Eldorning «Roma»ga o‘tishidan Odilning xayrlashuvigacha. O‘zbek futbolining 2021 yildagi eng muhim 10 voqeasi
2021 yil o‘zbek futbolida voqealarga boy bo‘ldi. Ammo, xorijdagi legionerlar mavsum davomida har qancha quvonchimizga sabab bo‘lishmasin, yakunlanayotgan yil futbolimizda unutilmas g‘alaba va quvonchli onlar bilan emas, ko‘proq milliy jamoamizning tarixiy muvaffaqiyatsizligi hamda o‘zgarishlar bilan yodda qoldi. Tribuna.uz sayti 2021 yilda o‘zbek futbolida ro‘y bergan eng muhim 10 voqeani saraladi.
Yil muvaffaqiyatsizligi: O‘zbekiston eng yomon natijasini qayd etdi
O‘zbek futbolida oxirlab borayotgan 2021 yildagi voqealarni sarhisob qilib, O‘zbekiston milliy jamoasining muvaffaqiyatsizligidan-da omadsizroq natijani ilg‘amadik.
Vadim Abramov bosh murabbiyligidagi jamoa JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichi 2-davrasiga tayyorgarlik uchun qariyb 1,5 yil vaqtga ega bo‘lsa-da, pandemiya sababli Saudiya Arabistoniga ko‘chirilgan markazlashgan turnirga tayyor emasligi ko‘rinib qoldi. Iyun oyida O‘zbekiston 3-bosqichga chiqish yo‘lidagi hal qiluvchi o‘yinda safarda Saudiya Arabistoniga yirik hisobda yutqazdi (0:3) va o‘z tarixida ilk bor 2-bosqichdayoq JCh yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi. Shu tariqa, muxlislar azaliy orzu bo‘lib qolayotgan navbatdagi mundial bilan juda erta xayrlashishdi.
Yil o‘zgarishi: Xayr Abramov, salom Katanets!
O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatlari saralashidagi eng yomon natijasini qayd etgach, 19 iyun kuni O‘FAda katta yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov milliy jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov va murabbiylar shtabi to‘liq tarkibda iste’foga chiqarilganini e’lon qildi.
«O‘zbekiston milliy jamoasi 2019 yil Falastindan mag‘lub bo‘lgach, meni bosh murabbiy etib tayinlashgan va oldimga milliy jamoani keyingi bosqichga olib chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Ammo pandemiya tufayli Shimoliy Koreya JCh-2022 saralashidan chiqib ketdi va FIFA boshqa guruhlardagi 2-o‘rindagi jamoalardan 6 ochko olib tashladi. Oxir-oqibat Livan 10 ochko bilan keyingi bosqichga chiqdi, O‘zbekiston esa 15 ochko bilan qolib ketdi. Bosh murabbiy sifatida hamma aybni o‘z bo‘yimniga olaman. Futbol muxlislaridan uzr so‘rayman. Murabbiy bo‘lib ishlaganimda ikki markaziy himoyachi va darvozabonni tayyorlay olmadik. Bu muammo bizga pand berdi.
Odil Ahmedov nima uchun himoyada o‘ynadi? O‘yindan oldin aksariyat futbolchilar kelib, Odil himoyada o‘ynamoqchi ekanligini aytishdi. Aniqrog‘i, Aziz Haydarov kelib shunday dedi. Yakunda birgalikda shunday qarorga keldik. Futbolchilar bu haqda so‘raganidan keyin buni rad eta olmadim va Ahmedov himoyaga qo‘yilgandi», – dedi Vadim Karlenovich. Bu uning milliy jamoa bosh murabbiyi sifatidagi so‘nggi so‘zlari bo‘ldi.
Oradan ikki oy o‘tgach, O‘FA sloveniyalik taniqli mutaxassis, Iroq milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Srechko Katanetsni O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinladi.
Yil «kambeki»: Klublar davlat aktivlarini boshqarish agentligidan hokimlik va tashkilotlarga qaytarildi
Superliga va Pro liga klublarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari 2020 yilda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘tkazilgan bo‘lsa, ropa-rosa bir yil o‘tib yana hokimliklarga qaytarildi.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, «Paxtakor» va «Bunyodkor» futbol klublarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari Toshkent shahar hokimligiga, yana 11ta klubning ulushi davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga o‘tkazib berildi. Bundan tashqari, «Nasaf», OKMK, «Buxoro», «Neftchi», «Lokomotiv», «Sho‘rtan», «Dinamo», «Metallurg», «Mash’al», «Navbahor» va «Surxon» professional futbol klublarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar – viloyat hokimliklari hamda «O‘zbekneftgaz», «O‘zmetkombinat»ga qaytarildi.
Yil transferi: Eldor Shomurodov «Roma»ga o‘tdi
Nihoyat, 2021 yilga kelib o‘zbekistonlik futbolchi Yevropaning top-klublaridan biri safiga o‘tdi. O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov 3 avgust kuni «Jyenoa»dan 17,5 million yevro evaziga «Roma»ga transfer qilindi. Joze Mourino murabbiyligidagi Rim klubi 26 yoshli o‘zbekistonlik forvard bilan 5 yillik – 2026 yilga qadar shartnoma tuzganini e’lon qildi.
Eldor A Seriyadagi ikkinchi mavsumida «Roma»da hozircha 15 o‘yinda maydonga tushib, 2ta gol va 3ta assistga mualliflik qildi.
Yil voqeasi: O‘zbek futbolida ilk marta maoshlar rasman ochiqlandi
2020 yil yakunlariga ko‘ra, «Paxtakor» 82,7 milliard so‘m qarz bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatiga qo‘shilgach, 2021 yil boshida klub homiysi « SFI Management Group» jamoani moliyalashtirishni to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi. Natijada, jamoa yana Toshkent shahar hokimiyatiga qaytarildi va shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev klubga yangi homiylarni biriktirdi. 17 iyun kuni Toshkent shahar hokimi jamoa bilan uchrashuvda 22 milliard so‘m pul mablag‘lari hisobidan futbolchilar, murabbiylar va klub xodimlarining maoshlaridan yig‘ilib qolgan qarzdorliklarni bartaraf etgach, bundan buyon klubdagi maoshlar e’lon qilinishini ma’lum qildi.
Shu tariqa, Superliga-2021dagi eng yuqori maosh oluvchi futbolchilar legionerlar – Eren Derdiyo‘q (yillik maosh 1,3 mln yevro) hamda Dragan Cheran (350 ming dollar) ekani oydinlashdi. Asosiy tarkibdagi mahalliy futbolchilarga esa bir xilda – yiliga 153 million 120 ming so‘mlik maosh tayinlangan bo‘lsa-da, masalan, jamoa himoyachisi Yegor Krimetsga yilllik maoshdan tashqari yana 4 milliard so‘mdan ortiq mukofot puli to‘langani, qolaversa, «Paxtakor»ning aksariyat futbolchilari yiliga 1 milliard so‘mdan ko‘proq mukofot puli olishi ochiqlandi. Bosh murabbiy Piter Hyustra esa yillik 350 ming yevro maosh olgan. Qayd etish kerakki, «Paxtakor» o‘z futbolchilarining maoshlari miqdorini ommaga ma’lum qilgan ilk o‘zbek klubi bo‘ldi.
Yil goli: Jasur Yaxshiboyev «Real» darvozasini ishg‘ol etdi
2021 yil davomida ikki mamlakat Polshaning «Legiya» va Moldovaning «Sherif» klublarida to‘p surgan Jasur Yaxshiboyev O‘zbekiston milliy jamoasi safida birorta ham o‘yinda maydonga tushmagan bo‘lsa-da, o‘zbek futbolchilari orasida «yil goli»ga mualliflik qildi.
Yozda Yevropa Chempionlar ligasida o‘ynash uchun ham «Sherif» klubi safiga qo‘shilgan Yaxshiboyev YeChL 2-turi doirasida 29 sentabr kuni Madriddagi «Santyago Bernabeu» stadionida kechgan uchrashuvda katta sahnaga chiqdi. O‘zbekistonlik forvard Tibo Kurtua darvozasini ishg‘ol etib, yakunda jamoasining Madriddagi sensatsion g‘alabasiga sababchi bo‘ldi.
https://t.me/tribunauznews/88656
Bungacha «Barsa»ning «Santyago Bernabeu»da «Real» darvozasiga kiritgan gollarini televizor orqali ko‘rib quvongan Yaxshiboyev endi o‘zi ishqibozlik qiladigan klubning asosiy raqibi darvozasini ishg‘ol etgandi. O‘zbek futbolchisining Madridda kiritgan ilk goli, tabiiyki «yil goli»ga aylandi.
Yil mojarosi: Superligada murabbiylar «yorildi»
Avvalgi yillardan farqli ravishda, 2021 yilda Superligada murabbiylar hakamlik va futboldagi qing‘irliklar haqida ochiq-oydin gapira boshlashdi. Bu chiqishlar o‘zbek futbolidagi asosiy mojaroga aylandi, deyish mumkin. Estafetani dastlab «Turon» bosh murabbiyi Islombek Ismoilov o‘z qo‘liga olgan bo‘lsa, undan keyin Hamidjon Aktamov («Qizilqum»), Jasur Abduraimov («Metallurg»), Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf»), Piter Hyuistra («Paxtakor») va Mikael Sekeyra («Lokomotiv») singari murabbiylar matbuot anjumanlarida «portlashdi».
Ayniqsa, Superliga 2-turi doirasidagi «So‘g‘diyona» - «Turon» (1:0) uchrashuvidan mehmonlar murabbiyi Islombek Ismoilov o‘zbek futbolidagi hakamlarning qing‘ir ishlari haqida «yorildi».
«Turon»ni aybi Superligaga chiqqanimi? Yoki hakamlarga pul bilan chiqmayotganimi? Bu narsani o‘tgan ikki o‘yinimizdan buyon umuman tushunib bo‘lmayapti. Bugungi vaziyatda to‘p futbolchining boshiga tekkanini butun dunyo, butun O‘zbekiston ko‘rib turibdi, hakam esa to‘p futbolchini boshiga tekkaniga penalti belgilayapti. Mana hozir o‘sha hakam kiyinish xonasiga kirsin, futbolchilar yig‘lab o‘tiribdi. Bularga qachon chora ko‘riladi? Qachongacha bunga chidash mumkin? Tozalaymiz deyishyapti, shumi tozalashayotgani?! Kelib ko‘mib ketmoqda. Uchta odam maydonda jamoani «kallasini olib tashlayapti». O‘zbekistonda shumi adolat? Qachongacha korrupsiyaga qarshi kurashish mumkin. Halol o‘yna deyishdi hammaga, biz halol o‘ynayapmiz, hakamlarga chiqayotganimiz yo‘q, mana ahvol! Pul bilan chiqmasangiz kallangizni olib tashlaydi! Kim chora ko‘radi bularga? Mayli, butun umrga futboldan chetlatishsa chetlatishsin! Hamma og‘zida gapiradi, amalda esa hech narsa yo‘q», - deya «Turon» bosh murabbiyi Islombek Ismoilovning so‘zlari shov-shuvga sabab bo‘lgandi.
Ko‘p o‘tmay, yosh murabbiy jamoaning qoniqarsiz natijalari sababli iste’foga chiqarildi, «Turon» esa so‘nggi 14-o‘rinda qolib mavsum yakunida Superligadan yana Pro ligaga ravona bo‘ldi.
Yil muvaffaqiyati: «Nasaf» OFK kubogi vitse-chempioni
Joriy yilda o‘zbekistonlik muxlislarni xalqaro maydondagi g‘alabalari bilan, o‘z muxlislarini esa O‘zbekiston kubogidagi g‘olibligi bilan quvontirgan klub «Nasaf» bo‘ldi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari yil davomida uchta final – Superkubok, O‘zbekiston kubogi va OFK kubogida to‘p surishdi. Ayniqsa, «Nasaf»ning xalqaro maydonda finalgacha yetib borishini o‘zbek futbolidagi yil muvaffaqiyati sifatida eslash mumkin.
Dastlab, Tojikistonda o‘tgan OFK kubogi guruh bosqich o‘yinlarida maksimal natija ko‘rsatgan vohaliklar 1-o‘rin bilan Markaziy Osiyo mintaqasi finaliga chiqib, Qarshida o‘tgan bahsda Turkmanistonning «Ahal» jamoasini mag‘lub etishdi (3:2). Navbatdagi mintaqalararo pley-off o‘yinlarida esa Hindistonning «Mohun Bagan» (6:0) va Hongkongning «Li Man» klubi to‘sig‘idan (3:2) o‘tildi.
5 noyabr kuni OFK kubogi finalida «Nasaf» safarda Bahraynning «Al Muharraq» klubiga qarshi saf tortib, kutilmaganda yirik hisobda mag‘lub (0:3) bo‘ldi. Shu tariqa, turnirni vitse-chempion sifatida yakunlangan Qarshi jamoasi OFK kubogi reglamentiga binoan, 750 ming AQSh dollari bilan mukofotlandi. Jamoa hujumchisi Husayn Norchayev 7ta gol bilan turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.
Yil sensatsiyasi: Pro liganing uch klubi Superligaga chiqdi
2021 yilgi O‘zbekiston chempionati kutilmagan natija bilan yakun topdi. Dastlab, Superligada so‘nggi o‘rinlarni egallagan xususiy klublar - «Turon» va «Andijon» Pro ligaga ravona bo‘lgan, ularning o‘rniga esa quyi ligadan Farg‘onaning «Neftchi» va Samarqandning «Dinamo» klublari elitaga yo‘llanma oldi.
Reglamentga binoan, Superligada 12-o‘rinni olgan «Mash’al» Pro ligada 3-o‘rinda bo‘lgan «Olimpik» jamoasiga qarshi o‘tish o‘yinida maydonga tushdi. Qizig‘i, odatda bungacha deyarli rasmiyatchilik uchun o‘tadigan ushbu bahsda bu safar quyi liga klubi «Olimpik» Superliga jamoasi bo‘lmish «Mash’al»ni sensatsion tarzda mag‘lub etib, Pro ligaga ravona qildi. Temur Kapadze murabbiyligida hali tashkil topganiga bir yil ham to‘lmagan yosh klub o‘z tarixida ilk marta Superligada to‘p suradigan bo‘ldi. Shu tariqa, o‘zbek futboli tarixida ilk bor quyi liganing uch jamoasi elitaga yo‘llanmani yutib oldi. Bungacha quyi liga saviya jihatdan Superligaga hozirdagidek yaqinlasha olmagandi.
Yil xayrlashuvi: Odil Ahmedov faoliyatini yakunladi
2021 yilda o‘zbek futbolidagi asosiy voqealardan biri Odil Ahmedovning dastlab milliy jamoadan ketishi, keyin esa futbol bilan xayrlashishi bo‘ldi. Yozda milliy jamoa JCh-2022 saralashini erta yakunlagach, O‘zbekiston milliy jamoasi sardori O‘FA rahbari o‘tkazgan tanqidiy yig‘ilishda bosh jamoadan ketishini e’lon qildi.
«Bugun juda ko‘p gapirildi, lekin men bitta narsani aytib o‘tmoqchiman – futbolni aldab bo‘lmaydi. Agar biz bugun o‘zgarmasak, har safar saralash yakunida shu yerda turib kechirim so‘raymiz. Futbolda mayda detallar ko‘p. Men gapiradigan bo‘lsam, bu bahonadek ko‘rinadi. Poydevor bo‘lmaganidan keyin natija ham bo‘lmaydi. Milliy jamoadagi faoliyatimni yakunladim», – degandi Odil Ahmedov.
18 dekabr kuni esa futbolchining faoliyatiga bag‘ishlangan «Odil Ahmedov: «Orzuning shonli yo‘li» kitobi taqdimot marosimida u futbolchilik faoliyatini tugatganini rasman e’lon qildi.
«Har bir narsaning boshi bo‘lganidek, oxiri ham bor. Yaqinda O‘zbekiston milliy jamoasidagi faoliyatimni yakunlaganim haqida e’lon qilgandim. Bugun esa o‘zim uchun yana bir og‘ir qarorni qabul qildim. Futbolchilik faoliyatimni yakunlaganimni ma’lum qilaman. Futboldagi eng birinchi muxlisim otam edilar. Endi esa u kishi yo‘q. Shu bois faoliyatimni yakunlash haqida qaror qildim», - dedi Odil futboldan ketishi sababini izohlab.
O‘zbek futboli afsonalaridan biri, 10 yil avval O‘zbekistonning Osiyo kubogidagi eng yaxshi natijasini qayd etgan o‘sha avlodning bosh jamoamizdagi so‘nggi vakili sanalmish Odil Ahmedovning milliy jamoa va yashil maydon bilan bu alfozda xayrlashishi – o‘zbek futbolining 2021 yildagi umumiy tasviridan qolgan eng asosiy xotira sifatida yodda qoladi. Har holda 2021 yil milliy jamoada Ahmedov nomi bilan bog‘lanadigan katta davrga ham nuqta qo‘yib berdi.
Usmon Ibodov
Mavzuga oid
21:40 / 18.12.2024
Transfermarkt Shomurodovning transfer bahosini pasaytirdi
22:07 / 09.10.2024
«O‘zbekiston so‘nggi marta bizga muammo tug‘dirganiga 12 yil bo‘ldi». Ozmun Shomurodovga javob qaytardi
22:57 / 04.10.2024
Eldor Shomurodov «Roma» bilan yangi shartnoma imzolaydi – Romano
12:18 / 26.08.2024