Jamiyat | 14:35 / 05.01.2022
2339
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda yer ostiga ko‘milgan kabellarni ekskavator yordamida kovlab, o‘g‘irlab ketildi

Foto: Tergov departamenti

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yer ostiga ko‘milgan kabellarni ekskavator yordamida kovlab olib, o‘g‘irlagan shaxslar ushlangan.

Ma’lum qilishicha, 2021 yil 17 dekabr kuni “O‘zneftgazaloqa” MChJ Ishlab-chiqarish texnologik aloqa boshqarmasi direktori G‘allaorol tumani IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida 2021 yil 14 dekabr kuni Zirabuloq-G‘allaorol magistralida 34 million 965 ming so‘mlik 2 400 metr kabel noma’lum shaxslar tomonidan ekskavator yordamida qazib olinib, o‘g‘irlab ketilganini ma’lum qilgan va o‘g‘rilarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, ushbu jinoyatni Zarbdor tumanida yashovchi, 26 yoshli I.I. va Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi 35 yoshli A.A. o‘zaro jinoiy til biriktirib, 2021 yil 12-16 dekabr kunlari sodir etgan.

Ular yerga ko‘milgan kabellarni kovlab olishda Hyundai mini ekskavatoridan foydalangan. I.I. va A.A.dan 37 metr kabel ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan G‘allaorol tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid