O‘zbekiston | 07:33 / 24.01.2022
4069
2 daqiqa o‘qiladi

10 kunda koronavirus bo‘yicha "Call-markaz"ga murojaatlar soni ikki barobar oshdi - SSV

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2020 yil 16 martdan boshlab 1003 qisqa raqamli "Call-markaz" tashkil etilgan edi. Hozir bu yerda Toshkent davlat stomatologiya instituti bilan hamkorlikda 3 smenada ish olib borilmoqda. 

Foto: Kun.uz

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2022 yilning 1-20 yanvar kunlari "Call-markaz"ga jami 14 ming 112 ta murojaat kelib tushdi. 

Yangi yilning dastlabki 5 kunida o‘rtacha murojaatlar soni 300-400 tani tashkil etgan bo‘lsa, navbatdagi besh kunda ketma-ket o‘sish kuzatilib, 478 tadan 761 tagacha yetgan. 1-10 yanvar sanalarida "Call-markaz" dispetcherlari 4512 ta murojaatni qabul qilgan.

Yanvar oyining ikkinchi o‘n kunligidan boshlab esa bu ko‘rsatkichlar sezilarli darajada oshib, murojaatlar soni kuniga o‘rtacha 900-1000 taga yetgan. Oyning ikkinchi o‘n kunligida jami 9600 ta murojaat kelib tushgan. Bu, 1-10 yanvar kunlariga qiyoslaganda, 2 barobardan ziyod ko‘rsatkichdir. 

"Call-markaz"ga qo‘ng‘iroq qiluvchilarning katta qismi koronavirusning yangi shtammi belgilari, uni davolash yo‘llariga oid savollar bilan murojaat etmoqda”, deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid