Jamiyat | 12:50 / 17.01.2022
98751
2 daqiqa o‘qiladi

Murod Nazarov mehribonlik uyidan 9 nafar bolani farzandlikka oldi

“Dekabr oyida bizga bir deganda yana 7 qiz va 2 o‘g‘ilning ota-onasi bo‘lish baxti nasib etdi. Biz bunga 10 yildan beri harakat qilayotgan edik, bundan juda xursandmiz”, dedi tadbirkor Murod Nazarov Kun.uz bilan suhbatda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

16 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda taniqli tadbirkor Murod Nazarovning oilaviy surati va u mehribonlik uyidan 9 nafar qizni farzandlikka olib, endilikda farzandlari soni 14 nafarga yetgani haqida xabar tarqaldi.

Kun.uz muxbiri ma’lumot olish maqsadida Murod Nazarov bilan bog‘landi. Tadbirkor 9 bolani farzandlikka asrab olganini tasdiqlab, internetdagi xabarlarda biroz noaniqlik borligi, ularning ikki nafari o‘g‘il ekanini aytdi.

“Bunday ne’mat bizga bir oy avval in’om etildi. Bu ma’lumotni hozircha faqat yaqinlarimiz bilan baham ko‘rib, farzandlarimiz biror go‘zal natijalarga erishgan pallalarda ommaga ma’lum qilishni niyat qilgandik. Ammo kimdir yaxshi niyatda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilibdi.

Lekin tarqalayotgan ma’lumotlar biroz noto‘g‘ri talqin qilinibdi. Dekabr oyida bizga bir deganda yana 7 qiz va 2 o‘g‘ilning ota-onasi bo‘lishlik baxti nasib etdi. Biz bu holatga 10 yildan beri harakat qilayotgan edik, bundan juda xursandmiz”, dedi Murod Nazarov.

Bungacha tadbirkorning 3 qiz va 2 o‘g‘li bor edi. U endilikda Instagram sahifasidagi tanishtiruv izohini “14 nafar farzandning otasi” deya o‘zgartirgan.

Mavzuga oid