O‘zbekiston | 08:28 / 25.01.2022
4843
2 daqiqa o‘qiladi

Besh oyda 1301 nafar bola mehribonlik uylari hisobidan chiqarildi

2021 yilning 9 avgust kunidan 2022 yilning 20 yanvar kuniga qadar 1301 nafar bola Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, Bolalar uylari va “SOS – bolalar mahallalari” hisobidan chiqarildi. Bu haqda Milliy gvardiya xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, shundan 124 nafari – bolalarning o‘z ota-onalari qaramog‘iga qaytarilgan; 139 nafari – bolalarning o‘z yaqin qarindoshlariga (amma, xola, tog‘a, amaki, buvi, buva) oila tarbiyasiga berilgan; 139 nafari – vasiylikka, homiylikka va oila tarbiyasiga (patronatga) berilgan; 640 nafari – tashkil etilgan 106 ta Oilaviy bolalar uylariga ota-ona qaramog‘iga berilgan; 188 nafari oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingani va 49 nafari voyaga yetgani uchun (18 yoshga to‘lgani) uy-joy bilan ta’minlanib, mehribonlik uylarini tark etishgan; 22 nafari “Muruvvat uylari”ga ko‘chirilgan.

Shuningdek, hozirda faoliyat yuritayotgan 106 ta oilaviy bolalar uylarini tashkil etgan fuqarolar turli kasb egalari bo‘lib, ularning 42 nafari mehribonlik uylarining tarbiyachilari, 20 nafari maktab o‘qituvchilari va direktorlari, 21 nafari ziyolilar, yirik tadbirkor va namunali uy bekalari, 23 nafari turmush o‘rtoqlari pedagog (psixolog) bo‘lgan hokimiyat va huquq-tartibot idoralari xizmatchilaridir. 

Ta’kidlanishicha, oilaviy bolalar uylari ota-onalarning mahallasida inoq va ibratli oila sifatida ijobiy tavsiflangani, farzandlarini yaxshi tarbiyalab, jamiyatda o‘rnini topishiga muvaffaq bo‘lgani, shuningdek bugungi kunda xonadonlarida keksa nuroniylari bo‘lgan oilalarning bolalar tarbiyasida muhim o‘rin tutishi hisobga olingan.

Mavzuga oid