Jamiyat | 11:12 / 25.12.2021
4506
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda fuqaro Qo‘riqlash boshqarmasi xodimini mashinasida qasddan urib ketdi. Xodim vafot etgan

Foto: IIB axborot xizmati

20 dekabr kuni Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida mudhish qotillik sodir etildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Milliy gvardiya Buxoro viloyati boshqarmasi Qo‘riqlash boshqarmasi safdor xodimlari H.A. va N.O. 20 dekabr kuni Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Qumli GTK mobil” yo‘nalishining 34-42 kilometridagi yo‘nalishni qo‘riqlash uchun xizmatga jalb qilingan. Soat 05:15 larda xodimlar yo‘nalish quvurining taqiqlangan qismidan harakatlanib kelayotgan «UAZ» mashinasiga to‘xtash ishorasini berishgan. Biroq haydovchisi, tumanning Kuydim mahallasida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan A.A. xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, H.A.ni qasddan urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan. Oqibatda 39 yoshli H.A. og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qismi «G» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

24 dekabr kuni Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida viloyat sektor rahbarlari, tuman sektor rahbarlari va mutasaddi idoralar mas’ullari tomonidan Kuydim mahallasida mazkur jinoyat muhokamasi o‘tkazilgan. Muhokamada jinoyatning kelib chiqish sabablari tahlil qilingan hamda kelgusida bu kabi jinoyatlarning oldini olish uchun mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berilgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Oldinroq G‘ijduvon tumanida 46 yoshli fuqaro o‘z turmush o‘rtog‘ining qotiliga aylangandi. 2021 yil 24 noyabr kuni 70 yoshli fuqaro qo‘shnisini o‘roq bilan urib, 28 noyabr kuni esa 50 yoshli fuqaro turmush o‘rtog‘ining jiyanini pichoqlab o‘ldirgandi.  

Mavzuga oid