitoringlarda tibbiyot muassasalarining binosida tashkil etilgan oshxonada issiq ovqatlar autsorsing asosida tayyorlanib, muqaddam tibbiyot muassasasining oshpazi lavozimida ishlab kelgan ishchilarning aksariyati autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi korxonaga ishchi sifatida rasmiylashtirilib yoki rasmiylashtirilmagan holda konvert usulida ish haqi berish holatlariga yo‘l qo‘yib kelinayotgani aniqlangan.

Biroq bu holatlar bo‘yicha ham yagona tizim yo‘lga qo‘yilmagani, hisob-kitob qilish mexanizmi yo‘qligi sababli hududlarda turli xil amaliyot asosida ish yuritib kelinib, budjet smetasi xarajatlarini shakllantirishda taxminiy hisob-kitoblar amalga oshirilayotgani holatlari budjet mablag‘larining talon-toroj qilinishiga shart-sharoit yaratib berayotgani ma’lum bo‘ldi.

Agentlik yuqoridagilardan kelib chiqib, shuningdek, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 36- va 59-moddalarida qayd etilgan majburiyatlarni to‘liq bajarish maqsadida, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligiga sohadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan quyidagi mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha choralar ko‘rishni tavsiya qildi:

  • — autsorsing xizmati bo‘yicha o‘tkaziladigan tender va tanlovlarda konvertda taqdim etilgan ma’lumotlarning haqqoniyligini tanlov komissiyasida onlayn tarzda ko‘radigan umumiy tusdagi elektron dastur shakllantirish va bunda davlat tashkilotlarining rahbari yoki bosh hisobchisiga maxsus login-parol asosida ko‘rish imkoniyatini yaratish;
  • — ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlari va ko‘rib chiqish tartibi, shuningdek shartnoma loyihasini elektron portalga majburiy joylashtirish kabi barcha ma’lumotlar shakllantirilmasa, lot raqami birjada ro‘yxatga olinmasligini cheklovchi qo‘shimcha modullarni yaratish;
  • — O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning tizimlarida autsorsing asosida ovqatlanish xizmatlarini tashkil etishda yagona tizim va amaliyot shakllantirilmagani, bemorlarni ovqatlantirish 1992 yilda qabul qilingan tavsiyaviy sog‘lom ovqatlanish normasi doirasida amalga oshirilayotganidan kelib chiqib, bugungi kun talablari asosida va bemorlarning davolanayotgan tibbiy muassasalariga muvofiq tarzda sog‘lom ovqatlanish normasini qaytadan ko‘rib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli hujjati bilan tasdiqlash;
  • — Tibbiyot muassasalarida autsorsing xizmatlarini tashkil qilishda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 yanvardagi 16-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomi talablariga rioya qilinish ahvolini hududlarda qo‘shimcha o‘rganish orqali aniqlangan tizimli kamchiliklar asosida Nizom bilan tartibga solinmagan korrupsiyaga sabab bo‘layotgan bo‘shliqlarni to‘ldirish va takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
  • — barcha budjet tashkilotlari (dastlab sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasi)ning bosh hisobchi va hisobchilarining yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilishlar oldini olish maqsadida Moliya vazirligi va tegishli vazirlik idoralarning malakali mutaxassislari ishtirokida bir haftalik masofaviy o‘qishlarni tashkil qilish.

Mavzuga oid