Jamiyat | 15:22 / 26.12.2021
48084
3 daqiqa o‘qiladi

“Papayya, zaytun, kivi va banan pishdi” - buloqboshilik shifokorning ajabtovur bog‘i

Inson biror ishga mehr bilan yondashsa, uddasidan chiqishiga Buloqboshi tumanining Shirmonbuloq qishlog‘ida bo‘lib amin bo‘ldik. Shifokor Odiljon Siddiqov o‘zining mo‘’jaz issiqxonasida papayya, feyxoa, zaytun, mandarin, limon, greypfrut, marakuyya, goji, banan, kivi kabi o‘ndan ziyod o‘zga yurt o‘simliklarini parvarish qilyapti.

Bog‘bon o‘z xonadonida issiqxona tashkil qilib, turli ko‘chatlarni parvarish qilayotganiga ikki yarim yil bo‘libdi. Lekin yutuqlari havas qilgudek.

Bir yarim sotixdan ikkita issiqxonaning birida ko‘chatlar yetishtirib aholiga tarqatayotgan bo‘lsa, yana birida sitrus va tropik mevalar pishyapti.

Odilbek kasbi shifokor bo‘lgani uchun har bir daraxtni ekishda inson organizmi uchun foydali tomonlariga e’tibor qaratganini aytadi.

Papayya – disk churrasi, oshqozon-ichak hazmi, qandli diabet bilan bog‘liq kasalliklari, o‘n ikki barmoq ichaklardagi yara, jigar kasalliklariga, limon esa qon bosimi bilan og‘riganlarga davo bo‘lsa, goji mevasida inson uchun kerak bo‘lgan eng kerakli o‘ndan ziyod kimyoviy elementlar mavjud, deydi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, issiqxonadagi mevalar “tabiiy dorixona” ekan.

“Bunday o‘zgacha mevalarni yetishtirish men uchun nafaqat tadbirkorlik, balki men bu ishimdan zavq ham olaman. Ikki yil oldin issiqxona qilib, boshqalarga o‘xshab, pomidor, bodring yoki ko‘kat emas, o‘zgacharoq narsalar ekishni niyat qildik. Asta-sekin tajriba oshib, yutuqlarga erishyapmiz. Har bir daraxtni o‘rganib chiqib, o‘z iqlimimizga moslashtiryapmiz.

Zaytun daraxtidan mevasini terib olib iste’mol qilishni xohlardik. Mana o‘sha zaytun xonadonimizda pishib yetildi. Maqsadimiz – mana shunday noyob o‘simliklarni tabiatimizga moslashtirib ko‘paytirish”, deydi Odiljon Siddiqov.

 

Bog‘bon issiqxonasidagi barcha daraxtlarni birma-bir tanishtirib chiqdi. Biz limon va bergomotning farqini, o‘zbek seleksionerlari ijodi bo‘lgan limonning F1 navi issiqxonadagi barcha limonlarni changlatishi, kividan o‘zimizning tabiiy sharoitda hosil olish mumkinligini bilib oldik.

Issiqxonada to‘ti, kanareyka, sa’va kabi qushlar uchib yuribdi. Odiljon mana shu qushlar tabiiy termometr ekanini aytdi. Agar qushlar hurpayib sovqotib qolganini bildirsa, issiqxona haroratini ko‘tarish kerakligi bilinar ekan.

Bog‘bonga “Daromad qanday bo‘lyapti?” degan savolni ham berdik. “Hozircha yiliga 30-40 million so‘m daromad topyapman”, deydi Odiljon. Uch sotixgina joydan olinayotgan foyda yomon emas.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid