O‘zbekiston | 21:38 / 14.01.2022
24190
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga kirishda ekspress-test deyarli barcha uchun majburiy bo‘ldi. Qozog‘iston bilan chegara qisman yopilmoqda

15 yanvardan boshlab O‘zbekistonga kirib kelayotgan aksariyat fuqarolar ham oldindan PZR-test topshirishi, ham kirib kelgach ekspress-testdan o‘tishi talab etiladi. Aeroportlarda ekspress-test narxi 5 dollar deb belgilandi.

Toshkent xalqaro aeroportidagi ekspress-test punkti / Foto: Kun.uz

Respublika maxsus komissiyasining 9 yanvar va 11 yanvardagi qarorlariga asosan, koronavirusning “omikron” shtammi tufayli 15 martdan boshlab O‘zbekistonga kirishda yangi tartib o‘rnatilgan.

Tashqi ishlar vazirligi axborotiga ko‘ra:

1. 15 yanvardan boshlab O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan fuqarolar (avtomobil harakati bundan mustasno) kirishidan kamida 48 soat oldin PZR usulida o‘tkazilgan koronavirusga salbiy test natijasini taqdim etishlari, shuningdek, O‘zbekiston hududiga kirishda koronavirus infeksiyasi mavjudligini aniqlash uchun ekspress antigen testini topshirishlari shart.

2. Qirg‘iziston hududidan chegara avtomobil o‘tkazish punktlari orqali kirib kelayotgan fuqarolar kirishidan kamida 48 soat oldin PZR usulida o‘tkazilgan koronavirus infeksiyasi bo‘yicha faqat salbiy test natijasini, boshqa chegaradosh davlatlar hududidan kirib kelayotgan fuqarolar esa koronavirus infeksiyasi mavjudligiga ekspress-antigen test topshirishlari kerak.

3. Shu bilan birga, 15 yanvardan boshlab O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan davlat chegarasini ikki davlat fuqarolarining kesib o‘tishi vaqtincha to‘xtatiladi. Quyidagi toifalarga mansub shaxslar bundan mustasno:

  • havo yo‘llari orqali kiruvchi barcha toifadagi fuqarolar;
  • vataniga qaytgan O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari (keyingi o‘rinlarda tomonlarning fuqarolari deb yuritiladi);
  • hukumatlararo kurerlik aloqasi xodimlari;
  • xalqaro yuk tashishni amalga oshiruvchi haydovchilar;
  • rasmiy (hukumat) delegatsiyalari tarkibida bo‘lgan shaxslar;
  • diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar xodimlari, shuningdek ularning oila a’zolari;
  • Qozog‘iston hududida joylashgan O‘zbekiston obektlari, shuningdek, O‘zbekiston hududida joylashgan Qozog‘iston obektlarga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar;
  • ushbu davlatlarda investitsiya loyihalari doirasida o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston, shuningdek Qozog‘iston fuqarolari;
  • O‘zbekistonda doimiy yashovchi Qozog‘iston fuqarolari, shuningdek, Qozog‘istonda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari;
  • o‘qish maqsadida tomonlarning fuqarolari;
  • og‘ir kasal bo‘lgan yaqin qarindoshlarini ko‘rish yoki yaqin qarindoshlarining dafn marosimlarida qatnashish maqsadida tibbiy maqsadlarda kiruvchi (ketayotgan) tomonlarning fuqarolari;
  • vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadlarini Qozog‘iston hududida va Qozog‘iston fuqarolarining O‘zbekiston hududida hamrohlik qilayotgan tomonlar fuqarolari.

Aeroportlarda ekspress-test narxi – 5 dollar

Uzbekistan Airports axborotiga ko‘ra, 15 yanvardan boshlab Davlat bojxona qo‘mitasi va Sanitariya-epidemiologiya xizmati O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarning qo‘nish zallariga ekspress-test punktlari faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Mamlakatga havo transporti orqali kirib kelgan barcha yo‘lovchilar koronavirus ekspress-testdan o‘tadi.

Test narxi 5 AQSh dollari ekvivalentida belgilangan bo‘lib, bu summa Markaziy bank kursi bo‘yicha so‘mda undiriladi. Talabalik guvohnomasini taqdim etgan talabalarga 50 foiz chegirma beriladi. I va II guruh nogironligi bor shaxslar uchun testlar bepul. 2 yoshgacha bo‘lgan bolalardan test olinmaydi.

Ekspress-test javobi taxminan 15 daqiqada chiqishi ma’lum qilindi. Test musbat natija ko‘rsatgan taqdirda fuqaro majburiy tartibda izolyatsiyaga yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid