O‘zbekiston | 16:05 / 22.12.2021
20845
5 daqiqa o‘qiladi

Urgutda yasalgan mini-traktor: U turli yumushlarda beminnat xizmatchi bo‘lmoqda

Urgutlik aka-uka payvandchilar yasagan mini traktor bilan yer haydash, mola qilish va egat olish mumkin. Uning tirkamasida esa 2 tonnagacha yuk tashisa bo‘ladi.

Xo‘jabaland mahallasida yashovchi aka-uka Ziyovuddin va Muyibxon Ubaydullayevlarning kasbi chilangar-payvandchi. Yozda turli buyumlar, qishda isitish pechlari yasab sotishadi. Aka-ukalar texnikaga juda qiziqishadi. Ana shu qiziqish ortidan o‘tgan yil yozda mini traktor yasashgan.

Mini traktorni yasashda ular turli mashinalarga tegishli eski ehtiyot qismlardan foydalanishgan. Dvigatel o‘rniga chiroq ko‘p o‘chgan zamonlarda o‘zlari ishlatgan, so‘ngra kerak bo‘lmay qolgan Xitoycha «dvijok»ni o‘rnatishgan.

Boshqa ehtiyot qismlarga ham ko‘p pul sarflanmagan. Mini traktorning dovrug‘i atrofga tarqalgach, uni 20 million so‘mga sotib olmoqchi bo‘lib xaridor kelgan.

«Texnikaga juda qiziqamiz. O‘tgan yil pandemiya davrida ishimizda biroz uzilishlar bo‘ldi. Ana shu paytda akam bilan mini traktorni yasashga kirishdik. Unga ehtiyot qismlarni terib chiqish, payvandlash va boshqa barcha ishlarni o‘zimiz bajardik. 6 millioncha mablag‘ sarfladik. Dvijok o‘zimizda bor edi. Unga turli transport vositalarining eski ehtiyot qismlarini o‘rnatdik. Natijada universal tarzda ishlatsa bo‘ladigan qulay ko‘makchiga ega bo‘ldik», — deydi Muyibxon Ubaydullayev.

Yer haydashda traktorning shinalariga temirdan yasalgan, maxsus tishli halqa o‘rnatiladi. Halqa o‘rnatilgach, traktor yerni qiynalmasdan hayday oladi. Traktorga tirkama taqib harakatlanganda maxsus tishlar yechib qo‘yiladi.

Traktorga mashinaning o‘t oldirgichi o‘rnatilgan. Mabodo akkamlyatori o‘tirib qolganda uni ip bilan tortib ham o‘t oldirsa bo‘ladi. Traktorga «Matiz»ning quvvatlagichi, «Jiguli»ning ikkita orqa ko‘prigi o‘rnatilgan.

«Traktorchaning to‘rt g‘ildiragi ham birday harakatlanadi. Unga tezlikni oshiruvchi pedal o‘rnatilmagan. Traktor harakatlanganda uning dvigatel quvvati oshib boraveradi. Tormoz pedali bosilganda uning to‘rtta g‘ildiragi ham birdaniga to‘xtaydi.

«Xitoy dvijok» ikkita tasmani aylantiradi. Ular esa kardanga borgan o‘qni harakatlantiradi. Tasma qizib tez uzilib ketmasligi uchun uni sovutib turadigan moslama ham o‘rnatganmiz. Bundan tashqari tirkama va plug hamda boshqa moslamalarni ko‘tarib tushiradigan uskunalar o‘rnatilgan. Ular katta traktornikiday moy bilan ishlaydi», — dedi ustalar.

Ziyovuddin Ubaydullayevning ta’kidlashicha, mini traktorda dvigatel o‘rniga dvijok o‘rnatilgani uchun uning yonilg‘i sarfi juda kam. 2-3 litr benzin quyilsa ancha ishni bajarib beradi. Mini traktorning tirkamasiga 2 tonnagacha yuk ortish mumkin.

«O‘tgan yil hovlimda ozroq qurilish qildim. Bir «Kamaz»chilar bir mashina tuproqni 300 ming so‘m deyishdi. Shundan so‘ng 3-4 kilometr naridan tuproqni o‘zim tashib keltirdim. Shuningdek, erta bahorda tomorqani shu traktor bilan haydadik. Yozda kartoshkani kovlab oldik», — deydi Ziyovuddin Ubaydullayev.

Traktor tirkamasi ortilgan yukni o‘zi ag‘daradi. Bundan tashqari yer haydash uchun plugi, kartoshka kovlaydigan va haydalgan yerni tekislaydigan moslamalari bor.

Mini traktorni Ziyovuddin Ubaydullayev boshqarmoqda. U o‘z yumushlaridan ortib aka-ukalarining turli xizmatlarini qilib beradi. Bundan tashqari, qo‘ni-qo‘shnilarning ham og‘irini yengil qilib kelmoqda.

«Erta bahordan kech kuzgacha tomarqamizdagi barcha ishlarni shu traktorda bajardik. Pichan, jo‘xoripoya va shox-shabbalarni shunda tashidik. Avvallari bu ishlar uchun ancha mablag‘ sarflardik.

Qo‘ni-qo‘shnilardan kimdir kelsa akam ularning ham yuklarini tashib, yerlarini haydab berdi. Qilgan xizmati uchun falon pul berasan demaydi. Rozi bo‘lib berishganini oladi», — deydi Muyibxon Ubaydullayev.

Ustalar avvallari kamroq narsani bir joydan ikkinchi joyga katta traktor yoki yuk mashinasida olib borish uchun ancha mablag‘ sarflashgan. Endi esa bunday yuklarni mini traktorda tashib olish oson va arzon tushmoqda.

Ziyovuddin va Muyibxon Ubaydullayevlarning ko‘p rejalari bor. Ular kelajakda yanada ixcham va mukammal traktor va boshqa transport vositalarini yasashni niyat qilishgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid