Nega odamlar onlayn auksiondan ijro hujjatlari bo‘yicha mulk sotib olishga shoshilmayapti? - rasmiylar bilan suhbat
Yer maydonlari faqat auksion orqali sotib olinishiga oid tartib kuchga kirganiga ancha bo‘ldi. MIB va “E-AUKSION” elektron savdo platformasi nafaqat ko‘chmas mulk, balki avtomobillar va boshqa turdagi mol-mulklarni muntazam sotuvga chiqarib turibdi. Lekin xaridlar faol emas. Buning sababi nimada?
Mavzu yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Orif Bozorov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” DUK rahbari Sohibjon Murodovlar bilan suhbatlashdik.
– Avvalo umumiy ma’lumotlar bersangiz, masalan so‘nggi bir yilda nechta mulk savdoga qo‘yildi va ularning necha foizi realizatsiya qilindi?
Orif Bozorov: – Suhbatimiz boshida shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki onlayn auksion savdolariga chiqariladigan mol-mulklarni shartli ravishda ikki toifaga bo‘lish mumkin. Birinchi toifa bu qarzdorlikni qoplash uchun garov ta’minoti bo‘lgan mol-mulklardir. Bu turdagi mol-mulklarni qarzdorlikni qoplash evasiga sotish sudning ijro hujjatida belgilab qo‘yilgan bo‘ladi va mol-mulkning narxi ham aniq bo‘ladi. Ya’ni garovga qo‘yuvchi bilan garovga oluvchi o‘rtasida garov shartnomasi rasmiylashtirilganda mol-mulkning narxi ham kelishib olingan bo‘ladi. Ikkinchi toifa esa bu ijro ishi yuzasidan majburiy ijro harakatlari davomida aniqlanib, xatlangan mol-mulklardir. Bu toifadagi mol-mulklar davlat ijrochisi tomonidan narxlatilib, auksion savdolariga qo‘yiladi.
Endi raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2021 yilning o‘tgan davrida Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan jami 970 dona 2,4 trillion so‘mlik mol-mulklar auksion savdolariga chiqarilgan, bulardan 286 dona 201.5 milliard so‘mlik yoki 8,4 foizi bugungi kunga qadar sotilgan.
Sohibjon Murodov: – “E-AUKSION” elektron savdo platformasi 2017 yilda bir yo‘nalishda faoliyat boshlagan bo‘lsa, tizimga ishonchning ortib borishi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.07.2021 yildagi PQ-5197-sonli va boshqa qarorlari qabul qilingach 19 ta yo‘nalishga, kelgusi yil boshidan 25 ta yo‘nalishdagi elektron savdo turiga yetadi.
Dastlabki yilda yillik savdo hajmi 42 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, xaridorlar faolligi va tizimga bo‘lgan qiziqishining ortishi natijasida 2021 yil 11 oyida savdo hajmi 2,3 trln so‘mdan oshdi. Birgina oxirgi uch oyda platforma orqali 1 trln so‘mdan ortiq mulklar sotildi va ijaraga berildi.
Onlayn auksion savdolarida 2017 yilda 2800 ta ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa, 2021 yilda ishtirokchilar soni 100 mingdan ortdi.
Ayni paytda platformada 40 mingdan ortiq mulklar savdoda turibdi. Istalgan shaxs platformadan ro‘yxatdan o‘tib 400 dan ortiq davlat aktivlari, 1,7 mingdan ortiq ko‘chmas mulklar, 860 dan ortiq avtomototransport vositalari, 34 mingga yaqin yer uchastkalari va boshqa mulklarni sotib olishi mumkin.
2021 yil boshidan umumiy qiymati 9,6 trln so‘mlik 52,1 ming mulk va mulkiy huquq savdoga chiqarilgan bo‘lsa, ushbu davrda 23 ming mulk (qariyb 44 foizi) sotildi. Platformada bugungi kunda mavjud mulklarning qariyb 70 foizini tadbirkorlik faoliyati uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari tashkil etadi.
– Ko‘rsatkichlar ancha past emasmi?
Orif Bozorov: – Bir qarashda shunday. Lekin bu yerda boshqa jihat ham bor – sotilmagan mol-mulklarning aksariyat qismi sudlar tomonidan chiqarilgan ijro hujjatlarining to‘xtatilishi yoki bekor qilinishi holatlariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, hali auksion savdolari o‘tkazilishi kutilayotgan yoki auksion savdolari o‘tkazilgunga qadar qarzdorlik to‘liq bartaraf etilganligi sababli auksion savdolaridan qaytarib olingan mol-mulklar ham mavjud.
Ma’lumot uchun: Toshkent shahrida MIB tomonidan 2021 yilda jami 970 dona, 2,4 trillion so‘mlik mol-mulklar auksion savdolariga chiqarilgan. Bulardan 201.5 milliard so‘mlik 286 dona, yoki 8,4 foizi bugungi kunga qadar sotilgan.
– Dastlabki bahoga nisbatan o‘sish ko‘rsatkichi qanaqa? Masalan, 10 mln so‘mlik mol-mulklar necha so‘mgacha oshirilgan holda sotilgan.
Orif Bozorov: – Bu savolingizga javob berishni dastavval onlayn auksion savdolarining o‘tkazish tartibidan boshlash maqsadga muvofiq bo‘lardi. Auksion savdolari o‘z nomi bilan onlayn tarzda o‘tkaziladi va bunda jarayonning shaffofligi muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni auksion ishtirokchilari jarayonda masofadan turib qatnashadilar. Sotuvga qo‘yilgan mol-mulkning toifasi va holatidan kelib chiqib jarayonda narx ham ko‘tarilib borishi mumkin. Aytaylik, avtotransport vositalari ishlab chiqarilgan yili va holati, yurgan masofasidan kelib chiqib auksion ishtirokchilari lotning narxini o‘zlari munosib ko‘rgan summagacha ko‘tarishlari mumkin. Turar yoki noturar joy binolarida ham xuddi shu kabi holatlar mulkning sotuv narxiga bevosita ta’sir qiladi. Binoning holati, qulay joylashuvi va keyinchalik undan foydalanishning qanchalik foyda keltirishi hisobga olinib, narxlar ham bir necha barobargacha ko‘tarilishi mumkin.
Ma’lumot uchun: 2021 yil 11 oyida savdo hajmi 2,3 trln so‘mdan oshgan.
Sohibjon Murodov: – Ushbu ko‘rsatkich mulkning turi va joylashgan joyiga qarab o‘zgaruvchan bo‘lib, elektron savdolarda mulklar boshlang‘ich narxiga nisbatan 5-10 foiz yoki 20-30 baravar qimmatroqqa sotilishi mumkin.
Misol uchun, Samarqand shahridagi boshlang‘ich narxi 90 mln so‘mlik 1,2 gektar yer uchastkasi auksionda 3 mlrd so‘mga yoki 34 barobar qimmatga sotildi.
Shu kabi, Toshkent shahridagi sobiq harbiy shaharcha bino va inshootlari boshlang‘ich narxiga nisbatan 30 foizga qimmatga sotildi va ushbu 30 foizlik ko‘rsatkich budjetga 62 mlrd so‘m qo‘shimcha tushum hamda zaxiraga aylandi.
– Xaridor qiziqishi sustligining asosiy sabablari nimada deb o‘ylaysiz? Kimningdir mulki boshqa birovga buyurmasligiga oid tushunchami, narxlar qimmatligidami yoki o‘sha mol-mulkka egalik huquqiga ishonch sustligidami?
Orif Bozorov: – Agar auksion savdolariga qo‘yilgan mol-mulklarning sotilishi jarayonini e’tibor bilan kuzatilsa, avtotransport vositalari va noturar joy obektlari jumladan savdo do‘konlari ishlab chiqarish maydonlari yoki xizmat ko‘rsatish obektlari yaxshi sotilishiga guvoh bo‘linadi. Buni ushbu mol-mulklarni keyinchalik foydalanish va ulardan kelishi mumkin bo‘lgan foyda bilan izohlash mumkin. Turar joylar va aholi yashab turgan xonadonlar sotuviga esa siz aytgandek qiziqish kamroq. Buning ham bir necha omillari mavjud albatta. Bizning mentalitetimizda shakllangan birovni mulki buyurmasligiga oid tushunchalarni inkor qilmagan holda uy-joy masalasida bozorda ham alternativ takliflarning ko‘pligi ham sabab o‘laroq ko‘rilishi mumkin.
Sohibjon Murodov: – Platformani ommalashtirish, mulklarni shaffof auksionlar orqali sotish yoki sotib olishga targ‘ib qilish ishlarini keng qamrovda olib bormoqdamiz. Albatta, Sud va boshqa organlar ijro hujjatlari asosida asosan nizoli mulklar savdoga chiqariladi va sotib olgan xaridorlarga mulkni topshirish jarayonida sobiq mulkdorlar bilan tabiiy ravishda muammoli vaziyatlar kuzatiladi.
Hozirda ayni shu holatlardan kelib chiqib, platformada ishtirokchini rozi qilish mexanizmini ishga tushirdik va sotilgan mulkni yangi xaridorga topshirilmagunga qadar buyurtmachiga sotuvdan tushgan mablag‘lar o‘tkazib berilmaydi va kafolat ta’minoti sifatida operatorda saqlab turiladi.
Sud va boshqa organlar ijro hujjatlari bo‘yicha savdoga qo‘yiladigan narxlar qimmat emas, balki qonunchilik asosida bir qator chegirmalar asosida bozor narxidan ancha arzon bahoda savdoga qo‘yiladi, pirovard maqsad ushbu mulkni boshqa shaxsga sotish emas, balki qarzdordan undiruvni tezlashtirish hisoblanadi. Aynan ushbu yo‘nalishdagi amaliyotda mulk elektron auksion savdosiga chiqarilgach sobiq mulkdorlar yoki qarzdorlar tomonidan qarzdorlikni qoplash va sud ijrochilari tomonidan belgilangan tartibda mulkni savdodan olish holatlari ko‘p kuzatiladi.
– Alohida masala – auksionga chiqarilgan mulklarning keyinchalik yana sud qarorlari bilan qaytarib olinishi, xaridorning puliga kuyishi yoki qator asabbuzarliklardan keyin qadrsizlangan holda bo‘lib-bo‘lib qaytarib olishi. Bu bo‘yicha qanday yechimlar ustida ishlanyapti?
Orif Bozorov: – Haqiqatdan yaqin kunlarda bu kabi muammolar bor edi. Aytish mumkinki, bunday holatlar jami realizatsiya qilingan mol-mulklarning ichida juda kam hollarda kuzatilsa-da, bir dona shunday holatning mavjudligi ham bu haqda bosh qotirishga va masalaning yechimini qidirishga yetarli asos bo‘la oladi. Shu maqsadda joriy yilning 24 iyul kuni prezidentimizning “Elektron onlayn auksionni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, uning shaffofligini oshirish hamda ishtirokchilar huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ 5197-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq elektron onlayn-auksion ishtirokchilari huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash maqsadida, elektron onlayn-auksionni tashkil etish va o‘tkazish tartibidan tashqari bo‘lgan tartib-taomillarga rioya qilinmaganligi uchun auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani bekor qilish yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi, deb belgilab qo‘yilgan. Aytish mumkinki, shu qaror bilan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgandek holatlarning oldi olinadi.
Sohibjon Murodov: – Qo‘shimcha qilib aytishim mumkinki, bunday holatlar asosan sud va boshqa organlar ijro hujjatlari asosida savdoga chiqadigan “nizoli” mulklarda kuzatiladi, lekin ular umumiy savdoda sotilgan mulklarning 1 foizini ham tashkil etmaydi.
Ishtirokchi manfaatlarini huquqiy himoya qilish bo‘yicha davlat rahbarining yaqinda qabul qilingan qarorlari bilan yechim topildi va hozirda amaliyotga kiritdik.
Ya’ni yuqorida aytilganiday auksion g‘olibi “mulkni qabul qildim” tugmasini bosganidan keyingina u to‘lagan mablag‘ buyurtmachiga o‘tkazib beriladi, ijro hujjatlari bo‘yicha avtomototransport vositalarini realizatsiya qilishda elektron auksion bayonnomasi uni taqiqdan yechish, auksion g‘olibi nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish (hisobga qo‘yish) uchun asos hisoblanadi, majburiy tartibda undirish uchun yuborilmagan ma’muriy jarimalarni to‘lash majburiyati avtomototransport vositasining sobiq egasi zimmasida qolishi tartibi joriy etildi.
– Xorijda sud qarori asosida auksionga chiqarilgan mulklar birinchi navbatda sobiq egasiga sotilishiga oid amaliyot qo‘llaniladi. Bizda ham bu borada qandaydir uslublar qo‘llaniladimi?
Ma’lumot uchun: Qarorga muvofiq elektron onlayn-auksion ishtirokchilari huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash maqsadida, elektron onlayn-auksionni tashkil etish va o‘tkazish tartibidan tashqari bo‘lgan tartib-taomillarga rioya qilinmaganligi uchun auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani bekor qilish yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi, deb belgilab qo‘yilgan.
Orif Bozorov: – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 31.07.2017 yildagi PQ 3149-sonli qaroriga asosan “E-AUKSION” elektron savdo platformasi barcha fuqarolar uchun ochiq dastur hisoblanadi. Bunda auksion savdolarida barcha jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etishlari mumkin. Shu jumladan qarzdor yoki mulk egasi ham. Shundan kelib chiqib, bizda xorijdagi kabi birinchi navbatda mulk egasiga mol-mulkni sotib olish imkoniyati berilmagan bo‘lsa ham, mulk egasining umumiy asoslarda mol-mulkni hamma qatori sotib olish imkoniyati bor, degan xulosaga kelinadi.
Sohibjon Murodov: – Bizda sud va boshqa organlar ijro hujjatlari asosida savdoga chiqadigan mulklar bo‘yicha hech kimga bunday ustuvorlik huquqi belgilanmagan.
Ushbu amaliyot geologiya sohasidagi ayrim yer qa’ri uchastkalari hamda “temir daftar” “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”da hisobga olingan fuqarolarga dehqon xo‘jaligi uchun ijaraga beriladigan yer uchastkalari bo‘yicha joriy qilinishi rejalashtirilmoqda.
Abror Zohidov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
08:00 / 05.12.2024
321 mln so‘mni talon-toroj qilgan MIB xodimi ushlandi
13:29 / 30.11.2024
MIB Sud ijrochilari xalqaro ittifoqi bilan hamkorlik qiladi
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
07:37 / 08.11.2024