O‘zbekiston | 07:48 / 17.01.2022
15996
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish orqali 5 mlrd so‘mlik keshbek yig‘di

O‘zbekistonliklar xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish orqali qancha keshbek yig‘gani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

O‘zbekiston bo‘ylab 2022 yil 14 yanvar holatiga ko‘ra, 401 ming 604 ta xarid cheklari keshbek uchun «Soliq» mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, jami keshbek summasi 5 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Mobil ilovada 25 mingdan ortiq yangi foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan.

Shu bilan birga, cheklardagi ma’lumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatish, QR-kodli cheklarni bermaslik, boshqa shaxslarning cheklari hisobiga keshbekka ega bo‘lish kabi iste’molchilar huquqlarini poymol qiluvchi, keshbek amaliyotiga salbiy ta’sir etuvchi holatlar kuzatilgan. Savdo xodimlari tomonidan onlayn-NKM cheklarining nusxasini chop etgan holda xaridordan avvalroq ro‘yxatdan o‘tkazish holati ko‘p uchragan.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bir qator talablar o‘rnatilmoqda. Xususan, QR-kodli chek birinchi marta «Soliq» mobil ilovasida skanerlanganda iste’molchi tomonidan kiritilgan telefon raqami bilan ma’lumotlar bazasida avtomatik ro‘yxatga olinadi. Qayta skanerlanganda qurilma ekranida chek qaysi raqam orqali ro‘yxatga olinganini ko‘rsatuvchi eslatma paydo bo‘ladi.

Shuningdek, har bir fuqaro bir kunda bitta savdo nuqtasidan 5 tagacha chekni ro‘yxatga olish tartibi joriy etiladi. 6-chek ro‘yxatdan o‘tkazilganda qurilma ekranida kunlik limit tugagani to‘g‘risida eslatma paydo bo‘ladi.

Mavzuga oid