O‘zbekiston | 19:31 / 11.01.2022
6840
4 daqiqa o‘qiladi

Islomda bola huquqlari va yo‘l harakati fiqhiga doir kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Bugun, 11 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlar idorasida alloma Muhammad ibn Mahmud Ustrushoniyning «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarining o‘zbek tilidagi ilk nashri hamda «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome’ masjidi imom-noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajidning «Yo‘l harakati fiqhi, shar’iy hukm va odoblar» kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: islom.uz
Foto: islom.uz

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, taqdirlash marosimida O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov, taniqli ulamolar, mudarrislar, Ichki ishlar vazirligi va IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari ham qatnashdi.

Foto: islom.uz

Ma’lum qilinishicha, islomda bola huquqlariga doir kitob muallifi Muhammad ibn Mahmud Majduddin al-Ustrushoniy XII asrning oxiri va XIII asrning birinchi yarmida Movarounnahrda yashab, yuksak ilmiy salohiyati bilan fiqh ilmining rivojiga munosib hissa qo‘shgan allomalardan biri hisoblanadi.

«Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari asosan voyaga yetmagan yosh bolalarning haq-huquqlariga bag‘ishlangan bu asar hozirgi zamon islomshunos va islom huquqi tarixi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun muhim manba bo‘lib qoladi.

Foto: islom.uz

O‘zbek tiliga o‘girilgan «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarida fiqhga oid yuzdan ortiq kitoblarda tarqoq holda berilgan bolalarga taalluqli shar’iy fatvolar yig‘ib, tizimlashtirilgan. Muallif buning uchun Hanafiy mazhabining o‘z davrigacha yashab, ijod etgan 120 dan ortiq faqihlarning fikrlarini mujassam qilgan. Shu jihatlari bilan bu mukammal asar hozirgi zamon islomshunos va islom huquqi tarixi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun muhim manba hisoblanishi bilan bir qatorda zamonaviy huquqshunoslik uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etadi, deydi mutaxassislar.

Shuningdek, taqdimotda Islom dinida yo‘l haqlari, yo‘l qoidalariga amal qilishning hukmi hamda yo‘l harakati fiqhiga oid muhim mavzularga O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib ilmiy yondashgan ahli ilmlardan Hasanxon Yahyo Abdulmajidning «Yo‘l harakati fiqhi, shar’iy hukm va odoblar» kitobi taqdim qilindi.

Kun.uz Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan Islom dinida yo‘l harakati qoidalari ahamiyati borasida suhbat uyushtirgan edi.

Suhbat davomida yo‘l qoidalariga amal qilishning hukmi, qoidalarni o‘rgatish bo‘yicha «avtomaktablar» va jamiyatning mas’uliyatlari, tezlikni oshirish oqibatida vafot qilgan shaxsning hukmi, YTH ishtirokchilari, guvohlar va mas’ullarning holati, qoidabuzarlarni rasmga olib yuborish hamda ayollar avtomobil haydashiga doir ko‘plab qiziqarli mavzular borasida fikrlar bildirilgan.

Kitoblar hamda videolavha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosalari asosida tayyorlangan.

Mavzuga oid