O‘zbekistonda qaysi turdagi jinoyatlar ko‘paygani ma’lum bo‘ldi
Oliy sud axborotiga ko‘ra, 2021 yilda talonchilik jinoyatlari 2020 yilga nisbatan 1,8 baravarga, talon-toroj qilish holatlari esa 1,5 baravarga ortgan. Nomusga tegish jinoyatlari 13,5 foizga oshgan. Poraxo‘rlik, o‘g‘rilik va bosqinchilik kabi jinoyatlar soni o‘rtacha 1,5 barobarga oshgan. Bunda 2020 yili pandemiya sabab ishlarning sudlarda ko‘rilishi 2021 yilga ko‘chgani ham raqamlarga ta’sir ko‘rsatgan.
O‘zbekiston Oliy sudi matbuot anjumani o‘tkazib, 2021 yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Oliy sud raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ikrom Muslimovning ma’lum qilishicha, respublika sudlari tomonidan 2021 yilda jami 61 263 nafar shaxsga nisbatan 47 657ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Shulardan 45 010 nafar shaxs sudlangan bo‘lsa, 13 713 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari taraflarning yarashgani munosabati bilan tugatilgan.
Bundan tashqari, 2021 yilda jami 932 nafar shaxs (115 nafari qatag‘on qurbonlari) oqlangan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2017 yildan shu kunga qadar 3 702 nafarga yetgan.
2021 yilda jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning 9,9 foiziga jarima, 1,2 foiziga majburiy jamoat ishlari, 28,8 (27,6) foiziga axloq tuzatish ishlari, 28,7 foiziga ozodlikni cheklash, 28,7 foiziga ozodlikdan mahrum qilish, 0,05 foiziga boshqa jazolar tayinlangan bo‘lib, 2,7 foizi shartli hukm qilingan.
2021 yilda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha 527 740 nafar shaxsga nisbatan 428 869ta ish ko‘rib chiqilgan bo‘lib, 2020 yilga nisbatan ko‘rilgan ma’muriy ishlar soni 25,6 foizga oshgan.
Sud amaliyoti tahliliga ko‘ra, 2021 yilda 2020 yilga nisbatan quyidagi jinoyat turlari oshgan:
— qasddan odam o‘ldirish (16,7 foizga), qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘irlikdagi shikast yetkazish (61 foizga), nomusga tegish (13,5 foizga), bosqinchilik (59,3 foizga), talonchilik (1,8 baravar), o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (1,5 baravar), o‘g‘rilik (66,2 foizga), poraxo‘rlik (56,9 foizga), harakat xavfsizligi qoidalarini buzish (28,7 foizga), transport vositalarini olib qochish (39,2 foizga), bezorilik (87,6 foizga).
2021 yilda 2020 yilga nisbatan quyidagi jinoyat turlari kamaygan:
— aliment to‘lash (10,8 foiz), valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish (24,5 foizga), chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish (68,4 foizga), kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish (83,3 foizga).
Ma’muriy huquqbuzarliklar orasida transport vositalari haydovchilarining jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazishi (55,4 foizga), savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish (7,6 baravarga), mayda bezorilik (35,1 foizga) kabi huquqbuzarliklar soni oshgan.
Noqonuniy tadbirkorlik faoliyati (66,4 foizga), epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish (55,1 foizga), elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish (86,4 foizga), litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish (87,3 foizga) kabi huquqbuzarliklar soni keskin kamaygan.
2020 yilda jami 62 081 ta jinoyat ro‘yxatga olingan, 2021 yilda bu raqam 111 082 taga yetgan.
Ikrom Muslimov 2021 yilda ko‘rib chiqilgan ma’muriy va jinoiy ishlar sonining ortganini huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga huquqbuzarlik va jinoyatlar haqida kelib tushayotgan xabarlar qayd qilinishida inson omiliga chek qo‘yilib, xabarlarni elektron ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yilgani va 2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘plab jinoyat ishlarini ko‘rish kechiktirilgani bilan izohladi.
Mavzuga oid
11:34 / 09.12.2024
“Ozodlikning qadrini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi” - afv etilganlar hikoyasi
11:24 / 06.11.2024
IJQKDning iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi vakolatlari aniqlashtiriladi
11:12 / 29.10.2024
8 yilgacha qamoq jazosi – Jinoyat kodeksiga «lixoradchik»lar uchun alohida modda kiritildi
21:29 / 27.09.2024