O‘zbekiston | 15:46 / 25.12.2021
24158
4 daqiqa o‘qiladi

Transport vositasini mast holda boshqarganlik uchun jazo choralari kuchaytirilishi kutilmoqda

Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik bo‘yicha kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi takliflar ma’qullansa, mast holda transport boshqarganlarga nisbatan jazo choralari kuchaytiriladi. 

Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

23 dekabr kuni Toshkentda yuk avtomobillari bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga doir yig‘ilish o‘tkazildi. Unda qatnashgan IIV YHXBB boshlig‘i polkovnik Olim Saidov yuk mashinalari ishtirokida sodir etilayotgan “avariya” lar bo‘yicha ma’lumot berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, 2021 yilning o‘tgan 11 oyida respublikada sodir etilgan YTHlar soni 8 ming 731 tani tashkil etdi. Shundan 964 tasi (11 foiz) yuk avtomobillari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

Yig‘ilishda spirtli ichimlik iste’mol qilib rul boshqarayotgan haydovchilar ham ko‘p uchrayotgani, ularga nisbatan jazo choralari kuchaytirilishi aytildi.

“Transport vositasini spirtli ichimlik ichgan holda boshqarish jinoyat. Hozir ayni shu yo‘nalishda Ma’muriy va Jinoyat kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar kiritilgan. Bu mutasaddi idoralar tomonidan o‘rganib chiqilyapti”, — dedi Olim Saidov.

Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

Ma’lumot berilishicha, yil davomida yuk tashish bilan bog‘liq “avariya”larda 396 kishi halok bo‘lgan, 804 nafar fuqaro jarohatlangan.

“Masalan, 24 avgust kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani hududidan o‘tuvchi 4R–2 avtomobil yo‘lida haydovchi Saparbayev o‘zining “Howo” rusumli avtomobilini mast holda boshqarib, oldinda harakatlanib kelayotgan transport vositasini quvib o‘tish uchun qarama-qarshi yo‘nalishga chiqqan va ushbu yo‘nalishda kelayotgan haydovchi Ismailov boshqaruvidagi “Neksiya-3” avtomobili bilan to‘qnashgan. Natijada “Neksiya-3” haydovchisi voqea joyida vafot etgan. Bunday holatdagi qoidabuzarlik bo‘yicha misollarni ko‘plab keltirish mumkin”, — dedi polkovnik.

Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

Olim Saidovga ko‘ra, haydovchilar tayyorlaydigan o‘quv markazlarining «B» va «C» toifadagi haydovchilarni tayyorlash tizimida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida joylashgan o‘quv tashkilotlarining 4 tasi tekshirilganida, 25 nafar haydovchi darslarga sababsiz qatnashmagani aniqlangan.

“Bu holatga nima deb izoh berish mumkin? Ular qanday qilib o‘qishga qatnashmaydi? U o‘quv tashkilotini bitirgan haydovchi ertaga qanday harakatlanadi? Qayerda bu ko‘nikmalarni hosil qiladi, bilimni qayerdan oladi?”, — deya savol berdi YHXBB rahbari.

Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda respublika bo‘yicha yuklar aylanmasi 112, 3 foizga oshgan. Mazkur yuklarning 74, 2 foizi avtomobil transporti yordamida tashilgan. Respublikada ro‘yxatga olingan 3,8 mln.ga yaqin transport vositalarining 8 foizi yoki 295 mingtasi yuk avtomobillari hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Mavzuga oid