“Kalmar o‘yini”da ishtirokchilar soni nega aynan 456 nafar bo‘lgani sababi ma’lum qilindi
“Kalmar o‘yini” serialida bosh qahramonlar rollarini ijro etgan aktyorlar Li Jon Je va Chon Xo Yon hamda serial rejissyori Xvan Don Xyok Vanity Fair nashriga intervyu berdi. Intervyu vaqtida serial bilan bog‘liq ba’zi ma’lumotlarga oydinlik kiritildi.
Jumladan, rejissyor Xvan Don Xyok ko‘pchilik undan serialdagi o‘yin ishtirokchilari soni nega aynan 456 nafar qilib tanlangani va bu nimani anglatishi haqida so‘rashini aytgan. Uning ta’kidlashicha, dastlab serial uchun kastingdan mingdan ko‘proq kishi o‘tgan, biroq bu raqamlar haddan ziyod ko‘p ekani tushunarli hol edi.
Ma’lumot uchun, serialdagi xavfli o‘yin ishtirokchilari umumiy soni 456 nafar bo‘ladi, g‘olib oladigan jami mukofot puli esa 45,6 mlrd vonni, ya’ni o‘yindan chiqib ketgan har bir ishtirokchi uchun 100 mln vonni tashkil qiladi.
“Janubiy Koreyada lotereyada yutib olingan eng yirik pul mukofoti 40 mlrd von bo‘lgandi. Biz ham shundan kelib chiqib pul mukofotini belgiladik, so‘ngra o‘yin ishtirokchilari sonini o‘ylab topdik. 456 sonini tanlashimizning sababi shundaki, u tomoshabinlar oson eslab qoladigan sondir”, deb tushuntirgan Xyok.
Rejissyorning ta’kidlashicha, ba’zida serial muxlislari u haqida shunday ajabtovur va antiqa farazlar bildirishadiki, gohida u o‘zini bu rostdan ham haqiqat ekandek tutishni istaydi.
Sentyabrda Netflix striming xizmatida namoyish qilingan serial uning tarixidagi eng katta ko‘lamli loyiha bo‘ldi. Kompaniya serialning muvaffaqiyati evaziga 900 mln dollardan ko‘proq sof foyda olgan.
Mavzuga oid
17:12 / 20.12.2024
Google qidiruvida «Kalmar o‘yini»ni o‘ynash imkoniyati paydo bo‘ldi
15:33 / 17.08.2024
Serial uchun ruxsat olib berish evaziga 20 ming dollar olgan shaxs ushlandi
16:41 / 22.12.2023
Toshkent viloyatida Cinema Park erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi
10:26 / 01.12.2023