O‘zbekiston | 10:55 / 28.01.2022
19361
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning demografik holati: aholi orasida kuzatilgan o‘lim va uning sabablari ma’lum qilindi

2022 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, hududlar bo‘yicha aholi zichligining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida, eng past ko‘rsatkichlar Navoiy, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan.

Foto: Getty Images

Davlat statistika qo‘mitasi 2021 yilgi O‘zbekiston Respublikasining demografik holati bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni e’lon qildi.

O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 35 mln 271,3 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 712,4 ming kishiga yoki 2,1 foizga ko‘paygan.

Jumladan, shahar aholisi soni 17 million 918,3 ming kishini, qishloq aholisi soni esa 17 million 353 ming kishini tashkil etgan.

Ma’lumot uchun: BMTning aholishunoslik jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga yer yuzidagi jami aholi soni 7 mlrd 875 mln kishini tashkil etgan. O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha 43-o‘rinda qayd etilgan.

Respublikada 2021 yilda tug‘ilganlar soni oldingi yilga nisbatan 63,4 ming kishiga yoki 7,5 foizga ko‘paygan, vafot etganlar soni esa 2020 yilga nisbatan 1,1 ming kishiga yoki 0,6 foizga kamaygan.

Shuningdek, qayd etilgan nikohlar soni 2020 yilga nisbatan 8,3 ming kishiga yoki 2,8 foizga, nikohdan ajrashganlar soni 11 ming kishiga yoki 39 foizga oshgan.

Joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublika doimiy aholisi sonining 31,2 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 57,6 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar va 11,2 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2022 yilning 1 yanvar holatiga 1 kvadrat kilometrga o‘rtacha 78,6 kishi to‘g‘ri kelgan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirilganda 1,6 kishiga ko‘proq (2021 yilda 1 kv.km.ga 77,0 kishi).

Hududlar bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, aholi zichligining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (8035,1 kishi), Farg‘ona (576,4 kishi) va Andijon (756,6 kishi) viloyatlarida, eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyati (9,3 kishi), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (11,7 kishi) va Buxoro viloyatida (49,1 kishi) qayd etilgan.

2021 yil davomida 905,2 mingta bola tug‘ilgan bo‘lsa, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 25,9 promilleni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan (24,6 promille) 1,3 promillega balandroq.

2021 yilning yanvar-dekabr oylarida 174,5 mingta o‘lim holati kuzatilgan bo‘lib, har 1000 aholiga o‘lim koeffitsiyenti 5 promilleni tashkil etgan hamda 2020 yilga nisbatan (5,1 promille) - 0,1 promillega kamaygan.

O‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida qayd etilgan o‘lim holatining 61,7 foizi – qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 7,8 foizi – o‘simtalardan, 6,7 foizi – nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 5,2 foizi – baxsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 4,1 foizi – ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 3,1 foizi – yuqumli va parazitar kasalliklardan, 11,4 foizi esa boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Mavzuga oid