O‘zbekiston | 17:58 / 11.01.2022
17573
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent kimyo-texnologiya instituti «super-kontrakt»dan voz kechmoqchi

Foto: AOKA

Toshkent kimyo-texnologiya instituti kelgusi o‘quv yilidan boshlab «super-kontrakt»dan voz kechishni rejalashtirgan. Bu haqda Toshkent kimyo texnologiya instituti rektori Botir Usmonov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Institutga moliyaviy mustaqillik berildi. Endi to‘lov-kontrakt miqdorida o‘zgarish bo‘ladimi? Bu bo‘yicha qaror — 2022-2023 o‘quv yili uchun qabul qilinadi. Bu yil ikkinchi semestr uchun narxlar o‘zgarmaydi. 

Biz keyingi yildan boshlab super-kontraktga talaba qabul qilishdan voz kechishga harakat qilamiz. Chunki biz ta’lim sifatiga asoslangan «brend» yaratishni maqsad qilganmiz. Shu bois faqat iqtidorli va ishlab chiqaruvchilarga ma’qul keladigan nomzodlarni talabalikka qabul qilamiz», deya ta’kidladi rektor. 

Shuningdek, moliyaviy mustaqillik berilgan institutda keyingi o‘quv yilidan to‘lov-kontrakt miqdori oshishi mumkin. Ammo bu faqat yangi qabul qilinadigan 1-kurs talabalariga taalluqli bo‘ladi. Institutning 2-4-kurs talabalarida kontrakt miqdori o‘zgarmaydi.

Mavzuga oid