Jamiyat | 13:47 / 13.01.2022
26654
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonlik frilanser – “3 000 – 4 000 AQSh dollari topyapman”

“Digital Uzbekistan” loyihasining navbatdagi suhbatdoshi Jasurbek Nabijonov bo‘ldi. Andijonlik suhbatdoshimiz 2019 yil Toshkentdagi Inha universitetini tamomlagan. Bugungi kunda u frilanserlik ortidan 3 000 – 4 000 AQSh dollarigacha daromad topmoqda.

Maktab davridan boshlangan

Dasturlash sohasiga maktab davridan qiziqish paydo bo‘lgan. O‘sha vaqtlar kompyuter, xususan veb-saytlar yaratishga qiziqqanman. Bu qiziqish meni 2015 yil Toshkentdagi Inha universiteti tomon yetakladi. Oliygohda dasturlash bo‘yicha chuqur fundamental bilimlar berilgan. Universitetda o‘qish davridayoq turli tashkilot va firmalarda dasturchi bo‘lib ishlaganman. O‘qishni bitirgach ham bir-ikki yil turli startaplarda ishlab yurdim.

Pandemiyadan oldin YouTube’da bir video ko‘rib qoldim. Unda bir rus frilanseri AQSh kompaniyasida ishlab soatiga 100 dollar topayotgani aytilgan. Bu frilanserlikka qiziqishimni yanada oshirdi. Karantinda esa ishlash onlayn bo‘la boshladi. Men ham firmadagi ishimni tashlab frilanserlikka o‘tib ketdim. Keyinchalik “StreamLayer” kompaniyasiga ‘Frontend developer’ bo‘lib ishga kirdim va hozir ham kompaniyada faoliyatimni davom ettiryapman.

Hozir 3 000 – 4 000 AQSh dollari topyapman

Dasturlash sohasiga kirib kelishda dastlab jarayon biroz qiyin kechadi. Ammo vaqt o‘tgan sari o‘z ustingizda ishlab tajribangizni oshirish natijasida faoliyat osonlashadi. Menda ham shunday bo‘lgan. Tajribamni oshirish uchun talabalik vaqtlarim turli kompaniyalarda stajirovka qilib yurganman. Ulardan biri “No media technologies” kompaniyasi edi. O‘qishni bitirib “Devo park” kompaniyasida ishladim. U yerda turli dasturlar yaratish bilan shug‘ullanganman. Undan so‘ng Chexiya kompaniyasida 9 oy davomida ishladim.

Toshkentda ishlab yurgan kezlarim o‘rtacha 500 AQSh dollari miqdorida maosh olardim. Hozir uyda turib frilanserlik ortidan o‘rtacha 3 000 – 4 000 AQSh dollari topyapman.

To‘liq videoni Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.

Ufora Habibullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi — Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid