O‘zbekiston | 13:32 / 23.12.2021
14537
2 daqiqa o‘qiladi

«Kosmonavtlar»da vagonlardan biri tutab ketdi

Toshkentdagi «Kosmonavtlar» metro bekatida poyezd vagonida «kichik tutun chiqish» hodisasi ro‘y berdi. Yo‘lovchilar tushirilgan, jabrlanganlar yo‘q. Poyezd texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun depoga yuborilgan.

Foto: Foto: t.me/Tashkent_land

Payshanba kuni soat taxminan 12:10-12:15 oralig‘ida Toshkent shahridagi «Kosmonavtlar» metro bekatida harakatlangan poyezdning uchinchi vagonida «kichik tutun chiqish» holati ro‘y bergan.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi «Kosmonavtlar metro bekatida poyezd yongani aytilayotgani» haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi. 

Xabarda qayd etilishicha, poyezdda yong‘in kelib chiqmagan. Bekatda yo‘lovchilar vagondan tushirilib, xavfsizlik choralari ko‘rildi.

«Bugun, 23 dekbar kuni soat 12:15da Shayxontohur tumani «Kosmonavtlar» metro bekati ichida harakatlanib ketayotgan 4 ta vagondan iborat tarkib(sostav)ning 3-vagonida texnik sabablarga ko‘ra saqlagich (predoxranitel) kuyganligi yoki tormoz kolodkasi siqib qolganligi taxmin qilinmoqda. Voqea joyida hech qanday yong‘in sodir bo‘lmagan. Nosoz vagon ta’mirlash uchun DePOga yuborilgan.

Fuqarolar xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan, hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q», deyiladi xabarda.

Voqea joyiga shahar hamda tuman FVB rahbar xodimlari va 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari jalb etilgan.

Hozirda vaziyat oqibatlari bartaraf etilgan, metro odatiy ish rejimida ishlamoqda.

«Toshkent metropoliteni» 34-sonli harakat tarkibida mashinist tomonidan nosozlik aniqlangani haqida xabar qilgan. «Jabrlanganlar yo‘q, baxsiz hodisa ro‘y bermagan. Texnik nosozlik uchun «Toshkent metropoliteni» DUK yo‘lovchilardan uzr so‘raydi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid