O‘zbekiston | 21:06 / 06.01.2022
8525
8 daqiqa o‘qiladi

Tuxum eksporti taqiqlangan. Veterinariya qo‘mitasi esa buni inkor etmoqda

Vazirlar Mahkamasining 16 dekabrdagi majlisi bayonnomasida 2022 yilning 1 apreliga qadar tuxum eksportiga taqiq qo‘yish bo‘yicha taklif ma’qullangan. Buning oqibatida fermer va tadbirkorlar katta moliyaviy muammolarga duch kelishganini aytishmoqda.

Foto: Vitaliy Belousov

Ijtimoiy tarmoqlarda 2022 yilning 1 apreligacha O‘zbekistondan xorijga tuxum eksport qilish bo‘yicha norasmiy taqiq qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqdagi qaror Vazirlar Mahkamasining 16 dekabrdagi majlisi bayonnomasida qabul qilingan.

Hujjatga ko‘ra, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish maqsadida tuxum eksportini to‘xtatish tashabbusi bilan chiqqan.

«Eshitishim bo‘yicha, mamlakat bo‘ylab tuxum eksportiga norasmiy taqiq qo‘yilgani quloqqa yetib kelmoqda. "Tuxumlarimiz sasib qolmoqda" deb aytmoqda bir tadbirkor. Mamlakatdagi tuxum yetishtiruvchilar asosan Afg‘onistonga eksport qilarkan. Qarangki, Tolibon hokimiyat tepasiga kelsa-da, tuxumga talab o‘zgarmagan.

Tushunarsiz sabab bilan mamlakat hududidan tuxum chiqarilmayapti deydi eksportchi tadbirkor. Aytishicha, mas’ullar unga og‘zaki topshiriq bor deb aytishmoqda ekan.

Avvalo, topshiriq og‘zaki bo‘ladimi, boshqami u yuridik kuchga ega bo‘lmaydi. Agar rostdan bu bo‘yicha aniq kuchga kirgan normativ-huquqiy hujjat bo‘lsa, boshqa gap edi. Bunday vaziyatda holat fors-major deb baholanishi mumkin. Lekin tuxum degan jonivor fors-majorni tushunadimi? U shartnoma shartlariga qarab o‘tirmaydi. Ayniydi, qo‘yadi. Bundan tadbirkor jabr ko‘radi. Tuxumi yaroqsiz holatga kelib qoladi, biznesi rasvo bo‘ladi. Keyingi yil tuxumam bo‘lmaydi, eksport ham. Ikkalasidan mosuvo bo‘lamiz. Tadbirkorlarni ogohlantirishmagan ham. Yana bitta bayonnoma asosida. Butun boshli eksport masalasiga qisqagina "og‘zaki topshiriq bor" deb ko‘chani ko‘rsatib yuboraverishgan», deb yozdi huquqshunos Bahodir Ahmedov o‘z Telegram kanalida.

Gazeta.uz bog‘langan Samarqand va Namangan viloyatlaridagi uchta fermer xo‘jaligi ham eksport qilish taqiqlangani haqidagi xabarlarni tasdiqlagan.

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi «Darg‘om parranda fayz» korxonasi cheklov faqat iste’mol qilinadigan tuxumlarga taalluqli ekanini, inkubatsiyadan chiqqan naslchilik tuxumlarini eksport qilish davom etayotganini ma’lum qilgan.

«Sardor Bahrom Zoo» fermer xo‘jaligi rahbari Bahrom Inomov eksport taqiqlangani sababli bir qator muammolarga duch kelmoqda. U taqiq haqida Afg‘onistonga tuxum yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzmoqchi bo‘lgan paytda xabar topgan.

Tadbirkorning aytishicha, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ichki bozorda tuxumga bo‘lgan talabni to‘liq qoplash bilan birga, mahsulotining bir qismini chetga eksport qilib kelmoqda.

«O‘zim ishlab chiqarayotgan tuxumning 20 foizini eksport qilaman. Agar eksport to‘xtab qolsa, bu juda katta zarar yetkazishi mumkin. Agar foyda qilmasak va ishlab chiqarish hajmini aniq bilmasak, tovuqlarning sonini qisqartirishga va ularning bir qismini so‘yish uchun jo‘natishga majbur bo‘lamiz. Tuxumni omborda saqlash mumkin emas, tovuqlar sonini kamaytirish haqida o‘ylayapmiz”, degan u.

Bahrom Inomovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston tuxumni faqat Afg‘onistonga eksport qiladi, chunki mahsulotlar MDH mamlakatlari talablariga javob bermaydi.

Tadbirkor hozirda eksport shartnomasi tuzgan afg‘onistonlik hamkori oldida bajarilmagan majburiyatlari borligini aytmoqda: «Kelajakda sherik men bilan ishlashni istamaydi, chunki kelishuvga rioya qilinmayapti»

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi «Progress Parranda» korxonasining ma’lum qilishicha, kuniga o‘rtacha 55 ming dona tuxum ishlab chiqarilib, uning yarmi Afg‘onistonga yetkazib berilmoqda. Ammo eksport cheklovlari tufayli kompaniya tuxumni deyarli tannarxida sotishga majbur.

«Kecha biz narxlarni pasaytirdik. Bugun ham. Bungacha 1050-1100 so‘mdan sotgan bo‘lsak, hozir 900 so‘mga narxlar pasaydi. Samarqandda esa 800 so‘mdan sotilmoqda. Omborlarda mahsulot to‘planib qolayotganligi sababli ularni o‘z tannarxida sotishga majburmiz. Boshqa tadbirkorlar ham bundan jiddiy aziyat chekmoqda. Ko‘plab tuxum ishlab chiqaruvchilar kredit olgan, ammo narx keskin tushib ketgani sababli qarzlarini to‘lay olmaslik xavfi ortmoqda», degan «Progress Parranda» rahbariyati.

Ular korxonani yopish va boshqa biznesga o‘tish haqida o‘ylayotganligini qo‘shimcha qilib o‘tgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov bunday yopiq qarorlar qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish uchun emas, aksincha iqtisodiyotni o‘ldirishga xizmat qilishi mumkinligini ta’kidladi.

 O‘ylab o‘tirmay, tuxum eksporti taqiqini qilibsizlar, xo‘p, bu haqda hech qursa, jamoatchilikni, boring ana biznesni ogohlantirib qo‘yishning iloji yo‘qmi? Hamma ham sizlarning kabinetingiz eshigini tepib kirib, istalgan hujjatlarga, imtiyoz va preferensiyalarga qo‘l qo‘ydirib oladigan korchalon va oligarx yo do‘stlaringiz emas. Umuman o‘zi biron bir sohaga yo biznesga oid qarorlar chiqarishda o‘sha soha yo biznes vakillarini eshitish imkoni bormi? Chigitni viloyatdan chiqarishga taqiq qo‘yishdan avval klasterlar bilan, ip-kalava eksportini to‘xtatishdan avval tekstilchilar bilan muloqot qilsa bo‘ladimi? Chunki sizlar emas, aynan o‘shalar qo‘shilgan qiymat yaratayapti», deya yozdi iqtisodchi.

Davlat veterinariya qo‘mitasi esa tuxum eksportini taqiqlash haqidagi xabarlarni rad etmoqda.

«Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi shuni ma’lum qiladiki, tuxum eksporti bo‘yicha tadbirkorlarga og‘zaki yoki yozma taqiq qo‘yilmagan.

Shuningdek, tadbirkorlar tuxum import qiluvchi mamlakatlarning me’yor va tartiblariga muvofiq eksport qilishlari uchun cheklov o‘rnatilmagan», deyiladi qo‘mita xabarida.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi esa chetga tuxum sotish uchun cheklovlar joriy qilinganligini tasdiqladi.

«2021 yilning sentabr-dekabr oylarida respublika bo‘yicha tuxum narxi 19,6 foizga, ayrim hududlarda esa 20-22 foizgacha qimmatlashdi. Yilning qish mavsumida ushbu mahsulot narxiga qo‘shimcha bosim yuzaga kela boshlaydi.

Tuxum narxining oshishiga qish oylarida isitish xarajatlari oshishi va parrandachilik xo‘jaliklarida kasalliklarning avj olishi, tuxum berishga moslashgan tovuqlarning mavsumiy yangilanishi, ozuqa mahsulotlarining qimmatlashishi hamda kuz mavsumidan boshlab ushbu mahsulotga talabning ortib borishi (boshqa oylarga nisbatan 20-30 foizga oshadi) ta’sir ko‘rsatdi.

Bundan tashqari parrandachilik xo‘jaliklarida ozuqa bazasining yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar sababli ko‘plab xo‘jaliklardagi parrandalar soni umumiy hisobda 1 milliondan ortiq miqdorga kamaygan.

Global pandemiyaning davom etayotganligini, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining aholi xarid qobiliyatiga ta’sirining yuqoriligi, shuningdek ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlashning muhimligini inobatga olgan holda tuxum eksportiga nisbatan kiritilgan cheklov vaqtinchalik chora hisoblanadi», deyladi vazirlik bayonotida.

Kun.uz ushbu holat yuzasidan o‘z surishtiruvini olib bormoqda. 

Mavzuga oid