O‘zbekiston | 17:53 / 25.12.2021
29567
6 daqiqa o‘qiladi

Sovuq kunlarda odamlar joniga ora kirayotgan antiqa «opilka-pechka»

Kunlar sovishi hamono qishloqlarda uy isitish muammosi ko‘ndalang bo‘ladi. Kimdir yozda «biram yaxshi» yonayotgan gazi sovuq tushgach pastlab qolganidan shikoyat qilsa, boshqasi bir mashina o‘tinni falon pulga oldim, deb «maqtanadi».

Ko‘mir sotadigan maskanlar ham shu kunlarda ancha «qimirlab» qolgan. Qishloq odamlari ko‘klamga eson-omon chiqib olish haqida o‘ylaydi.

Farg‘ona viloyatining ayrim qishloqlarida «opilka-pechka» ancha ommalashgan. Odamlar sovuq kunlar boshlanmasdan sexlariga avvaldan pulini to‘lab, yog‘och qipig‘ini xarid qilib qo‘yishar ekan. Chunki qishda opilka narxi ko‘tarilib ketadi.

Qo‘shtepa tumani Do‘rmon qishlog‘idagi yog‘ochga ishlov berish sexida ishlovchi Muhammadzoir Ne’matovdan yog‘och qipig‘i haqida so‘radik. Uning aytishicha, bir pritsep «opilka» sexda 2-3 oyda to‘planar ekan. Ayni paytda bir pritsep opilka narxi o‘rtacha 2 million so‘mdan sotilayotgan ekan. «Mavsum»da «opilka» narxi 2,5–3 million so‘mgacha ko‘tariladi.

Xo‘jalik mollari sotiladigan do‘konlarning biridan «opilka-pechka»ni qidirib topdik. Sotuvchi bunday pechka 150 ming so‘mdan sotilayotganini aytdi.

So‘ng alomat pechka qanday ishlashini bilish maqsadida shu qishloqda yashovchi fuqarolardan biri Ro‘zmatjon Nazirov xonadoniga kirdik. Xonadon sohibi qoplarda qipiqlarni qishga hozirlab qo‘ygan ekan.

Ro‘zmat aka pechkaning ishlashi, uy isitish uchun qulay bo‘lgan tomonlarini sanab o‘tdi.

«Gaz kelmay qo‘yganidan keyin «opilka» yoqishni boshlaganmiz. Yaxshi tomoni — undan hid chiqmas ekan. Nafas yo‘llari kasali bilan og‘riyotgan bemorlar uchun bu ayni muddao. Turmush o‘rtog‘imning ko‘mir va o‘tin tutuniga allergiyasi bo‘lgani uchun ham arratopon (qipiqni shunday deyishar ekan — S.Z.) sotib oldik. Uning eng qulay tomoni — hidi yo‘qligi.

Pechkaga bir marta «zapravka» qilingan opilka 10 soat davomida uyni isitib turar ekan. Ertalab pechkaga qipiq solsangiz kechgacha uyingiz issiq turadi. Agar pechkangiz kattaroq bo‘lsa, unga 2 qop yog‘och qipig‘i sig‘adigan bo‘lsa, uyingiz bir sutka davomida isiydi».

Pechka ichiga solgan qipiqning kuli ham qolmaydi. Yonib kul bo‘lib yo‘q bo‘lib ketadi. Agar pechkaga o‘tin yoki ko‘mir solsangiz uning kulini tozalash kerak. Bu pechkada esa unday emas», — deydi Ro‘zmat aka.

Ro‘zmat aka ko‘pchilik bahordayoq qipiqni uylariga olib kelib qishga g‘aram qilib qo‘yishi haqida gapirib berdi.

«Qishloq ahli bahordayoq harakatga tushib qoladi. Arzonligida bir «pritsep» arratopon «ag‘darib» oladi. Bahorda topon olishga ulgurmaganlar ilojsizlikdan qishda qimmatligiga qaramay sotib olishga majbur.

Chol va kampir arratopon pechkada isinyapmiz. Kelinlar uchun alohida xonada ko‘mir va o‘tin yoqiladi. Kunduzi kelinlar va o‘g‘illar hammasi bir oilada jam bo‘lib opilka pechka o‘rnatilgan uyda jon saqlaymiz», — deydi u.

Oila boshlig‘i qurilma dudburoni yordamida uy haroratini ko‘tarish mumkinligi xususida ham to‘xtaldi.

«Shamol esganida ozroq tutun qaytarishi mumkin. Boshqa noqulay tomonlari yo‘q. Uy haroratini bir xilda ushlab turadi. O‘tinga o‘xshab «guv» etib yonib, uyni tezda isitib yuborib, keyin o‘chib qolmaydi. Pechkaning «dimoxodi» bor. Kattaroq ochib qo‘ysangiz tezroq yonadi. «Dimoxodini» ozroq berkitib qo‘ysangiz, sekinroq yonadi», — deydi u.

Ro‘zmat aka pechkani yog‘och qipig‘i bilan qanday to‘ldirishni ko‘rsatib berdi. Tutun uchun yo‘l hosil qilish  uchun pechkaning pastki tuynugiga bir yog‘och hamda unga perpendikulyar tarzda tepa qismidan ham yog‘och solinadi. So‘ngra idishga qipiq to‘ldirib uning ustiga chiqib, oyoq bilan yaxshilab bosilar ekan.

«Agar qipiq yaxshilab bosilmasa, yaxshi yonmaydi, ham uyga tutun qaytarishi mumkin. Pechka ichida havo aylanishi kerak. Qo‘ni-qo‘shnilarim ham holatiga qarab opilka pechkadan, ayrimlar esa o‘tin va ko‘mirdan foydalanishadi», — deydi Ro‘zmat aka.

Ro‘zmat akaning aytishicha, daraxt qipig‘i un qopiga solinsa, ichida yaxshi quriydi. Tsellofan qopda qipiq tarkibidagi suv bug‘lanmasdan, nam holicha turaverar ekan.

Qishloqqa tabiiy gaz kelmay qo‘yganidan boshlab aholi allaqachon sharoitga moslashgan. Ular opilka pechka singari uy isitishga moslashtirilgan «kashfiyotlar» qilishda davom etmoqda.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid