O‘zbekiston | 23:26 / 22.12.2021
13986
2 daqiqa o‘qiladi

«Rejamizda bor» - Qurib bitayotgan Zarafshon va Sangzor daryolari bo‘yicha Senatdan izoh so‘raldi

Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisi yakunlari yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Zarafshon va Sangzor daryolari yuz tutayotgan og‘ir ahvol va uning atrofida yuzaga kelgan ekologik muammolar bo‘yicha izoh so‘raldi.

Senatorlarga ko‘ra, bu masalada parlament so‘rovi yuborish Senatning 2022 yildagi ish rejasiga kiritilgan.

«Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida yuzaga kelayotgan muammolarning aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan Senatning agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi o‘rganish olib bordi.

Sangzor va Zarafshon daryolari bo‘yicha ham mutaxassislarimiz, albatta, o‘rganish olib boradi», – dedi senator Bahodir Tojiyev.

Parlament yuqori palatasining boshqa bir a’zosi Risqul Siddiqovning qo‘shimcha qilishicha, bu masalada parlament so‘rovi yuborish senatning 2022 yildagi ish rejasiga kiritilgan.

Ma’lumot uchun, hududida qurilgan o‘nlab karerlar faoliyati natijasida Zarafshon daryosida suvi sathi keskin kamayib boryapti. Buning oqibatida ushbu daryo atrofida milliy tabiat bog‘ining qurib bitishi va Samarqand shahrining suvsiz qolish xavfi paydo bo‘lmoqda.

Bu muammo O‘zbekistonda birgina Zarafshon daryosi atrofida bo‘layotgani yo‘q. Shuningdek, Jizzax viloyatidagi Sangzor daryosining qurib borayotgani oqibatida bugunga kelib qishloq aholisi foydalanadigan quduqlar hamda tomorqalarni sug‘orish uchun mo‘ljallangan ariqlar qurib qolmoqda.

Mavzuga oid