O‘zbekiston | 15:54 / 27.12.2021
9532
8 daqiqa o‘qiladi

Foto: Prezident 4 davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Latviya, Vengriya, Fransiya va Saudiya Arabistoni Podshohligi elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

27 dekabr kuni xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Latviya Respublikasi elchisi Reynis Troksha, Vengriya elchisi Dyula Kovach, Fransiya Respublikasi elchisi Oreliya Bushez va Saudiya Arabistoni Podshohligi elchisi Yusuf al-Utaybiydan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlat rahbari yangi tayinlangan elchilarni mamlakatimizda diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan konstruktiv muloqotni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga muhim ahamiyat qaratayotgani ta’kidlandi.

Prezident mamlakatimiz demokratik yangilanishlarni davom ettirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida kompleks islothotlarni amalga oshirishda izchillikni ta’minlash yo‘lida qat’iy ekanini qayd etdi.

Taraqqiyot strategiyasida har bir fuqaroning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, erkin va  ochiq jamiyat, xalqchil davlat barpo etish bosh maqsad qilib belgilangan.

O‘zbekistonni 2030 yilga borib aholi daromadlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan mamlakatga aylantirish asosiy vazifadir. Shu maqsadda bozor islohotlarini chuqurlashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiya va texnologiyalarni keng jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya bundan buyon ham davom ettiriladi.

Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va sheriklik aloqalarini mustahkamlab borish ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

O‘zbekiston Rossiya, Xitoy, AQSh, shuningdek, Yevropa, Janubiy Osiyo, Osiyo-Tinch okeani va Yaqin Sharq davlatlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Prezident ta’kidlaganidek, biz dunyoga, dunyo esa bizga ochiq bo‘lishi kerak – bu bugungi taraqqiyotning asosiy talabi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi yangi tahrirda qabul qilinadi.

«Mintaqamizning ajralmas qismi sifatida qaralayotgan Afg‘onistondagi vaziyatning tartibga solinishini davlatimiz rahbari xavfsizlikni ta’minlashning eng muhim omili, deb atadi. O‘zbekiston yaqin qo‘shnimiz bo‘lgan ushbu mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqirozga yo‘l qo‘ymaslik, tinchlik o‘rnatilishiga ko‘maklashish uchun xalqaro hamjamiyat bilan keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor», dedi prezident.

O‘zbekiston yetakchisi yangi tayinlangan elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan keng ko‘lamli va uzoq muddatli hamkorlikning istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.

Latviya O‘zbekistonning Yevropadagi ishonchli va muhim sherigi bo‘lib, uzoq yillardan buyon mamlakatimizning Boltiq va Skandivaniya bozorlariga chiqishida ko‘maklashib kelmoqda.

Davlatlarimiz o‘rtasida an’anaviy do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlar qaror topgan. Latviya Respublikasi xalqaro tashkilotlar va Yevropa Ittifoqi doirasida mamlakatimizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Shu bilan birga, hamkorlikni rivojlantirish uchun hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjud. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo munosabatlarning salohiyatidan samarali foydalanish, transport, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati, turizm sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni faol ilgari surish zarurligi ta’kidlandi.

Latviya yuqori darajadagi delegatsiyalarining 2022 yilga rejalashtirilgan O‘zbekistonga tashriflari hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

O‘zbekiston yetakchisi Vengriya bilan ko‘p asrlik tarixiy yaqinlik va xalqlarimizning qardoshlik rishtalariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlar keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning joriy yil mart oyidagi O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston-Vengriya hamkorligi strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi konstruktiv muloqotning davom ettirilishi davlatlararo munosabatlarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshdi. Vengriyaning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Hududlararo hamkorlik mexanizmi yaratildi. Joriy yil iyun oyida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlarining birinchi forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Sentabr oyidan boshlab Vengriya oliy ta’lim dargohlarida “Xungarikum” dasturi doirasida o‘zbekistonlik talabalar tahsil ola boshladi.

Qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, mashinasozlik, farmatsevtika, logistika, turizm kabi muhim sohalarda hamkorlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Ulkan xalqaro nufuz va salmoqli iqtisodiy salohiyatga ega Fransiya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim sheriklaridan biridir.

2018 yil oktyabrda Fransiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi rasmiy tashrif hamda joriy yil avgust oyida Prezident Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqotlar O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga xizmat qildi.

O‘zbekistonda Fransiya kompaniyalari bilan birgalikda qator o‘zaro manfaatli loyihalar amalga oshirilmoqda. Jizzax viloyatida “Renault” avtomobillarini ishlab chiqarish, “EDF” bilan birgalikda energetika obektlarini, “Veolia” ishtirokida kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish,  “Total Eren” bilan hamkorlikda quyosh elektr stansiyasini qurish shular jumlasidan.

O‘zbekiston prezidenti mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy loyiha va dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashayotgan Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikni yuqori baholadi.

Yurtimiz innovatsiya, qishloq xo‘jaligi, aviasozlik, tog‘-kon sanoati, tibbiyot, ta’lim va turizm sohalarida istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Qayd etilganidek, 2022 yilda Luvr muzeyida O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkaziladi.

Davlatimiz rahbari Fransiyaning 2022 yilning birinchi yarmida YeI Kengashiga raisligi davrida O‘zbekistonning Yevroittifoqqa a’zo mamlakatlar bilan ko‘p tomonlama aloqalari yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Saudiya Arabistoni nafaqat arab-musulmon olamida, balki butun dunyoda katta nufuzga va moliyaviy-iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lib, O‘zbekistonning muhim hamkoridir.

Ikki muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon Ol Saud va Valiahd Muhammad Ol Saud bilan uchrashuvlar ikki tomonlama munosabatlar rivojiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishladi, dedi Prezidentimiz.

Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal va Investitsiya vaziri Xolid al-Falihning joriy yilda mamlakatimizga amalga oshirgan tashriflari O‘zbekiston-Saudiya hamkorligini kengaytirish va mustahkamlashga muhim hissa qo‘shdi.

Prezidentimiz mamlakatimiz hududlarida Saudiyaning “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda energetika sohasida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ham salmoqli moliyaviy ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.

Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, Saudiya kompaniyalari bilan yangi loyihalarni ilgari surish muhim ekani ta’kidlandi.

Ishonch yorliqlarini topshirish marosimi yakunida O‘zbekiston Prezidenti xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga ularning O‘zbekiston Respublikasi bilan do‘stlik rishtalari va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishga bor kuch-g‘ayrati, bilimi va professional tajribasini qaratishlarini qayd etdilar.

Mavzuga oid