Jahon | 14:58 / 23.01.2022
18633
4 daqiqa o‘qiladi

«U emlanishdan ko‘ra kasallanishni afzal ko‘rgandi». Chexiyalik qo‘shiqchi o‘ziga qasddan kovid yuqtirdi va vafot etdi

Chexiyada Asonance folklor guruhi vokalisti Gana Gorka vafot etdi, u ataylab o‘ziga koronavirus yuqtirib olgandi - kasallikni boshdan kechirgach, jamoat joylariga tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘lishni ko‘zlagandi. 57 yoshli qo‘shiqchining o‘limi haqidagi ma’lumotni BBC’ga uning o‘g‘li tasdiqlagan.

Foto: JAROMÍR ZAJDA ZAJÍČEK

Gorka ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida koronavirusga musbat natija bergan testidan keyin asta-sekin tuzalib borayotgani haqida yozgandi, ammo u ikki kun o‘tib vafot etgan.

Qo‘shiqchining o‘g‘li Yan Rek infeksiya unda va otasida aniqlanganida Gorka o‘ziga ham koronavirus yuqishi uchun harakat qilgan. Rek va otasi to‘liq emlangan bo‘lgan, ammo dekabr oyi oxirida baribir virus yuqtirib olishgan. Gorka esa o‘zini ihotalash o‘rniga ular bilan birga yashashda davom etgan. Shu bilan birga, emlanishni xohlamagan.

«Bizning testimiz musbat natija bergach, u bir hafta muddatga izolyatsiya qilishi kerak edi, ammo u bizdan ayrilmadi», deydi Rek.

Qo‘shiqchi kasallikdan tuzalgach, Chexiyadagi tartiblarga ko‘ra, ayrim muassasalar, jumladan kinoteatrlar, bar va kafelarga kirish uchun talab etiladigan kovid-propuskka ega bo‘lmoqchi edi. Gorka o‘limidan ikki kun oldin sog‘ayib borayotgani haqida yozgandi. «Endi teatrga, saunaga va konsertga borishim mumkin bo‘ladi», deya yozgandi u.

O‘limi ro‘y bergan kun tongida qo‘shiqchi yaqinlariga o‘zini yaxshi his qilayotganini aytib, sayrga chiqish uchun kiyingan. Ammo birdaniga uning beli og‘rib qolgan va u yana to‘shakka qaytgan. «O‘n daqiqa o‘tib barchasi tugadi. U jon berdi», deya hikoya qiladi uning o‘g‘li.

«Fitna nazariyalariga ishonmagan»

Gana Gorka Chexiyaning eng eski guruhlaridan biri - Asonance folklor guruhi xonandasi edi. U kasallikni boshdan kechirib, cheklovlarsiz turli joylarga kirish imkoniga ega bo‘lish maqsadida o‘ziga virus yuqtirgan.

Yan Rekning aytishicha, uning onasi kantri va folk-musiqa ixlosmandlari orasida afsona edi. FAMILY PHOTO

Yan Rek onasi emlanmagan bo‘lsa-da, u virusning kelib chiqishi yoki vaksinalar borasida hech qanday konspirologik nazariyalarga tayanmaganini aytadi. «U shunchaki vaksinatsiyadan ko‘ra kasallanib immunitet hosil qilishni afzal ko‘rdi. U qandaydir mikrochiplar yoki shunga o‘xshash boshqa narsalar haqida gapirmagan», deya hikoya qiladi qo‘shiqchining o‘g‘li.

Uni vaksina olishga ko‘ndirishga urinish befoyda edi, bunday masalahatlar uning jahlini chiqarib yuborardi, deya qo‘shimcha qilgan Yan Rek.

U bu voqea ko‘proq odam vaksina olishiga sabab bo‘lishini istagan. «Agar ko‘z o‘ngingizda haqiqiy hayotdan misollar bo‘lsa, bu grafikalar va raqamlardan ko‘ra ishonchliroq bo‘ladi. Raqamlarni his qilish qiyin», degan u.

Chexiyada so‘nggi kunlarda kuniga 20-30 ming atrofida yangi kasallanish holatlari aniqlangan, shu vaqtgacha 2,7 milliondan ortiq kishi kasallikni boshdan kechirgan, 37 mingdan ortiq kishi kasallik qurboni bo‘lgan. Mamlakat aholisi 10,7 mln kishini tashkil etadi.

Yaqinda hukumat kasallik tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida yangi choralar joriy etgan, jumladan aholi yoppasiga test qilinishi boshlangandi. Shu bilan birga, kasallik alomatsiz kechgan hollarda ihotalanish davri 14 kundan 5 kunga tushirilgandi. Chexiyada katta yoshli aholining 63 foizi to‘liq emlangan - YeI mamlakatlarida emlangan fuqarolar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 69 foiz atrofida.

Mavzuga oid