Sport | 13:04 / 30.12.2021
34965
4 daqiqa o‘qiladi

Jalolov va Jo‘rayev «bahsi»da durang, kashfiyot Rashidov, vazir chempion shaxmatchi haqida gapirdi

29 dekabr kuni Toshkentdagi «Hilton» mehmonxonasida «Uzbekistan Sport Awards-2021» milliy mukofoti g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Kechada 25ta nominatsiyada g‘oliblar e’lon qilindi. E’tiborlisi, eng asosiy sovrin – «Yilning eng yaxshi sportchisi» ikki yo‘nalishda tanlandi. Muxlislar o‘rtasidagi so‘rov natijalariga ko‘ra Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov, Respublika komissiyasi xulosasiga ko‘ra og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni Akbar Jo‘rayev eng yaxshi deb topildi. Har ikki sportchi ham 10 ming AQSh dollari mukofot puli bilan taqdirlandi.

«Yil kashfiyoti» sovrini – taekvondo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashitovga nasib qildi. «Yilning eng yaxshi yosh sportchisi» deb Nigina O‘ktamova (boks) va Kamronbek Qadamov (erkin kurash) e’tirof etildi.

Shuningdek, paralimpiyachilar —Elbek Sultonov («Yilning eng matonatli erkak sportchisi», para yengil atletika), Nurxon Qurbonova («Yilning eng matonatli ayol sportchisi», para yengil atletika), Sardor Abduxoliqov («Yilning eng yaxshi para sport murabbiyi», para yengil atletika), Boburjon Omonov («Yilning eng yaxshi yosh matonatli sportchisi», para yengil atletika), Asila Mirzayorova («Yilning eng yaxshi yosh matonatli sportchisi», para yengil atletika) g‘oliblar qatoridan o‘rin olishdi.

Marosimdan so‘ng «Yil sportchisi» Bahodir Jalolov Tribuna.uz jurnalistiga oldindagi rejalari haqida gapirib berdi:  «Professional boksda janglarimiz bor. Shuningdek, oldimizda Osiyo o‘yinlari turibdi. Xudo xohlasa, g‘alabalar bilan xursand qilamiz.

Hozircha havaskor boksdan ketish niyatim yo‘q. Lekin asosiy e’tiborimni professional janglarga qarataman».

Yana bir chempion Akbar Jo‘rayev mukofotni qo‘lga kiritganidan mamnunligini yashirmadi: «Barchaga kattakon rahmat. Men uchun juda ham omadli yil bo‘ldi. Olimpiada va jahon chempionatlarida g‘alaba qozondim, yilning eng yaxshi sportchisiga aylandim.

Ruslan Nuriddinov bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Jahon chempionatidagi g‘alabamdan xursand ekanliklarini aytib, menga omad tiladilar».

Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri, Shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov esa tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov ham munosib tarzda taqdirlanishini ta’kidladi: «Bunday yirik marosim ilk bor o‘tkazilmoqda. O‘tgan yillari sportchilarimizga yetarlicha ehtirom ko‘rsata olmagandik. Bu tadbirni yanada takomillashtiramiz. Zero, sovrinlar sportchilarga motivatsiya beradi.

Nodirbek Abdusattorov? Uning g‘alabasiga mantiqan ko‘pchilik ishonmagandi. Aslida doim yoshlarimizga ishonishimiz kerak.

Shaxmat federatsiyasi raisi sifatida aytishim mumkinki, Nodirbek munosib ravishda mukofotlanadi. Faqat faxriy yorliq berilishi haqidagi kinoyalar asossiz. 

Mana hozir e’lon qilinibdi: prezidentimiz tomonidan «Mard o‘g‘lon» mukofoti va 2 xonali uy berildi. Hali pul mukofoti ham bo‘ladi. Chempionni aeroportda tantanali kutib olamiz. Menimcha, butun Toshkent uni kutib olishga chiqadi».

A’zamjon Izzatillayev, Tribuna.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi — Abduvohid Umarov

Mavzuga oid